Kunduzi quyosh nuri qancha ko‘p bo‘lsa, uyqu shuncha sifatli bo‘ladi
Manchester universiteti olimlari o‘tkazgan yangi tadqiqotga ko‘ra, kunduzi yorug‘lik, ayniqsa tabiiy quyosh nuri taʼsirida ko‘proq bo‘lish insonning ertaroq uxlashi, chuqurroq va sifatliroq dam olishiga yordam beradi.
Tadqiqotda 89 nafar katta yoshli ishtirokchi bir necha oy davomida yorug‘lik darajasini o‘lchovchi sensor va uyquni kuzatuvchi qurilmadan foydalangan. Olingan maʼlumotlar yorug‘ kunlarda ko‘proq vaqt o‘tkazgan odamlar odatda ertaroq uxlab, ertaroq uyg‘onishi, uyqusi esa chuqurroq bo‘lishini ko‘rsatgan.
Olimlarning taʼkidlashicha, kunduzgi yorug‘lik rejimi barqaror bo‘lgan insonlarda ham uyqu sifati yuqori bo‘lgan. Aksincha, kunduzi kam yorug‘likda bo‘lib, kechqurun sunʼiy yorug‘lik taʼsirida ko‘p vaqt o‘tkazish biologik soat faoliyatini izdan chiqarib, uzoq muddatda salomatlikka salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari sog‘lom uyqu uchun oddiy tavsiyani ilgari surmoqda: kunduzi imkon qadar ko‘proq tabiiy quyosh nuridan bahramand bo‘lish va yorug‘lik rejimini muntazam saqlash tungi dam olish sifatini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0