+22C

+22C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

Ishchi-xodimlarni eng ko‘p qanday muammolar qiynamoqda?

Меҳнат муносабатларида ходимлар ҳуқуқларини ҳимоя қилиш, меҳнат низоларини адолатли ҳал этиш ҳамда иш жойларида ижтимоий барқарорликни таъминлаш бугунги кунда муҳим аҳамият касб этмоқда. Айниқса, меҳнат ҳуқуқларининг бузилиши, иш ҳақи, меҳнат шартномалари ва ижтимоий кафолатлар билан боғлиқ масалалар ходимларнинг энг долзарб муаммоларидан бўлиб қолмоқда.
10691 16:09 | 18.06.2026 16:09

Mehnat munosabatlarida xodimlar huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini adolatli hal etish hamda ish joylarida ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, mehnat huquqlarining buzilishi, ish haqi, mehnat shartnomalari va ijtimoiy kafolatlar bilan bog‘liq masalalar xodimlarning eng dolzarb muammolaridan bo‘lib qolmoqda.


Mehnat sohasida qaysi qonunbuzilishlar eng ko‘p uchramoqda? Xodimlar o‘z huquqlarini himoya qilish jarayonida qaysi bosqichlarda qiynalishadi? Kasaba uyushmalari mehnat nizolarini hal etishda qanday natijalarga erishmoqda? Ushbu va boshqa savollarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat inspektsiyasi qoshidagi Murojaatlar bilan ishlash sho‘basi mudiri Guzalya Rzaeva javob berdi.


–Qaysi viloyat yoki hududlarda kasaba uyushmalari tizimi mehnat nizolarini tez va samarali hal qilish bo‘yicha yaxshiroq ishlayapti?
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat nizolarini hal etish borasida hududiy tashkilotlar faolligi, avvalo, murojaatlarning ko‘rib chiqilish sifati, joylarga chiqib o‘rganish amaliyoti hamda xodimlar huquqlarini tiklash ko‘rsatkichlari bilan baholanadi.
2025 yil davomida Federatsiya tizimiga jami 5 ming 143 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning natijasida 4 ming 906 nafar fuqaroning huquqlari tiklangan, xodimlar manfaatiga 41,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan. 2026 yilning 15 iyun holatiga esa 2 ming 301 ta murojaat ko‘rib chiqilib, 298 nafar fuqaroning huquqlari tiklangan, ular foydasiga 2,9 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.


Hududlar kesimida murojaatlar sonining yuqoriligi ko‘p hollarda aholining huquqiy faolligi va kasaba uyushmalariga bo‘lgan ishonch darajasi bilan ham izohlanadi. Masalan, 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (682 ta), Toshkent shahri (552 ta), Qashqadaryo viloyati (430 ta), Jizzax viloyati (412 ta) va Toshkent viloyati (377 ta)dan ko‘p murojaatlar kelib tushgan.


Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va Qashqadaryo hududlarida murojaatlar bo‘yicha joyiga chiqqan holda o‘rganish, ish beruvchi bilan muzokara o‘tkazish va nizoni sudgacha hal etish mexanizmlari nisbatan samarali qo‘llanilmoqda. Natijada ko‘plab mehnat nizolari sudga etkazilmasdan hal etilmoqda.


Shu bilan birga, mehnat nizolarini hal qilishda faqat murojaatlar soniga emas, balki har bir murojaat bo‘yicha huquqiy natijaga erishish, xodimning huquqini amalda tiklash va mehnat jamoasida ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.


Amaliyotda xodimlar o‘z huquqlarini himoya qilishda eng ko‘p qaysi bosqichda qiynalishadi?
Federatsiyaga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, xodimlar eng avvalo o‘z huquqlari buzilganini huquqiy jihatdan to‘g‘ri baholash bosqichida qiynalishadi.


