Xivada ilk bor “Gilamlar jilosi” xalqaro ko'rgazmasi ochildi
Dam olish kunlari Xiva shahri yanada gavjum. “Arda Xiva” majmuasida bo'lib o'tayotgan “Gilamlar jilosi” xalqaro ko'rgazmasi uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar ko'zini quvontirmoqda.
Xorazmda ilk bor o'tkazilayotgan ushbu tadbirda xorijdan va mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan gilamdo'zlar, hunarmandlar o'z mahsulotlari bilan qatnashmoqda. Shuningdek, ko'rgazmada eron, afg'on, ozarbayjon, qirg'iz, qozoq, turkman gilamlari ham joy olgan.
Tadbir doirasida “O'zbekiston gilamdo'zligi: an'ana va innovatsiya” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya tashkil qilindi. Mohir gilamdo'zlar ishtirokida mahorat darslari o'tkazildi.
Tadbirlarning ikkinchi kunida “Ichan qal'a”dagi “Ipakchilik muzeyi” va mohir gilamdo'zlar ustaxonalari bilan tanishish belgilangan.
Xorazm xalfachiligi va etno-dizaynerlarning liboslar namoyishi uyg'unlashgan kontsert dasturi, xalq sayli, kurash musobaqasi, dorbozlar, qo'g'irchoqbozlik va hunarmandlik buyumlari namoyishlari tadbir shukuhini oshirmoqda.
Anjumanda ta'kidlanganidek, gilamlar xalqimizning asrlar osha avloddan-avlodga o'tib kelayotgan moddiy-ma'naviy boyligi. Ularda xalqimizning tarixiy xotirasi, olamni idrok etish falsafasi va madaniy hayoti mujassam. Maqsad ana shu yuksak merosni asrab-avaylash, rivojlantirish va dunyo miqyosida targ'ib etishdir.
Muhabbat To'raboeva, ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0