Kulgi uchun qurbon qilinayotgan ota obrazi
Ota o‘z maqomini yo‘qotmagan. Biroq televizor, serial, reklama, Instagram, YouTube va TikTokda aksini ko‘ryapmiz. Ularda erkak, ayniqsa, ota laqma, qo‘lidan hech ish kelmaydigan, xotinidan cho‘chiydigan, farzandlari hurmat qilmaydigan, doim masxaraboz obrazida gavdalantirilyapti. Uning vazifasi — kuldirish. Ayol esa, aqlli, hushyor, barcha muammoni hal qiluvchi qahramon. Bola hammadan bilimdon. Masalan, hamma sevib tomosha qilayotgan vayner — Bobur Mansurovning aksar sahna ko‘rinishlarida erkaklar eng lapashang «mavjudot»ga aylangan. U hech narsani eplolmaydi — ayol to‘g‘rilaydi. Farzand uni mensimaydi. Tomoshabin esa maza qilib kuladi. To‘g‘ri, bular hazildek tuyulishi mumkin. Ammo...
Bundan besh-olti yil avval «Ekrandagi latta erkak — otami?» sarlavhali maqola yozgandim. Unda keyingi paytlarda yaratilayotgan syujetlarda, xususan, badiiy film, spektakl, reklamalarda shaʼni, g‘ururi, nomusi er bilan bitta bo‘layotgan, na ayoli, na farzandlari oldida zarrachalik qadri, hurmati qolmayotgan otalar va erkaklar haqida so‘z borgan edi. Bugun televizor ko‘rib, internetni kuzatib angladimki, shu vaqt ichida hech narsa o‘zgarmadi. Aksincha, otalarni lapashang obrazda tasvirlash urf bo‘ldi. Ayniqsa, davrning modasiga aylangan vaynlarda bu holat asosiy syujet sifatida aks etmoqda. Qadriyatlarimizga, oilaviy munosabatlarga raxna solayotgan ushbu mavzu meni chuqur o‘ylantirib qo‘ydi va yana qalam olishga undadi.
Aslida ko‘pchilik bu mavzuni juda jo‘n va mayda hisoblaydi. Ammo «arzimas» masala ortida millat shaʼni, g‘ururi bor. Bir asr avval ulug‘ maʼrifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy «Teatr – ibratxonadir» deganida naqadar haq edi.
Tan olish kerak, oramizda masʼuliyatsiz, uyni — zindon, ko‘chani — xandon deb biladigan erkaklar, xotinining topganini eb yotadigan takasaltanglar ham bor. Lekin gap ular haqida emas. Zero, oilasi uchun qalqon bo‘ladigan, farzandlari uchun elib-yuguradigan erkaklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shunday ekan, boshdan do‘ppini olib, bir mulohaza yuritaylik.
Aslida jamiyatda otaning o‘rni qanday bo‘lishi keragu, hozir qanaqa? Nega omma eʼtiboriga bo‘shang, xotini va bolasiga gapi o‘tmaydigan otalar obrazi yaratilgan filmlar havola qilinyapti? Uning ayanchli oqibati qanday bo‘ladi?
Ha, avvallari o‘zbek xonadonlarida otaning o‘rni alohida edi. U faqat ro‘zg‘or tebratuvchi emas, balki oilaning maʼnaviy ustuni, tarbiya mezoni, xonadon salobati hisoblangan. «Otang kelsin-chi», degan gapning o‘zi bola uchun tarbiya, ona uchun suyanch, oila uchun tartib edi. Bu qo‘rquv emas, hurmat edi. Otaga bo‘lgan munosabat orqali bola chegarani, masʼuliyatni o‘rganardi.
Xo‘sh, bugun-chi? Aslida hozir ham shunday. Ota o‘z maqomini yo‘qotmagan. Biroq televizor, serial, reklama, Instagram, YouTube va TikTokda aksini ko‘ryapmiz. Ularda erkak, ayniqsa, ota laqma, qo‘lidan hech ish kelmaydigan, xotinidan cho‘chiydigan, farzandlari hurmat qilmaydigan, doim masxaraboz obrazida gavdalantirilyapti. Uning vazifasi — kuldirish. Ayol esa, aqlli, hushyor, barcha muammoni hal qiluvchi qahramon. Bola hammadan bilimdon.
Masalan, hamma sevib tomosha qilayotgan vayner — Bobur Mansurovning aksar sahna ko‘rinishlarida erkaklar eng lapashang «mavjudot»ga aylangan. U hech narsani eplolmaydi — ayol to‘g‘rilaydi. Farzand uni mensimaydi. Tomoshabin esa maza qilib kuladi. To‘g‘ri, bular hazildek tuyulishi mumkin. Ammo hadeb bir xil holat qayta-qayta takrorlanaversa, u ongga singib boradi. Bora-bora meʼyor sifatida qabul qilina boshlaydi. Masalaning xavfli tomoni ana shunda.
