+24C

+24C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Интервью
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Baliq bergan maʼqulmi yoki qarmoq?

Yaqinda yordamga muhtojlar ro‘yxatida turadigan xonadon bekasining shikoyati asosida uning turmush sharoitini o‘rganish uchun uyiga bordik. Bu oila Toshkent viloyatining iqtisodiy jihatdan ilg‘or tumanlaridan birida istiqomat qilarkan. Ota kunlik ishlar bilan band, ona oshxonada idish yuvuvchi, 30 bilan 40 yoshning orasidagi tog‘ni ursa, talqon qilgulik devkelbatli o‘g‘il esa, unda-bunda mardikorlikka chiqib turganini hisobga olmaganda, g‘irt bekorchi ekan. 8 sotix er maydoniga ega hovlisi qarovsiz, ajriq bosib ketgan. «Demak, bu oila yordamga muhtoj emas ekan», degan xulosaga keldim. So‘laqmondek o‘g‘lon padari va volidasini og‘ir mehnatga ro‘baro‘ qilib, ularning topganini eb-ichib o‘tirishi… esiz, erkaklik…
Jamiyat
79 10:59 | 05.05.2026 10:59

Oramizda chindan ham yordamga muhtoj insonlar ko‘p. Ularni qo‘llab-quvvatlash – insoniylikning eng oliy ko‘rinishlaridan biri. Bu jamiyat mehr-oqibatli, bir-biriga befarq emasligini ko‘rsatadi. Ammo yordamni rosmana muhtojlarga ko‘rsatish zarur. Bersang eyman, ursang o‘laman, deb osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tiradiganlarni esa tekintomoqqa aylantirib qo‘yish hech gap emas. Shundoq ham qaerda hokim yoki biron-bir kattaroq masʼulning qabuli bo‘lsa, o‘sha joyga borib, o‘zini nochorga solib, yotib oladiganlar ko‘payib ketdi. Aslida chindan muhtoj inson hech qachon bunday pastkashlikka bormaydi.


Yurtimizda yil sayin ijtimoiy himoya siyosati kuchayib, qamrovi kengayib borayotgan bir sharoitda haqli savol tug‘ilyapti: berilayotgan yordamlar, haqiqatan ham, muhtoj insonni oyoqqa turg‘izyaptimi yoki uni sekin-asta boqimandilikka o‘rgatyaptimi?


Aslida davlat kam taʼminlanganlarni qo‘llab-quvvatlashi zarur va shunday qilinyapti ham. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2020 yillarda ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 600-700 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2023-2024 yillarga kelib, deyarli 2 millionga etibdi. Bu ijtimoiy siyosat ko‘lami kengayganidan dalolat beradi.


2018 yilda ijtimoiy himoyaga ajratilgan mablag‘lar taxminan 35 trillion so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda 100 trillion so‘mdan oshgan. Uch baravarlik o‘sish, bu oddiy statistika emas, aksincha, davlat o‘z majburiyatini to‘laqonli bajarayotganini anglatadi. Inson qadri, ijtimoiy himoya, kam taʼminlangan qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash so‘zda emas, amalda o‘z ifodasini topayotganidan darak.


Xo‘sh, shuncha mablag‘ odamlarni kambag‘allikdan chiqardimi?


Raqamlar kambag‘allik darajasi pasayganini ko‘rsatmoqda. Xususan, o‘tgan davrda 8,5 million ehtiyojmand ­oilaning daromadlari oshirilib, kambag‘allik darajasi 35 foizdan 5,8 foizga qisqartirildi. Albatta, bu ijobiy holat. Biroq yordam oluvchilar soni kamaymagani, aksincha, ortib borayotgani xavotirli. Ushbu qarama-qarshilik tasodifiy emasdek. Yo kambag‘allikni aniqlash metodikasi murakkab va to‘liq emas, yoki ijtimoiy yordam tizimi odamlarni mustaqillikka olib chiqishdan ko‘ra, ularni boqimandalikka o‘rgatishga xizmat qilayotgandek. Demak, bu xususda jiddiy o‘ylab ko‘rish lozim.


Pandemiya davrida joriy etilgan «Temir daftar» tizimi ijtimoiy himoyada yangi bosqichni boshlab berdi. ­Keyinchalik uning raqamlashtirilib, yagona ijtimoiy himoya reestriga aylantirilishi, shubhasiz, shaffoflik va adolatni taʼminlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Bu tizim orqali ehtiyojmandlarni aniqlash, resurslarni maqsadli taqsimlash imkoniyati kengaydi. Ammo har qanday islohot kabi bu tizim ham amaliyotda muayyan muammolarga duch kelyapti. Ayrim hollarda aslida ko‘makka ehtiyojmand bo‘lmaganlar kiritilib, yordamga o‘ta muhtojlar chetda qolib ketayapti. Mahalliy darajada tanish-bilishchilik, subʼektiv qarorlar taʼsiri to‘liq yo‘qolgani yo‘q. Bu esa ijtimoiy adolatga bo‘lgan ishonchni susaytirmoqda.


Dunyo tajribasida ijtimoiy yordamlar mehnat bilan bog‘langan, yaʼni baʼzi mamlakatlar «Ishlamasang – yordam ham cheklanadi», degan tamoyilga amal qilishadi. Masalan, Germaniyada davlatga qaramlikni kamaytirish uchun ishsizlik nafaqasi tizimi qatʼiylashtirildi, ish qidirish majburiyati kuchaytirildi. Natijada ishga joylashish ko‘rsatkichlari oshdi. Janubiy Koreya esa mutlaqo boshqacha strategiyani tanlab, ijtimoiy yordamdan ko‘ra, taʼlim, sanoat va ish o‘rinlari yaratishga urg‘u berdi. Natijada bir necha o‘n yil ichida kambag‘allikdan chiqib, yuqori daromadli davlatga aylandi.


Xorijiy tajriba yana shuni ko‘rsat­yaptiki, ijtimoiy yordam echim emas, u faqat vosita. Balki biz ham shu yo‘ldan borganimiz maʼquldir. Chunki boqimandalik yaxshilikka olib kelmaydi. Uning ijtimoiy jihatlaridan tashqari, iqtisodiy oqibatlari ham bor.


Birinchidan, davlat byudjetiga bosim ortib boradi. Ikkinchidan, mehnat bozorida passivlik kuchayadi – odamlar ish izlashdan ko‘ra, mavjud yordamga tayanishni afzal ko‘rishadi. Uchinchidan, kichik biznes va tadbirkorlikka qiziqish susayadi, chunki risk qilishga ehtiyoj kamayadi. Eng xavotirlisi, «Mehnat qilmasdan ham yashasa bo‘larkan», degan qarash shakllanadi.


Shunday ekan, moddiy yordam shartli bo‘lishi lozim, yaʼni u ish qidirish, kasb o‘rganish, malaka oshirish bilan bog‘lanishi zarur. Muhtojlarga baliq emas, qarmoq berish kerak.


Maʼlumotlar tahlili kuchaytirilishi, qaysi hududda, qaysi qatlamda boqimandilik yuqori ekani aniq o‘rganilishi joiz. Va, eng asosiysi, ish o‘rinlari yaratish ijtimoiy siyosat markazida turishi shart. Chunki yordamga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashning bundan bosh­­qa samarali usuli yo‘q.


G‘ulomjon MIRAHMEDOV,
ISHONCH.UZ





Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid

Jamiyat
ЧИЛЛА НИМА?
0 6382 16:57 | 05.08.2023
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat