“Chiiiillash”dan “Janjal patir”gacha... Reklama matnlarini kim nazorat qiladi?
Reklama shunchaki savdo vositasi emas. U jamiyatning madaniy qiyofasi, tilga munosabati va estetik didini ham namoyon etadi. Har bir banner, har bir peshlavhani hamma o‘qiydi, ko‘radi – bolalar ham, yoshlar ham, xorijlik mehmonlar ham. Demak, ularning matnlari jamoatchilik ongiga taʼsir qiluvchi omil hisoblanadi.
Bugun ko‘chalar turli reklama yozuvlari bilan to‘lib-toshgan. Peshtaxta, banner, LED-ekran yoki oddiy do‘kon lavhasi, qo‘yingki, barchasida xaridor diqqatini tortish uchun turli usullar qo‘llanilmoqda. Ammo ayrim reklama matnlari borki, ular nafaqat kulgili tuyuladi, balki til madaniyatiga putur ham etkazmoqda.
Misol uchun, yaxna ichimlik reklamasidagi «Chiiiillash» degan yozuvni olaylik. Bu nomda na lug‘aviy maʼno bor, na imloviy qoidalarga rioya qilingan. To‘g‘risi, bu so‘zni qayta-qayta o‘qisangiz ham maʼnosini tushuna olmaysiz.
Yoki katta yo‘l bo‘yida hayhotdek «Anjan qora devzira osh» reklama matnini olaylik. Butun boshli viloyat nomi buzib yozilishi bu oddiy xato emas, tilga nisbatan beparvolikning yaqqol ko‘rinishidir.
Yana davom ettiramiz: «Paypoq bersangiz, paypoq olasiz»... Xo‘sh, bu bilan nima deyishmoqchi? Reklamada nima taklif etilayotgani yoki mijoz qanday manfaat olishi aniq ifodalanmagan. Ko‘rinadiki, mijozni hayratga solish uchun mantiq ikkinchi o‘ringa surilgan.
So‘nggi vaqtlarda eʼtiborni jalb qilish uchun «Janjal patir», «Xotin gilam yuvish uchun emas», «Miyangizga ingliz tilini o‘rnatib beramiz», «Temir xotiningiz mehrga muhtoj», «Aktsiya bormi, og‘riq?», «Katta bollar moykasi» kabi iboralar ham urfga aylandi.
Albatta, eʼlonlar eʼtibor tortishi kerak. Lekin bu saviyasizlik qilish mumkin, degani emas. Ayrim tadbirkorlar va marketologlar odamlarni hayratga solishni reklama samaradorligining asosiy mezoni deb qabul qilmoqda. Natijada shahar ko‘chalari maʼnosiz, qo‘pol va til qoidalariga zid iboralar bilan to‘lib bormoqda.
Aslida, reklama shunchaki savdo vositasi emas. U jamiyatning madaniy qiyofasi, tilga munosabati va estetik didini ham namoyon etadi. Har bir banner, har bir peshlavhani hamma o‘qiydi, ko‘radi – bolalar ham, yoshlar ham, xorijlik mehmonlar ham. Demak, ularning matnlari jamoatchilik ongiga taʼsir qiluvchi omil hisoblanadi.
Shunday ekan, savol tug‘iladi: shahar bedarvozami? Kim qanday istasa, shunday mazmunda reklama joylashtiraveradimi?
Aslida reklama joylashtirishning aniq tartib-qoidalari mavjud. Matn davlat tili qoidalariga mos bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, jamoat axloqi va maʼnaviy meʼyorlarga zid bo‘lmasligi lozim.
Biroq amalda bu talablarga har doim ham rioya etilmayapti. Ko‘p hollarda masʼul idoralar reklama konstruktsiyasining o‘lchami yoki joylashuviga eʼtibor qaratadi, ammo uning mazmuni va saviyasi chetda qolib ketadi. Oqibatda shahar muhitida til buzilishi, maʼnaviy saviyaning pasayishi va kulgili holatlar ko‘paymoqda.
Tilshunoslarning taʼkidlashlaricha, ommaviy makondagi har bir yozuv aholining til madaniyatiga taʼsir qiladi. Ayniqsa, yoshlar ko‘chada ko‘rgan so‘z va iboralarni tez qabul qiladi. Agar reklamada imloviy xatolar, maʼnosiz iboralar yoki qo‘pol tashbehlar urfga aylansa, bu asta-sekin jamiyatning umumiy nutq madaniyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, tashqi reklama matnlarini joylashtirishdan oldin lingvistik va maʼnaviy ekspertizadan o‘tkazish amaliyotini kuchaytirish zarur. Reklama beruvchi faqat marketing emas, til madaniyati va jamoatchilik masʼuliyati haqida ham o‘ylashi kerak.
Dunyo tajribasida eng kuchli reklamalar doimo aql va hurmatga asoslanadi. Tilni buzmaydigan, lekin baribir taʼsir qila oladigan reklama haqiqiy professionallik belgisi hisoblanadi. Istaymizki, ko‘chalarimiz saviyasiz so‘zlar maydoniga emas, jamiyat maʼnaviyatini aks ettiradigan manzilga aylansin.
Jamshid Ergashev



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0