20 ming bayker, “Betmen bola” va Bahodir Jalolov: ezgulikka chorlovchi aktsiyalar
Bugun dunyo turli taloto‘plar ichida qoldi. Jinoyatchilik, giyohvandlik va boshqa salbiy holatlar ko‘paydi, tinch-totuv davlatlar ham o‘zaro urushib ketmoqda. Sunʼiy ong taraqqiy etgan asrdagi bu hodisalar kishi dilini xira qiladi. Ammo umid beruvchi omillar ham ko‘p. Bu ham bo‘lsa insonlar qalbida rahm-shafqatning mavjudligi. Bir necha yil avval Germaniyada umrining so‘nggi kunlarini yashayotgan bola sharafida minglab mototsiklchilar ko‘chaga chiqqandi. Ha, birgina bolajonning quvonchi uchun. Bunday voqealar, dunyoda yaxshilik borligini, kelajak umidli ekanini ko‘rsatadi.
Kilian Saas ismli olti yoshli bola mototsikl va motokrossni juda yaxshi ko‘rardi. U Germaniyaning Rauderfen shahrida yashardi. Unga limfoma tashxisi qo‘yilgan va tez orada vafot etishi mumkin edi. Bolakayning oilasi uning so‘nggi istagini amalga oshirishni xohladi - mototsiklchilar ularning uylarining yonidan o‘tib, baland ovozlar chiqarishini kerak edi, u esa mototsikllarning ovozini yaxshi ko‘rardi.
Kilianning otasi mahalliy mototsikl klubining aʼzosi edi. Oila ijtimoiy tarmoqlarda kamtarona iltimosnoma joylashtirdi va yaqin atrofdagi okruglardan taxminan 20-30 mototsiklchi kelib, bolani qo‘llab-quvvatlashiga umid qildi. Biroq, bu tashabbus tezda tarqalib, Germaniya va boshqa Evropa mamlakatlariga #KrachfürKilian (“Kilian uchun gulduros”) xeshtegi ostida tarqaldi.
Oxir-oqibat, Germaniyaning turli shaharlari va qo‘shni mamlakatlardan kelgan 15 000 ga yaqin mototsiklchi (ayrim manbalarda 20 ming ham deyiladi) bu chaqiriqqa javob berdi. Ular uch soatdan ortiq davom etgan, taxminan to‘rt mil uzunlikdagi ulkan mototsikl paradini o‘tkazdilar. Mototsiklchilar signal chalishdi, qo‘l silkitishdi va Kilianning uyi yaqinidagi ko‘chalarda yurishdi.
Uning oilasi Kilianning so‘nggi kunlarida juda baxtli bo‘lganini va o‘sha minglab mototsiklchilarning qo‘llab-quvvatlashi unga ruhiy xotirjamlik berganini aytishgan. Afsuski, Kilian bu voqeadan taxminan bir oy o‘tgach vafot etdi. Uning hikoyasi insoniy birdamlik va mehr-oqibat ramziga aylandi. Baykerlar jamoasida va ijtimoiy tarmoqlarda u hali ham “Kichik chavandoz” sifatida esga olinadi va “Krach fur Kilian” kampaniyasi Germaniya tarixidagi shaxsni qo‘llab-quvvatlashning eng katta ommaviy namoyishlaridan biri hisoblanadi.
Shunga o‘xshash ezgu aktsiyalar dunyoning boshqa chekkalarida ham bo‘lib o‘tgan. 2013 yilda 5 yoshli amerikalik Maylz Skott (leykemiya bilan kasallangan) Betmen bo‘lishni orzu qilishini aytadi. Make-A-Wish fondi va San-Frantsisko meriyasi butun shaharni bir kunga “Gotem Siti”ga aylantirishadi. Natijada 12 000 dan ortiq ko‘ngillilar ko‘chalarga chiqishdi. Shahar politsiyasi Maylzga “jinoyatchilarni tutishda” yordam berdi. Hatto o‘sha paytdagi prezident Barak Obama ham unga videomurojaat yo‘llagan.
Sarguzasht bolaning San-Fransisko politsiya boshlig‘ining televizorda unga murojaat qilganini ko‘rish bilan boshlandi. Keyin u Betmen hamrohligida, Betkid (shahar aholisi Maylz deb atashgan) yovuz odamlar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan ayolni qutqardi, bank o‘g‘irligining oldini oldi va San-Frantsiskoning ramzi bo‘lgan Lu muhrini talonchilar qo‘lidan ozod qildi. Barcha jinoyatchilar qamoqqa tashlandi va Betkidga shahar hokimi va politsiya boshlig‘i tomonidan shaxsan minnatdorchilik bildirildi. Barchasi uyushtirilgan va ramziy bo‘lsa ham, bolakayning quvonchi va zavqi haqiqiy edi.
