Norasmiy bandlik va noaniq raqamlar: aslida vaziyat qanday?
O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun ish o‘rinlari yaratish va ishsizlikka qarshi kurash masalasi dolzarb. Chunki demografik o‘sish surʼati yuqori, mehnatga layoqatli aholi soni ortib bormoqda. Har yili mehnat bozoriga 700-800 ming yosh kirib kelyapti. Rasmiy statistika mamlakatda minglab ish o‘rinlari yaratilayotgani, ishsizlik darajasi pasayib borayotgani haqida bong uradi. Masalan, hozirda respublikada ishsizlik darajasi 4,9 foiz atrofida. Ammo ish bilan taʼminlanganlarning katta qismi norasmiy ishlamoqda (ular soliq to‘lamaydi). 2025 yilda ishsizlik ko‘rsatkichi 5 foizdan yuqori edi. Xo‘sh, O‘zbekistonda bandlik, ish bilan taʼminlash borasidagi vaziyat qanday?
Respublikada millionlab kishilar norasmiy band aholi sanaladi. Norasmiy bandlik — bu rasmiy mehnat shartnomasiga ega bo‘lmagan, soliq organlarida hisobda turmaydigan va amaldagi qonunchilikka muvofiq rasmiy ravishda rasmiylashtirilmagan har qanday mehnat faoliyati sanaladi. Byudjet yoki xususiy korxonalarda shtat asosida ishlaydigan xodimlardan farqli o‘laroq, norasmiy band bo‘lgan shaxslarning mehnati himoya qilinmaydi. Pensiya jamg‘armasiga majburiy badallar to‘lanmagani sababli, keksalik yoshiga etganda minimal pensiyani olish yoki umuman pensiyaga chiqishda muammolar kelib chiqishi mumkin.
Norasmiy bandlik bo‘yicha raqamlarga eʼtibor qiladigan bo‘lsak, vaziyat biroz murakkab. Bloger Otabek Bakirov rasmiy va norasmiy ishlayotganlar statistikasidagi tafovut va tushunarsiz raqamlarga eʼtibor qaratgan. Maʼlum bo‘lishicha, O‘zbekistonda ish bilan band aholining 48 foizi soliq to‘lamasdan norasmiy ishlamoqda. Bu haqda 30 iyul kuni Toshkent shahrida o‘tgan muloqotda Fiskal tahlillar instituti bo‘lim boshlig‘i Uchqun Abdug‘aniev maʼlum qilgan. “Endi bu raqamlarni bir yil avval ochiqlagan maʼlumotlar bilan solishtiramiz. O‘shanda 15,4 million iqtisodiy faol aholidan 8 million rasmiy band (55%), 4,8 millioni esa norasmiy band (33%) ekani maʼlum qilingan (Bandlik vazirligi bu haqda infografika eʼlon qilgan). Bir yil ichida rasmiy bandlik kamayib, norasmiy bandlik oshgan bo‘lishi mumkinku deyishingiz mumkin. Lekin reja bo‘yicha 2025 yilda 5,2 million bandlik taʼminlanishi aytilgan bo‘lsada, bandlik rejasi 5,4 million etib bajarilgandi! Qaysi omillar taʼsirida norasmiy bandlik oshib, rasmiy bandlik kamaygan? Jumboq”, deya taʼkidlaydi iqtisodchi-bloger.
Mana shu faktlarning o‘zi O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari yaratish, rasmiy va norasmiy ish o‘rinlari bo‘yicha chalkashliklarni ko‘rsatadi. Qisqa qilib aytganda, masʼul tashkilotlar statistika ortidan quvishi oqibatida turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lmoqda.
Masalan, o‘zini o‘zi band qilish tushunchasi bor. Mahalla orqali 10 mln so‘m miqdorida (eng kam miqdor) kredit olmoqchi bo‘lgan fuqaro ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini oladi. U buning uchun 400 ming so‘mdan oshiq to‘lov to‘laydi. Hozirda o‘zini o‘zi band qilish bilan bog‘liq 72 ta faoliyat turi mavjud. O‘zbekistonda rasmiy statistika maʼlumotlariga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soni jadal surʼatlar bilan oshib, 5,5 million nafardan oshgan. Soliq qo‘mitasi taqdim etgan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bu boradagi asosiy tafsilotlar quyidagicha: fuqarolar eng ko‘p maishiy xizmatlar ko‘rsatish (2,2 milliondan ortiq), qishloq xo‘jaligi (1,5 millionga yaqin) hamda yo‘lovchi tashish (taksi) sohalarida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, hunarmandchilik, sanoat, IT va ijtimoiy sohalarda ham o‘zini o‘zi band qilganlar soni sezilarli darajada ko‘paygan. Ro‘yxatdan o‘tganlarning taxminan 58 foizini erkaklar, 42 foizini esa ayollar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Samarqand viloyati, Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari etakchilik qilmoqda.
