Xorijdagi vatandosh: "Koreyslar oiladan ham ishni ustun qo'yadigan xalq"
Suhbatdoshimiz sakkiz yildan beri Koreyada yashaydi. U turizm sohasida magistraturani tamomlagan va ayni paytda shu yo'nalishda mehmonxonada faoliyat yuritadi. Aytishicha, koreys tilini tez o'rgangan va madaniyatga moslashgan. Interv'yuda Koreya hayotining turli jihatlari, masalan, jamoat transporti madaniyati, taomlar, mehnat munosabatlari va ayollarga nisbatan ijtimoiy himoya tizimi haqida so'z yuritdi.
– Habiba, siz bilan yaqindan tanishib olsak, asli qaerdansiz? Koreyada qachondan beri yashayapsiz?
– Men Habiba Beshimova 1989-yil 1 oktyabrda Buxoro viloyati, Olot tumanida tug'ilganman. Ingliz tili yo'nalishida bakalavrni tamomlab, magistraturani Janubiy Koreyada turizmni boshqarish yo'nalishini tamomladim.
Koreyaga sakkiz yil oldin kelganman. Busan-Koreyaning turizm shahri. Shu yerda Dong-A universitetiga til kursiga qabul qilindim va bir yildan ko'proq koreys tili va madaniyatini o'rgandim. Dars ko'rsatgichlarim yuqori bo'lganligi uchun magistraturaga qabul qilindim. Koreyada ta'lim olish osonmas. Ota-onam hamisha qo'llab-quvvatlab turdi, ularning daldalari, ishonchi bilan yuqori natijaga erishdim. Ayniqsa, onajonim menga tinimsiz motivatsiya berib, o'qishim kerakligini ta'kidlardi.
Vatandan uzoqda ta'lim olishning o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Birinchi o'rinda sog'inch. Musofirlik har qadamda bilinadi. Onamning tandirda yopgan nonlari, oila davrasida barchamiz birga ovqatlanishimizni ko'p eslayman. Koreys tilida ilmiy ish qilishning o'z mashaqqatlari bor. Maqolalarim xorijiy jurnallarda ketma-ket chop etildi. Bir necha yillik tinimsiz izlanishdan so'ng turizm bo'yicha ilmiy ish yoqladim.
– Koreya davlati, madaniyati, tili, dini hayotga qarashlari biznikidan tubdan farq qiladi. Qanday qiyinchiliklarni boshdan o'tkazgansiz?
– Buxoroda iqtidorli bolalar internatida o'qiganman. O'sha paytdayoq ota-onamdan uzoqda ta'lim olganman. Shu bois begona muhitga moslashishim qiyin kechmagan, aksincha tez ko'nikaman. Janubiy Koreya davlati bilan yurtimizning madaniyati o'rtasida farqlar bor, lekin ovqatlanishdagi odoblar va jamoat transport madaniyatini solishtirganda o'xshashlik ko'raman. Koreya taomlariga ko'nikishga qiynaldim. Asosan dengiz o'ti kimning ichiga guruch va sabzavotlar solib tayyorlangan “KIMPAP” va bizning palovga o'xshagan “BIBIMPAP” tanovvul qilganman. Koreys tilini o'rganishda qiyinchilik ko'rmadim, sababi so'zlari uzun emas. Qisqa talaffuz qilinadi va yoziladi. Koreya ko'chalari odatda bir-biriga juda o'xshash va hamma binolarda koreyscha bino nomi va aniq manzil yozilgan. Ko'chalarda kuzatuv kameralari ko'pligi uchun o'zimni xavfsiz his qilaman. Adashib qolganimda koreyslardan manzil so'rasam, hattoki o'zlari shoshib turgan bo'lishiga qaramasdan meni manzilimga olib borib qo'ygan vaziyatlar ko'p bo'lgan. Keyinchalik bilsam ularga bu narsa bog'cha paytidanoq o'rgatilar ekan. Transport madaniyatiga kelsak, avtobus va metroda qariya va nogironlar uchun sariq o'rindiq, homilador ayollar uchun esa pushti o'rindiqlar bor.
Koreyaga kelganimda Inchon aeroportidan Busan shahriga borish uchun avtobusga chipta olganman. Quyosh hali chiqmagan, tong endi yorishib kelayotgan edi. Sumkalarim og'ir edi, o'shanda koreys talaba musofirligimni bilib, o'qishim oldigacha menga yordam berib kelgan. Keyinchalik bilsam koreyslar chet elliklar nazarida yaxshi taassurot qoldirish uchun oilada ham o'rgatilar ekan. Bu holat albatta meni quvontirgan.
– Koreys ovqatlari bu alohida mavzu. Rang-barang oshxonasi haqida so'zlab bering.