Angliyalik Bredli Loueri ham qisqa umrida millionlab odamlarning qalbiga taʼsir qildi, neyroblastoma (saraton kasalligining og‘ir turi) bilan jasorat bilan kurashdi va futboldagi sevimli klubini oxirigacha qo‘llab-quvvatladi.
Durham okrugining Xartlpul yaqinida tug‘ilgan unga bu dahshatli kasallik atigi 18 oyligida tashxis qo‘yilgan. Neyroblastoma asab tizimining o‘smasi bo‘lib, odatda og‘riq, yo‘tal, vazn yo‘qotish va titroq bilan tavsiflanadi. Bredlining holatida o‘sma shunchalik katta ediki, u ichki organlar va arteriyalarga bosim o‘tkazardi. Xavfli hujayralar uning o‘pkasiga, suyak iligiga va limfa tugunlariga tarqaldi. Mo‘ʼjizadek bo‘ldi – bir nechta operatsiyalar va qiyin kimyoterapiya davolanishidan so‘ng u tuzala boshladi. Afsuski, bu uzoq davom etmadi. Saraton 2016 yil iyul oyida yana qaytdi va olti oy o‘tgach, shifokorlar uning oilasiga Bredlining omon qolish imkoniyati yo‘qligini aytishdi. Oila bolaning hayoti uchun oxirigacha kurashdi, Amerikada davolanish uchun pul yig‘di.
2017 yil may oyida shifokorlar Bredlining bo‘ynida yangi o‘simtani aniqladilar, bu esa uning ota-onasini tug‘ilgan kuniga rejalashtirilgan Disneylendga sayohatini bekor qilishga majbur qildi. Bir necha kundan keyin uning o‘pkasida ham yangi o‘simtalar aniqlandi va iyun oyi oxiriga kelib shifokorlar bolaning bir hafta umri qolganini aytishdi. Oila Bredli uchun xayrlashuv kechasini o‘tkazdi, bolakay o‘zining kumiri, “Sanderlend”ning sobiq futbolchisi Jermeyn Defo bilan ko‘rishdi va yaqinlari bilan xayrlashdi. Bredli xotirasiga tashkil etilgan xayriya tashkiloti o‘limga olib keladigan kasalliklarga chalingan bolalarning orzularini ro‘yobga chiqarishga yordam berish uchun bilan shug‘ullanadi va bu yo‘lda allaqachon ko‘pgina ishlarni amalga oshirdi.
2020 yilda to‘qqiz yoshli avstraliyalik maktab o‘quvchisi Kvayden Beylsning bezorilik va mazaxdan xafa bo‘lgan videosi butun dunyo bo‘ylab mashhurlar va bolalar tomonidan qo‘llab-quvvatlovchi postlar to‘lqinini keltirib chiqardi. Kvayden Beylsning onasi internetda sinfdoshlarining bezoriligidan yig‘layotgan bolaning videosini joylashtirdi. Kvaden pakanalik kasalligi bo‘lgan achondroplaziyadan aziyat chekadi va natijada g‘ayrioddiy darajada past bo‘yli sanaladi. “Bezorilik shunday ahvolga sabab bo‘ladi”, deydi bolaning onasi o‘zi joylashtirgan videoda. Unda Kvayden yashashni istamasligini aytadi. Video virusga aylandi, 14 million marta ko‘rildi va #WeStandWithQuaden xeshtegi bilan xabarlar oqimini keltirib chiqardi.
Avstro-britaniyalik aktyor Xyu Jekman va turkiyalik basketbolchi Enes Kanter (“Boston Celtiks” markaziy jamoasi) kabi mashhur shaxslar bolani himoya qilish uchun chiqishdi. Ko‘plab mamlakatlardan kelgan ota-onalar farzandlarining Beylsni qo‘llab-quvvatlayotgani va unga do‘stlik taklif qilayotgani aks etgan videolarni joylashtira boshladilar. Xyu Jekman o‘z videosida Kvaydenga: “Sen o‘ylaganingdan kuchliroqsan, do‘stim”, dedi. Keyin u barchani mehribon bo‘lishga chaqirdi.
Yurtimiz O‘zbekistonda ham yuqoridagilarga o‘xshash aktsiyalar kamroq kuzatilsa ham, bo‘lib turadi. 2024 yilda onkogematologiya shifoxonasida davolanayotgan Shohruhbek bokschi Bahodir Jalolov bilan uchrashish orzusida ekanligini, kumiriga atab alohida surat chizib qo‘ygani haqida yozilgandi. Bokschi nafaqat o‘zining ashaddiy muxlisining istagini erda qoldirmadi, balki boshqa bemor bolalar bilan uchrashib, ularga ha sog‘liq-salomatlik tiladi. Afsuski bunday aktsiyalar juda kam va targ‘ibot sust bo‘ladi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0