Demak, bahsli tuyulmasin, 10 mln so‘m kredit olib, ikkita qo‘y sotib olgan inson ham ish bilan taʼminlangan hisoblanyapti. Kredit bergan bank, faollari esa ish o‘rni yaratganligini daʼvo qilmoqda. Natijada ushbu sonlarning hammasi yig‘ilib, yuqoridagi shubhali raqamlarni hosil bo‘layotir.
Yana bir maʼlumot: norasmiy band bo‘lganlar soliq to‘lamaydi. Bu eng muhim omillardan biri sanaladi. Soliq to‘lamaydigan million kishilar bu davlat uchun anchagina katta muammo sanaladi. Fiskal tahlillar instituti bo‘lim boshlig‘i Uchqun Abdug‘anievning hisob-kitoblarga asoslanib aytishicha, mamlakatda 1 million fuqaroning rasmiy bandlikka o‘tkazilishi byudjetida qo‘shimcha 3 trillion so‘mgacha soliq tushumi keltiradi. “Bu mablag‘ evaziga 480 o‘rinli 100 ta maktab qurish mumkin”, deya taʼkidlaydi mutaxassis.
Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak, degan savol tug‘iladi. Maʼlumki, yirik iqtisodiyotga ega kapitalistik davlatlarda norasmiy bandlikka qarshi kuchli taʼsir choralari mavjud, soliq to‘lamasdan faoliyat olib borgan shaxslar ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkin.
Ko‘pgina xorijiy davlatlarda (masalan, Evropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSh, Janubiy Koreya) ish beruvchiga xodimni shartnomasiz yoki norasmiy ishlatgani uchun juda katta miqdorda moliyaviy jarimalar belgilanadi. Hatto ayrim holatlarda jinoiy javobgarlikka tortish amaliyoti ham bor. Ko‘plab mamlakatlar norasmiy sektordagi kichik biznes yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun soliq stavkalarini keskin kamaytiradi yoki ularni ro‘yxatdan o‘tishni osonlashtiruvchi raqamli platformalar (masalan, maxsus mobil ilovalar) bilan taʼminlaydi. Davlatlar norasmiy bandlikning salbiy oqibatlarini tushuntirib, rasmiy ishlash orqali pensiya, tibbiy sug‘urta va ishsizlik nafaqasiga ega bo‘lish mumkinligini targ‘ib qiladi. O‘zbekiston ham asta-sekin norasmiy sektor ulushini kamaytirib, rasmiy va soliq to‘laydigan tizim vakillarini ko‘paytirib borishi zarur. Albatta, bunda keskin va “shok terapiya” usulidagi yo‘ldan borishni tavsiya etmaymiz. Chunki bunday usul iqtisodiyotga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin.
Bandlik vazirligi, Soliq qo‘mitasi kabi tashkilotlar mazkur masala bo‘yicha yagona platforma tuzib, chuqur tahlil va tekshiruvdan o‘tgan maʼlumotlarni eʼlon qilib borishi maqsadga muvofiq. Masalan, avvalroq O‘zbekistonda 2026 yilda 1 mln norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgan. Bu prezidentning fevral oyidagi 2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarorida ko‘zda tutilgan. Yil oxiriga qadar 1 mln ish o‘rnini rasmiy sektorga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan, bunda masʼul davlat organlari uchun hududlar kesimida maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlangan. Xususan, Soliq qo‘mitasi 460 ming ish o‘rnini legallashtirishi kerak. Yana 125 mingta ish o‘rni Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Biroq, yilning etti oyi yakunlandi, tegishli tashkilotlar mazkur masalada ketayotgan ishlar bo‘yicha jamoatchilikka maʼlumot berganicha yo‘q. Bu mazkur muhim masalada ishlar oqsayotgani, jamoatchilikka faqat quruq va yaltiroq raqamlar taqdim etilayotgani, hisobdorlik yo‘qolayotganidan darak bermaydimi?
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0