– Koreys milliy taomlari haqiqatda o'zgacha. Eng mashhur va boshqa millatlar ham sevib iste'mol qiladigani haqida so'zlayman. Ulardan biri kimchi salati. Koreyada uning 300 xildan ortiq turi tayyorlanadi. Ta'mlari bir-biridan farq qiladi. Menga asosan koreyslarning kimpap va bibimpap milliy taomi yoqadi. Uy sharoitida koreyslar asosan dengiz o'tlari va mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar tayyorlaydi. Aytgancha, ramyon-bizda rollton ham ancha mashhur. O'zbekistondan kelgan yurtdoshlarimiz bu yerning taomlariga 2-3 yilda ham o'rgana olmaydi. Asosan guruchli ovqatlarini tanovul qilishadi.
– O'zbek muhojirlarimiz Koreyada asosan qanday ishlarda ishlashadi?
– Koreyada ingliz tilida so'zlashuvchilar kam, shu bois kelishingizdan avval biroz bo'lsada koreys tilini o'rganib keling. Koreyada ishlashingiz uchun siz mutaxassis bo'lishingiz shart emas. Sizga yetaklovchi (koreyscha terinim)10 daqiqa davomida ishni qanday bajarilishini ko'rsatadi va siz qolganini eplab ketishingiz kerak. Xorijliklar asosan zavod-fabrikalarda, tilni yaxshi bilganlar davlat ishlarida ishlashi mumkin. Har qanday sohada o'zbek mutaxassislarini uchratish mumkin. Zo'r kar'era qilgan yurtdoshlarimiz ham talaygina. Bir nechta tilni bilgan yurtdoshlarimiz nufuzli tashkilotlarda tarjimonlik bilan shug'ullanadi.
– Bugungi kunda Koreyaga ketish, viza olishning qanday turlari bor?
– O'zbekiston Respublikasi fuqarolari Janubiy Koreyaga quyidagi yo'llar bilan kirishi mumkin:
Tijorat vizasi – C-2
Umumiy qisqa muddatli mehmon vizalar – C-3
Talaba vizasi D4-1(Til kursi) D-2(bakalavr,master,doktorlik)
Tashrif vizasi – F-1
Ayoli yoki farzandi yashash uchun ruxsatnoma vizasi– F-3
Boshqa maqsadlar uchun beriladigan viza – G-1 turi
Ko'p martalik tashrif buyuruvchi vizasi -H-2
Biznes vizasi - D-8
Ishchi viza -E-7; E-9
Oila qurish -F-6
Va boshqa F-5; -F-4 viza turlari bor.
– O'zingiz qanday ishlarda ishladingiz va ayni paytdagi faoliyatingiz…
– Koreys tilini yaxshi o'rganganimdan so'ng, mashinalarni sug'urtalash kompaniyasida avval tarjimon, keyinchalik esa avariyalarni ro'yxatga olish, sug'urta xizmatlarini bajarish kabi ishlarni amalga oshirdim. Asosiy faoliyatim hujjatlar bilan ishlash va tarjimonlik edi. Hozirda turizm yo'nalishida ishlayman.
– Koreyada ishlab qancha daromad topish mumkin?
– Janubiy Koreyada hozirda eng kam ish haqi soatiga 9,860 won qilib belgilandi. Bu taxminan 7 AQSh dollari yoki 90.000 ming so'mga teng. To'lanadigan summa ish turi va holatiga qarab oshishi mumkin va ba'zi qiyinroq bo'lgan ishlarda eng kam ish haqini ikki barobari to'langan holatlar ham bor. Ya'ni 1300 AQSh dollardan boshlanib, 2500 ming AQSh dollarigacha yoki undan ortiq topishlari mumkin. Agar yaxshi mutaxassis bo'lsangiz, har yerda qadr topasiz.
– Koreyslarning qaysi odatlariga ko'nikishingiz qiyin bo'ldi?
– Jamoat joylarida o'zi bilan gaplashib ketayotganlarni ko'p uchratish mumkin. Yillar davomida tushundimki, ish davomidagi stress ularni shu ahvolga solib qo'yar ekan. Koreyslar yoshlikdan ishiga sodiq bo'lib ulg'ayadi. Bu borada bog'cha va maktabda ko'p targ'ibot ishlari olib boriladi. Bilasizmi, men hayratda qolganim koreyslar ishiga shu darajada berilganki, hatto yaqin insoni misol uchun ukasi yoki singlisining to'yi bo'lsa ham, agar ishxonasidan javob bo'lmasa quvonchli kunida yonida bo'la olmaydi. Konvertda sovg'asini pochta orqali jo'natib yuboradi. Balki shuning uchun ham bu davlatda rivojlanish kattadir. Yana bir hayratlanganim ularning hayotida sport va sog'lom ovqatlanish muhim ahamiyat kasb etadi. Koreyslar piyodalar yo'lagidan ketayotganda va svetoforning yashil chirog'i yonishishini kutganda ham mashq bajaradi.
