Ichki ishlar organlarida uzluksiz taʼlim tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz taʼlim tizimini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha takliflar Prezidentga taqdim etildi.
Taklifga ko‘ra, tizim ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, akademik litseylar, ichki ishlar texnikumlari, IIV akademiyasi hamda malaka oshirish institutlarini qamrab oladi.
Shuningdek, Namangan va Samarqanddagi ichki ishlar texnikumlarida o‘rta maxsus maʼlumotli ofitser va safdorlar tayyorlanadi. O‘quv dasturlariga yuridik-texnik bilimlar, jismoniy tayyorgarlik, jangovar shaylik, raqamli texnologiyalar, birinchi tibbiy yordam, dronlar va axborot texnologiyalari bilan ishlash yo‘nalishlari kiritiladi. Taʼlim dual tizim asosida nazariya va amaliyot uyg‘unligida tashkil etiladi.
Takliflarda IIV akademiyasini «taʼlim — tadqiqot — amaliyot» tamoyili asosida transformatsiya qilish, jamoat xavfsizligi, kiberjinoyatlarga qarshi kurash, tezkor-qidiruv, ekspert-kriminalistika va ijtimoiy reabilitatsiya bo‘yicha ixtisoslashgan maktablar ochish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, Jamoat xavfsizligi universitetining kunduzgi qabul kvotasini 600 nafargacha, masofaviy taʼlim kvotasini esa 300 nafargacha oshirish taklif etildi.
Prezident mazkur takliflarni maʼqullab, profilaktika inspektorlarini ortiqcha vazifalardan ozod etish, ularning huquqiy maqomi va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, jamoat xavfsizligi tizimini raqamlashtirish hamda zamonaviy talablar asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0