So‘nggi yigirma yil ichida nafaqat bizda, balki butun dunyo mediasida erkak obrazini qadrsizlantirish tendentsiyasi kuchaydi. G‘arb tahlilchilari buni hatto «Erkaklik inqirozi» deb atashmoqda. Ularning fikricha, erkaklar madaniyatda yo yovuz qahramon, yo ahmoq, yo masʼuliyatsiz kimsa sifatida tasvirlanmoqda.
Yaqinda telegram kanallarning birida amerikalik tadbirkor va radioboshlovchi Deyv Remsning quyidagi fikrlariga ko‘zim tushib qoldi: «Jamiyat erkakka yillar davomida «Sen keraksiz, sen ahmoq, sening qadring yo‘q», degan signalni bersa, u vaqti kelib, haqiqatan ham, o‘zini keraksiz his qila boshlaydi».
Haq va achchiq gap. Chindan ham, ayrim o‘lkalarda mehnat bozoridan chetlashgan, jismonan sog‘lom, ammo hayotda faol ishtirok etmayotgan millionlab erkaklar paydo bo‘lgani haqida jiddiy bahslar ketmoqda. Ular ishsiz, maqsadsiz, oiladan uzilgan, o‘zini jamiyat uchun ahamiyatsiz deb bilishadi.
Albatta, biz G‘arb emasmiz, ammo global axborot makonida yashayapmiz. Qolaversa, bizdagi holat ham havas qilarli darajada emas! Ko‘pchilik «Bitta reklama yo serial nima bo‘lardi?» deb o‘ylashadi. Ammo ularning salbiy oqibatlari ko‘p. Chunki bola har kuni ekranda otasini masxara qilish mumkinligini ko‘rsa, vaqti kelib, buni tabiiy hol, deb biladi. Bora-bora padariga gap qaytarish, uni mensimaslik, qarorini kulgi qilish odatiy holga aylanadi. Biz buning «mevasi»ni allaqachon tatib ulgurdik. Ijtimoiy tarmoqlarda otasi yoki onasini videoga olib, mazax qilayotgan farzandlar ko‘paydi. Layk yig‘ish uchun onasining yuziga tort bilan urgan «o‘g‘il» esingizda bo‘lsa kerak…
Xullas, otalar kontent markaziga aylandi. Kimdirning soddaligidan kulyapti, kimdir savodsizligini, kimdir zamondan ortda qolganini pisanda qilyapti. Eng achinarlisi, bunday videolar millionlab ko‘rilmoqda. Demak, jamiyatda shunga ehtiyoj shakllanmoqda.
Bugun baʼzilar ota rolini faqat pul topish bilan o‘lchaydi. Go‘yo erkakning vazifasi — faqat ro‘zg‘or tebratish. Aslida esa ota oilaning psixologik tayanchi hamdir. Xususan, psixologlar qiz bolaning o‘ziga ishonchi, munosabatlardagi tanlovi, hayotga qarashi ko‘p jihatdan otasi bilan munosabatiga bog‘liqligini taʼkidlashadi. Qizini mehr bilan ulg‘aytirgan, uni eshitgan, qo‘llab-quvvatlagan ota farzandida ichki himoya hissini shakllantiradi. Bunday qizlar o‘z qadrini yaxshi bilishadi, tasodifiy munosabatlarga berilishmaydi, o‘zlarini himoya qila olishadi.
O‘g‘il bola uchun esa ota birinchi namuna bo‘lishi kerak. U erkaklikni Instagramdan emas, otasidan o‘rganishi zarur. Masʼuliyatni, so‘zda turishni, ayolga munosabatni, mehnatni, sabrni otasining xatti-harakatida ko‘rmog‘i joiz. Bordi-yu, uning ongida ota doim masxara qilinadigan, hech kim hisoblashmaydigan obraz bo‘lib qolsa, ertaga u ham o‘z oilasiga jiddiy qaramasligi turgan gap. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, deb bejiz aytishmagan.
To‘g‘ri, hamma aybni kino yoki blogerlarga ag‘darish adolatdan emas. Chunki bugun zimmasidagi masʼuliyatni unutgan erkaklar ham ko‘payib bormoqda. Oila yukini ayoli elkasiga tashlab qo‘ygan, farzandlar tarbiyasiga aralashmaydigan, kun bo‘yi choyxonada bo‘ladigan yoki telefondan bo‘shamaydigan noshudlar ham kam emas. Biroq bu hadeb yomonlikni targ‘ib qilaverish kerak, degani emas.
Aslida tarozi posangisini to‘g‘ri qo‘yish muhim. Ammo muammo shundaki, media bu nuqsonni bartaraf etish o‘rniga, uni tobora ommaviylashtirmoqda. Go‘yoki masʼuliyatli, kuchli, aqlli ota obrazini gavdalantirish mumkin emasdek...
Yoki auditoriyaga laqma, xotinidan qo‘rqadigan erkaklar kerakmikan?.. Shu yo‘l bilan reytingni oshirish to‘g‘rimikan?..