– Ta'lim tizimi haqida ham suhbatlashsak…
– Bu men kutgan asosiy savollardan biri. Sababi yaqinda yurtimizga borib, bu yerda o'rgangan ta'lim tizimimizning yaxshi taraflarini qo'llamoqchiman. Janubiy Koreyaning ta'lim tizimi boshqa rivojlangan davlatlarga nisbatan raqobatdosh va samaralidir. Koreyada bolaning dastlabki yillaridan to o'rta maktabdagi so'nggi yiligacha o'quv jarayoni aniq nazorat ostida. Jismoniy tarbiya e'tiborga olinmaydi, chunki bunga ta'lim sifatida qaramaydi. Ingliz tili va aniq fanlarga ustunlik beriladi. Janubiy Koreya boshlang'ich maktablardan to universitetlarigacha bo'lgan barcha ta'lim muassasalarida yuqori tezlikdagi internetga ulangan ilk mamlakat. O'quv yili ikki semestrga bo'lingan. Birinchisi mart oyida boshlanadi va iyul' o'rtalarida tugasa, ikkinchisi avgust oyining oxirida boshlanadi va fevral o'rtasida tugaydi. So'nggi o'n yil davomida Janubiy Koreya Osiyoda tahsil olayotgan talabalar uchun eng mashhur yo'nalishlardan biriga aylangan. To'qqiz yillik majburiy ta'lim, jumladan, olti yillik boshlang'ich maktab va uch yillik o'rta maktab bor. Janubiy Koreya maktabgacha ta'lim muassasalari 5 yoshdan 7 yoshgacha bo'lgan bolalarni har tomonlama barkamol shaxs etib tarbiya berishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Bu vazifalarni bajarish Inson potentsiali rivojlanish va Ta'lim vazirliklari tomonidan nazorat qilinadi. Koreya bog'chalarida bolalarga jamiyatda o'zini qanday tutish va ota-ona, ustozlarga hurmat bilan muomala qilish, ovqatlanish madaniyati, jamoat joyida transportda o'zini tutish, navbatda turish, kimgadur turtinib ketsa, birinchi bo'lib uzr so'rash, boshqani mol-mulkiga ko'z olaytirmaslik, egasi bo'lmasa ham boshqani narsasiga tegmaslik, atrof-muhitni toza saqlash, axlatlarni ko'chaga uloqtirmaslik kabi odoblar ham ta'limga qo'shib o'rgatiladi.
– Mehnat munosabatlari haqida ham bizga so'zlab bersangiz, xodimlarning haq-huquqlari qay darajada himoyalangan?
– Koreyada mehnat munosabatlari juda yaxshi o'rnatilgan. Misol uchun davlat ishiga kirsangiz, bir yilda 11 kun ish haqi saqlangan ta'til olishingiz mumkin. Har yili bir kundan qo'shilib boradi. Ish vaqti 9:00 dan 18:00 gacha. Agar ish vaqtidan tashqari ishlasangiz, ish haqi yuqoriroq to'lanadi. Ishda kar'era oshib boraveradi. Yangi bilimlar o'rganib boraman deganlarga, ishxona qulay sharoit yaratadi.
– Koreyada ayollarning haq-huquqlari, bola huquqlari ijtimoiy himoyalanish qay darajada himoyalangan?
– Ayollar uchun imkoniyatlar juda yaxshi. Ayol kishi homilador bo'lsa davlat kasalxona xarajatlariga yetarli darajada hisobingizga pul o'tkazib beradi.Koreyada ayollar maslahat markazlari ya'ni qiyin ahvolda qolgan ayollarga, depressiyaga tushgan, oilada tazyiqqa uchrayotgan ayollar uchun markazlar xizmati yaxshi yo'lga qo'yilgan. Yolg'iz onalar doim e'tiborda. Sababi yolg'iz ona farzandini stress qilmay katta qilishi shart! Bu uchun davlat barcha yordamni ko'rsatishga tayyor! Agar ozgina tushkunlikka tushsangiz, uyingizga o'zingiz va bolalaringizga sovg'a-salom bilan kelishib, ko'nglingizni ko'taradi. Ayollar uchun turli xildagi sport mashg'ulotlari va bolalar uchun turli to'garaklar va darslar bepul yo'lga qo'yilgan.
– Koreya davlatiga sayohatga bormoqchi bo'lganlarga qaysi shaharlarini tavsiya qilasiz?
– Sayyohlar birinchi o'rinda Seulga va Pusanga borishadi. Koreyada dengiz ko'p. Manzarasi kunduzi ham kechasi ham chiroyli. Eng chiroylisi Сhedju oroli. Uning tungi ko'rinishi dunyodagi eng go'zal shaharlar ro'yxatida turadi. Yoz va boshqa oylari o'zbeklar ko'p tashrif buyurishadi.
Feruza RAHIMOVA,
ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0