Ko‘p hollarda xodimlar mehnat shartnomasini bekor qilish, intizomiy jazo qo‘llash, mehnat taʼtili berish yoki ish haqini hisoblashda qonun talablari buzilganini sezadi, ammo bu holatni qanday hujjatlar bilan isbotlash lozimligini bilmaydi.


Ikkinchi muammo — hujjatlarni yig‘ish va dalillarni rasmiylashtirish masalasi hisoblanadi. Amaliyotda ayrim xodimlar ish beruvchining og‘zaki ko‘rsatmalariga asosan ishdan bo‘shab ketadi yoki ariza yozishga majbur bo‘ladi. Keyinchalik esa o‘z huquqlarini tiklash uchun zarur bo‘lgan yozma dalillarni taqdim etishda qiyinchilikka duch kelishadi.
Uchinchi muammo — huquqiy yordamga kech murojaat qilishdir. Ko‘plab fuqarolar avval bir necha oy mustaqil ravishda muammoni hal qilishga harakat qiladi, vaqt o‘tgachgina kasaba uyushmalariga yoki sudga murojaat qiladi. Bu esa ayrim hollarda protsessual muddatlarni o‘tkazib yuborish xavfini keltirib chiqaradi.


Shu sababli kasaba uyushmalari tomonidan xodimlarga huquqiy maslahat berish, ularning murojaatlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish va zarur hollarda sudlarda vakillik qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

– O‘zbekistonda qaysi yo‘nalishlarda mehnat nizolari va qonunbuzilishlar eng ko‘p uchraydi? Buning asosiy sabablari nima deb hisoblaysiz?


Federatsiyaga kelib tushgan murojaatlar tahlili mehnat munosabatlari sohasidagi asosiy muammolarni aniq ko‘rsatib bermoqda. 2025 yilda murojaatlarning eng katta qismi huquqiy himoya masalalari (1 945 ta) va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish masalalari (1 281 ta) hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2026 yilning birinchi yarmida ham ushbu tendentsiya saqlanib qolmoqda: huquqiy himoya masalalari bo‘yicha 944 ta, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha 629 ta murojaat kelib tushgan.
Amaliyotda eng ko‘p uchraydigan mehnat nizolari quyidagilar bilan bog‘liq:


  • ishdan bo‘shatishning qonuniyligi;
  • mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish;
  • ish haqi va turli kompensatsiya to‘lovlarini undirish;
  • mehnat taʼtili berish;
  • ish vaqti va dam olish vaqtiga oid huquqlar;
  • intizomiy jazolarni qo‘llash tartibi;
  • mehnat muhofazasi talablariga rioya etilmasligi;
  • ish joyida psixologik bosim (mobbing) holatlari.

Ushbu muammolarning asosiy sabablari sifatida mehnat qonunchiligi bo‘yicha bilimlarning etarli emasligi, ayrim rahbar va mutaxassislarning mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlardan xabardor emasligi, kadrlar bilan ishlash madaniyatining barcha tashkilotlarda bir xil darajada shakllanmaganligi hamda ayrim hollarda mehnat munosabatlarini hujjatlashtirishga etarli eʼtibor berilmasligini ko‘rsatish mumkin.


Shu bilan birga, so‘nggi yillarda mehnat huquqiy madaniyatining o‘sishi natijasida xodimlar o‘z huquqlarini faolroq talab qila boshlamoqda. Bu esa murojaatlar sonining ko‘payishiga emas, balki huquqiy ong va huquqiy himoya mexanizmlariga bo‘lgan ishonchning ortishiga dalolat qiladi.


Xulosa qilib aytganda, Federatsiyaga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili mehnat sohasidagi asosiy muammolar hanuz mehnat shartnomalari, ish haqi, ishdan bo‘shatish va ijtimoiy kafolatlar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatmoqda. Shu bois kasaba uyushmalari tizimida huquqiy profilaktika, jamoatchilik nazorati va xodimlarga bepul huquqiy yordam ko‘rsatish ishlari ustuvor yo‘nalish sifatida davom ettirilmoqda.


Feruza RAHIMOVA,
Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid