Pulli yo'llar kim uchun qurilyapti?
Keyingi yillarda transport infratuzilmasi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Ushbu masala bo'yicha Prezidentning tegishli qaror va farmonlari qabul qilindi. Ularda avtomagistral' yo'llarni yangilash va xalqaro standartlarga moslashtirish vazifalari belgilab qo'yildi.
Shu jarayonlarda ilk bor pulli avtomagistrallar tizimi joriy etilayogani, ayni yo'nalishda ikkita katta loyiha rejalashtirilayotgani ma'lum bo'ldi. Prezidentimizning tegishli qaroriga binoan, 2024 yilda Toshkent – Samarqand, shuningdek, 2026 yilda Toshkent – Andijon yo'nalishida qurilishi kutilayotgan yo'llar shular jumlasidan.
Yaqinda Qonunchilik palatasi majlisida «Avtomobil' yo'llari to'g'risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o'qishda ko'rib chiqilib, Senatga yuborildi. Unda «avtomobil' yo'llarini rejalashtirish» mexanizmini joriy etish, yo'l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, yo'llarni loyihalashtirishda aholi fikri va yo'llarning atrof-muhitga ta'sirini inobatga olish, hamda piyodalar uchun to'siqsiz muhitni yaratish bo'yicha qat'iy talablar o'rnatilib, kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo'llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti ham kiritilmoqda. Yo'llarda katta hajmli va og'ir vaznli transport vositalari harakatlanishini tartibga solish, qolaversa, ajratilgan va yo'lbo'yi mintaqalarida xizmat ko'rsatish ob'ektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda.
Qonun loyihasi bilan pulli yo'llar tarmog'ini barpo etishning huquqiy asoslari ham yaratilyapti. Pulli avtomobil' yo'llarini qurishga faqatgina muqobil bepul harakatlanish yo'li mavjud bo'lgandagina ruxsat berilishi taklif etilyapti. Shu bilan birga, pulli avtomobil' yo'lida harakatlanish uchun to'lov miqdori avtomobil' yo'llari foydalanuvchilarining ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlari qanoatlantirilishini hisobga olgan holda, moddiy jihatdan o'zini oqlaydigan bo'lishi lozimligi nazarda tutilyapti.
Loyihadagi normalar yo'l sifatini yaxshilash orqali mavjud avtomobil' yo'llari tarmog'ini uzoq vaqt soz holda saqlab turish, pulli yo'llar tarmog'ini barpo etish, sohaga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga xizmat qilishi aytilmoqda.
Avtomobil' yo'llari qo'mitasi yuriskonsulti Hasan Umarovning ma'lum qilishicha, O'zbekistonda tashkil etiladigan pulli yo'llarda 150 km. soatgacha tezlikda harakatlanishga ruxsat berilishi mumkin. Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon pulli yo'llari qurilishi ishlari 2026 yilda boshlanadi va 5-6 yilda ular foydalanishga topshiriladi. Toshkent – Samarqand yo'lining uzunligi 300 km, tasmalar soni 6 ta bo'ladi. Ishlar 2028 yil oxirigacha yakunlanadi, so'ngra boshqaruv davlat xususiy sheriklik asosida xususiy tadbirkorga o'tkaziladi. Uning dastlabki qiymati 2,2 milliard dollarni tashkil etadi.
Bir qarashda belgilangan vazifalar dolzarb, maqsad xayrli. Tegishli qaror va hujjatlarda hammasi badastir. Ammo yangi loyiha atrofida ba'zi tushunmovchilik va savollar ham bor. Ularga oydinlik kiritilishi lozim.
Yangi yo'llar quriladimi yoki mavjudlari pulli qilinadimi?
Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, hozircha ikki yo'nalishdagi stsenariy, ya'ni yangi, zamonaviy tezlikda harakatlanadigan avtomagistrallar qurish (masalan, Toshkent – Samarqand va Toshkent – Andijon), mavjud yo'llardan ayrimlarini rekonstruktsiya qilib, ularga «pulli yo'l» maqomini berish ko'zda tutilyapti.
Birinchi variant iqtisodiy jihatdan juda qimmat bo'lishi mumkin, lekin shunga yarasha to'liq yangi infratuzilma yaratiladi. Ikkinchi variant esa arzonroq, biroq bahsli. Сhunki yillar davomida xalqning soliqlari evaziga qurilgan yo'llarni pulli qilish fuqarolar manfaatiga batamom zid. Ta'bir joiz bo'lsa, bu adolatning yuziga oyoq qo'yish bilan barobar.
Ochiqlangan rejalar bo'yicha asosiy magistrallar (Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon) yangi yo'l sifatida quriladi, lekin loyihalarning ba'zi qismlarida (masalan, Samarqand atrofida) mavjud trassalardan ham foydalanish mumkinligi aytilyapti. Shu o'rinda «Eski yo'lni ta'mirlab pulli qilish – modernizatsiyami yoki xalqdan ikki karra haq olishmi?», degan haqli savol tug'ilishi tabiiy. Shunday ekan, bir haqiqatni unutmaslik joiz: pulli yo'l tizimi faqat bir shartda, ya'ni parallel ravishda sifatli, bepul yo'llar ham saqlansa, samarali bo'ladi. Aks holda, xalq navbatdagi majburiy to'lovga duch kelishi tayin gap.
