Nanotexnologiyalar – inson umrini uzaytirishga qodir...mi?
Qulog'imizga tez-tez chalinadigan nanotexnologiya atamasi aslida nima ekanligi va qanday maqsadlarga xizmat qilishini ko'pchiligimiz anglayvermaymiz. Yuqori texnologiyalarning bir turidir-da, deb qo'yaqolamiz. Nanoolam bu – borliqdagi juda kichik zarralardan iborat ulkan dunyo ekanligi tasavvurimizga ham sig'maydi... Xo'sh, nanotexnologiya – aslida o'zi nima? Dastlab shu savolga javob izlab ko'ramiz.
Mutaxassislarning ta'riflashicha, bu molekula yoki atomlar o'lchamidagi materiallar bilan ish olib borishni o'rganadigan soha. Yanada batafsilroq aytadigan bo'lsak, o'lchamlari 100 nanometrdan kichik komponentlarni o'z ichiga olgan, tamoman yangi sifatlarga ega bo'lgan va ularni katta masshtabli, to'laqonli ishlaydigan sistemaga aylantirishga imkon beruvchi ob'ektlarni nazorat ostida yaratish, modifikatsiyalash usullari va uslublari majmuasi nanotexnologiyalar deyiladi.
Komil Muqimovning “Mitti bunyodkorlar” kitobida nano atamasi shunday izohlanadi:
“Nanotexnologiya” so'zi ikki atama – “nano” va “texnologiya” so'zlaridan tashkil topgan. “Nano” qadimiy yunonchada “nannos” bo'lib, o'zbek tilida “pakana”, “mitti” degan ma'noni anglatadi. “Nano” – biror narsaning milliarddan bir qismi, deb qabul qilingan. Masalan, nanosekund (ns) - sekundning milliarddan bir qismi, deb tushunamiz. Xuddi shunday, bir nanometr – metrning milliarddan bir qismidir. Ko'pchilik mikrometr yoki mikron va mikroelektronika so'zlari bilan yaxshi tanish. Mikrometr metrning milliondan bir ulushi bo'lsa, nanometr esa mikrometrdan ming marta kichik o'lchamdir. Texnologiya – ilk xomashyo (holati va shakli)ni qayta ishlash, tayyorlash, o'zgartish natijasida tayyor mahsulotni olish usullari majmuasidir. Ushbu ta'riflar bizga nanotexnologiya tushunchasini yaxshiroq anglashimizga yordam beradi.
Nanotexnologiyalar tarixi ham juda qiziq. Bu voqea 1981 yilda sodir bo'lgan edi. IBMning Shvetsariya bo'limida ishlaydigan olimlar G. Binning va G. Rored yuzalar mikrorel'efini o'lchash muammolari bilan shug'ullanar edi. Shu jarayonda ular materialning yuzasidagi yakka atomlarni ham farqlash qobiliyatiga ega bo'lgan tunnelli mikroskopni yaratishga erishdilar. Tunelli mikroskopning o'ziga xosligi shunda ediki, uning kichik kuchlanish beriladigan o'tkir ignali uchi material sirtida undan taxminan bir nanometr mafosada harakatlanadi. Olimlarda bundan so'ng materialning yuzasidagi yakka atomlarni farqlash imkoni paydo bo'ladi. Shuningdek, u nafaqat ko'rish, balki, yakka atomlarga ta'sir qila olish qobiliyatiga ega ekanligi bilan ham muhim ahamiyatga ega edi. Shu tariqa mazkur soha dunyo ilm fani e'tiborini tortdi. 1990 yillarga kelib nanotexnologiya ishlab chiqarish sanoatiga ham kirib kela boshladi. Bugungi kunda nanotexnologiya bilan shug'ullanmaydigan birorta ayti kompaniyachi qolmagan. Mazkur tarmoqni moliyalashtirish uchun yiliga milliardlar dollar sarf etilmoqda.
Nanotexnologiyalarning xalq xo'jaligining barcha sohalariga tadbiq qilinishi inson turmush tarzini tubdan o'zgartirib yuborishga qodir. Dunyo ekspert olimlarining qayd etishicha, komp'yuterlarning yaratilishi axborot olamida ko'targan inqilobi, nanotexnologiyalarning borliq bilan uyg'unlashishi ham insoniyat hayotida ana shunday inqilobni amalga oshira olishiga ishonadilar. Buni nimalarda ko'rish mumkin: masalan, nanoelektronika kremniy mikrosxemalari o'rnini egallaydi va komp'yuterlarning umumiy ko'rsatkichlarini minglab marta oshiradi. Arzon, yengil va mustahkam nanomateriallar mashinasozlik va qurilishda ishlatiladigan metallarni siqib chiqaradi. Nanotexnologiyalar yordamida avtomobil' sanoati ekologik xavfsiz avtomobillarni ishlab chiqaradi, ularning ichki yonuv dvigatellaridagi benzin o'rnida yuqori samarali vodorod 4 yonilg'isi ishlatiladi. Nanomateriallar asosida tayyorlangan, quyosh batareyalari energetika sohasidan yonuvchi yoqilg'ilarni chiqarib yuboradi. Nanotexnologiyalar istalgan sohada arzon va sifatli mahsulotlarni yetkazib berish imkonini beradi. Ular yordamida insoniyat vaqti tejalishi barobarida, kam xarajat qilib, ko'p moddiy boyliklarga ega bo'lishi mumkin.
Eng quvonarlisi shuki, mutaxassislar kelajakda nanotexnologiyalar orqali ko'pdan-ko'p bedavo kasalliklarni yengish imkoniyati mavjud ekanligini ta'kidlamoqdalar. Jumladan, bugungi kunda “davosi yo'q” deb hisoblangan saraton, SPID, parkenson kabi kasalliklarni yengadi va odamzod umrini keskin uzaytiradi. Shu bois bugun dunyoda nanotexnologiyalar va nanomateriallar sohasidagi ilmiy-tekshirish ishlari hajmi va natijalari tez sur'atlar bilan kengayib, o'sib bormoqda.
Mamlakatimizda nanotexnologiya imkoniyatlaridan foydalanish borasida nimalarga e'tibor qaratilayotgani barchamizga qiziq. Mutaxassislarning fikriga ko'ra nanotexnologiyalarni o'z vaqtida rivojlantirishni boshlamagan davlatlar kelgusida tashqi bozorda raqobatbardosh bo'la olmaydilar. Ichki bozorda esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari import qilinadigan mahsulotlar bilan raqobatlasha olmaydi. Shu sababdan mamlakatimiz uchun o'z nanosanoatini yaratish strategik muhim vazifa sanaladi. Bugungi kunda nanotexnologiyalar sohasini rivojlantirish borasida qator yirik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda...
Dildora IBROHIMOVA
tayyorladi



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0