IIv: Joriy yilda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 87 ta jinoyat sodir etilgan
Bugun bo'lib o'tayotgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vaziri o'rinbosari — Tergov departamenti rahbari, polkovnik Ramazon Ashrapov ichki ishlar organlari faoliyatida qonun ustuvorligini ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda tizimni sog'lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.
Shu bilan birga, polkovnik Ramazon Ashrapov ichki ishlar organlarida 100 mingga yaqin shaxsiy tarkib mavjud ekani, afsuski, ayrim xodimlar tomonidan sodir etilayotgan qonunbuzilish holatlari tizimga dog' tushirayotganini ochiq tan oldi.
— Biz bu holatlarni yashirmaymiz. 2025 yilda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jami 87 ta jinoyat sodir etilgan. Ushbu jinoyatlarning 75 foizi ichki nazorat va vazirlikning o'z tashabbusi bilan aniqlangan. Qonunbuzarlikka yo'l qo'ygan xodimlar ichki ishlar organlari safidan bo'shatilib, ularga oid to'plangan hujjatlar qonuniy chora ko'rish uchun prokuratura idoralariga yuborilgan.
Ayni paytda:
18 nafar xodimga nisbatan sud tomonidan jazo tayinlangan;
40 nafarga nisbatan tergov harakatlari olib borilmoqda;
19 nafar xodimga nisbatan sud jarayonlari davom etmoqda.
Shuningdek, hisobot davrida xizmat intizomini qo'pol ravishda buzgan 124 nafar xodim turli sabablarga ko'ra tizimdan bo'shatilgan.
— Bu raqamlar bilan o'zimizni oqlab bo'lmaydi va bunday niyatimiz ham yo'q. Qonun ustuvor va jazo muqarrar. Xodimlar tomonidan sodir etilgan qonunbuzilish holatlari haqida vazirligimiz axborot xizmati orqali rasmiy kanallarda ochiq ma'lumot berib boryapmiz. Buni sizlar ham o'z vaqtida ko'rib kelyapsiz, — dedi IIv rahbariyati vakili.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0