Yangi yo'llar qishloq yerlari va tabiiy hududlardan ham o'tishi tabiiy. Bu fermerlar uchun yer muammosi, ko'chirish ishlari va ekologik muammolarni keltirib chiqarishini ham unutmaslik darkor. Ayrim loyihalarda bu omil yetarlicha hisobga olinmagani haqida ekspertlar (jumladan, transport iqtisodchilari) ogohlantiriishmoqda. Ayniqsa, Toshkent – Andijon yo'nalishida Qamchik tog'lari orqali o'tadigan magistral' yo'l ekologik xavfsizlik nuqtai nazaridan juda nozik hudud hisoblanadi. Qurilish vaqtida tuproqning sho'rlanishi, suv oqimining o'zgarishi va boshqa xavf-xatarlar haqida lom-mim deyilmaydi.
Yana bir masala. Hukumat pozitsiyasiga qaraganda, pulli yo'llar davlat byudjetiga ortiqcha yuk bo'lmasdan, xususiy sarmoya hisobiga quriladi. Amalda esa bu tizimda xavflar yo'q emas. Shunday loyihalarning aksariyatida tenderlar ochiq e'lon qilinmaydi. Bunga amaliyotda ko'p bor guvoh bo'lyapmiz. Bordi-yu, loyiha iqtisodiy jihatdan samara bermasa, yo'l operatori ko'rgan zarar davlatning gardaniga tushadi. Bu yana xalqqa qo'shimcha soliq deganidir.
Bugun aholining aksariyat qismi ishga xususiy avtomobilda yoki jamoat transportida qatnaydi. Pulli yo'llarda to'lov stavkalari yuqori bo'lsa, bu avtobus va taksi xizmati narxlari o'sishiga, demakki, oziq-ovqat va xizmatlar narxi ham oshishiga olib keladi. Bunday sharoitda davlat pulli yo'llarni joriy etish bilan birga, ijtimoiy differentsiyalangan tariflar, masalan, mahalliy aholi yoki xizmat transporti uchun qandaydir chegirmalar ishlab chiqishiga to'g'ri keladi.
Xorijiy tajriba: kimdan nimani o'rganish lozim?
Mutasaddilar biror yangilikni amaliyotga tatbiq etarkan, xorijiy tajribani dastak qilishga o'rganib qolishgan.
Xo'p, ushbu yo'nalishda qaysi xorijiy tajribadan nimalarni o'zlashtirgan ma'qul?
Frantsiyada dastlabki pulli yo'llar 1960 yilda foydalanishga topshirilgan. Barcha avtomagistrallar xususiy kompaniyalar tomonidan boshqarilsa-da, tariflar chegarasini davlat belgilaydi hamda yo'llarning sifati va xavfsizligi bo'yicha nazorat o'tkazadi. Eng muhimi, har bir pulli yo'lning muqobil varianti, ya'ni belgilangan standartlarga to'la javob beradigan bepul trassa mavjud. Demak, haydovchi tanlash – tezlik uchun to'lov yoki bepul yo'lda me'yoriy qoidalarga amal qilgan holda harakatlanish huquqiga ega.
Rossiyada pulli magistrallar 2010 yili sinov sifatida joriy etilgan bo'lib, Moskva – Sankt-Peterburg trassasida 1 km. uchun o'rtacha 2-3 rubl' to'lanarkan. To'lov punktlari elektron hisobga ulangan, tushgan mablag'ning 10-15 foizi yo'l ta'miriga yo'naltiriladi.
Qozog'istonda pulli yo'llar 2013 yili ishga tushirilgan bo'lib (Astana –Temirtau), ilk bosqichda yo'llarning sifati talab darajasida emasligi uchun jamoat noroziligi kuchaygan, to'lov tizimi ham noqulay, ya'ni chegirma va qulaylik tizimi yo'q edi. Shundan so'ng davlat 20 foiz chegirma, elektron to'lov va mahalliy aholi uchun imtiyozlar joriy etdi. Endilikda tizim asta-sekin samara bermoqda.
So'ngso'z o'rnida. To'g'ri, bizda bu kabi ijtimoiy mexanizmlar hali yangi bosqich va katta sinovlar oldida turibdi. Shu bois yetti o'lchab, bir kesish kerak. Aks holda, odamlar orasida “Pulli yo'llar elita uchun qurilyapti”, degan fikr shakllanishi ehtimoldan xoli emas. Loyihalar uch omilga muvofiq, ya'ni shaffoflik va jamoat nazorati (tender natijalari, shartnomalar va to'lov tariflari ochiq e'lon qilinishi shart), ijtimoiy adolat (mahalliy aholi va ijtimoiy zaif guruhlar uchun chegirma yoki bepul harakat tizimi bo'lishi kerak), ekologik hisob-kitoblar va alternativ yo'llar (yangi avtomagistral' qurilishi va eski yo'llar ta'mirlanib, bepul holda saqlanishi zarur) kabi masalalar inobatga olinsa, reja muvaffaqiyatli amalga oshadi. Aksincha bo'lsa, pulli yo'llar iqtisodiy modernizatsiya ramzidan ko'ra, yangi to'lov va norozilik manbaiga aylanishi mumkin.
Xullas, pulli yo'l qurilishi faqat asfal't va beton qorishmasi emas, balki xalq ishonchi, adolat hissi va shaffof boshqaruvning ko'zgusi bo'lishi zarur. Сhunki, zamonaviy transport tizimi faqat pulli yo'llar qurish bilan emas, ular ortidagi iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni hal etish bilan baholanadi.
G'ulomjon MIRAHMEDOV,
ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0