Kino shunchaki vaqt o‘tkazish vositasi emas, u tarbiya omili. «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» ko‘rsatuvi, «Toshkent — non shahri», «Sen etim emassan» kabi filmlardagi ota obrazlarida salobat, masʼuliyat va ichki bosiqlik bor edi. Bugun esa ko‘p filmlarda konflikt yaratishning eng oson yo‘li — erkakni shunchaki ahmoq qilib ko‘rsatishdan iborat bo‘lib qoldi. Ayrim kartinalarda ayolning maqomini oshirish uchun erkaklarni tahqirlash shartdek.
Vaholanki, kuchli ayol obrazini kuchsiz erkak orqali emas, uning shaxsiyati orqali ham ko‘rsatish mumkin. Chunki oila kimdir yutib, boshqasi yutqazadigan maydon emas. Yana bir gap. «Ommaviy madaniyat» deganda ko‘pchiligimiz ochiq-sochiqlik yoki chet el taʼsirini tushunyapmiz. Aslida qadriyatlarni kulgiga aylantirish ham «Ommaviy madaniyat»ning bir ko‘rinishi. Otani mensimaslik, oilani engil qabul qilish maʼnaviy emirilishdan dalolatdir. Bu erda gap erkakni mutlaq hukmdor qilish haqida ketayotgani yo‘q. Gap muvozanat haqida bormoqda. Chunki ota Qadri yo‘qolgan oilada tarbiya izdan chiqadi. Tarbiya izdan chiqqan jamiyatda esa qonun-qoidalar ishlamaydi.
Xo‘sh, bizga qanday qahramonlar kerak? Bizga soxta qahramonlar emas, hayotiy, ammo masʼuliyatli otalar obrazi kerak. Kamchiligi bo‘lsa ham, farzandi uchun jon kuydiradigan, xatosini tan oladigan, mehnat qiladigan, oilasi uchun elib-yuguradigan erkaklar kerak. O‘g‘il bolalarga haqiqiy erkaklikni internet berolmaydi.
Eng katta xavf shundaki, jamiyat bu holatga sekin-asta ko‘nikib boryapti. Oiladagi munosabatlarga shunchaki yumor sifatida qarayapmiz. Ammo bu yaxshilik bilan tugamaydi. Masʼuliyatsiz otalar, otasiz katta bo‘layotgan bolalar, oila qurishdan qochayotgan yoshlar, ruhiy bo‘shliq, agressiya — bularning barchasi ijtimoiy tarmoqlardagi bemaza kartinalarning «mevasi» aslida.
Ota – shunchaki oila aʼzosi emas. U bola uchun qonun, himoya, namuna. Shunday ekan, media, kino, reklama va blogerlik sohasida faoliyat yuritayotgan har bir inson bir haqiqatni unutmasligi kerak: kulgi uchun qurbon qilinayotgan obraz shunchaki personaj emas, u millatning ertasiga taʼsir qiladigan timsol. Sanʼat insonni maydalash uchun emas, yuksaltirish uchun xizmat qilishi lozim. Aks holda, bugun kulayotgan holatimiz ertaga jamiyatning eng katta fojiasiga aylanishi hech gap emas...
Aytmoqchi bo‘lganimiz shuki, gap faqat kinodagi «yomon ota»lar obrazi haqida emas, balki jamiyatning erkak va otaga bo‘lgan munosabati asta-sekin o‘zgarib borayotganida, yanada achinarlisi, bu holat sanʼat orqali meʼyorlashtirilayotganida.
Muammo faqat ekranda emas, bozorda ham. Chunki bugun kino sanʼat emas, tez pul topish vositasiga aylanmoqda. Tomoshabin engil kulgi istayapti, ijodkorlar esa shu talab ortidan ketyapti. Oqibatda fikrlashga majbur qiladigan, insonni yuksaklikka chorlaydigan asarlar chetga surilib, ularning o‘rnini oldi-qochdi syujetli kartinalar egallayapti.
Ayrim filmlarda dangasalik, masʼuliyatsizlik, oilaviy behurmatlik oddiy hol sifatida ko‘rsatilmoqda. Tomoshabinlar esa ularni qabul qilyapti. Yana bir illat shundaki, bugungi ijodkorlarning aksariyati hayotdan, kitobdan, mushohadadan uzilib qolgan. Shuning uchun syujetlar bir xil. Sanʼatning vazifasi faqat muammoni ko‘rsatishdan emas, insonni fikrlashga undashdan ham iboratdir.
Albatta, biz otani yakkash ideal qilib tasvirlash kerak, degan fikrdan yiroqmiz. Faqat har qanday vaziyatda ham muvozanatni saqlash lozimligini eslatmoqchimiz. Agar ekranda nuqul ojiz, masxaraboz yoki masʼuliyatsiz erkaklar nishonga olinaversa, bu butun bir avlodning ota haqidagi tasavvuri o‘zgarishiga olib keladi.
Sanʼat esa ermak emas, millat qiyofasini shakllantiradigan kuchdir. Shunday ekan, «arzimas masala» xususida yana bir bor jiddiy o‘ylab ko‘rish foydadan xoli bo‘lmaydi.
G‘ulomjon MIRAHMEDOV
«ISHONCH»



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0