Og‘ziga mushak kirib, yuzi portlab ketgan yigit hozir qaerda?
1996 yil to‘ylardan birida noxush holat ro‘y berdi va hammani larzaga soldi. Xursandchilik sabab otilgan mushaklardan biri uchib kelib, mehmon yigitlardan birining og‘ziga kirib ketdi va portladi. Yigitning holati juda ayanchli edi, lekin shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldilar. Sud paytida aybdor “to‘yda xursandchilik bo‘lgandi, bunday bo‘lishini bilmagandim” deya pushaymonlik bildirgandi. Shifokorlar yigit haqida “bundan ham og‘irroqlarini ham qutqarganmiz, murakkab plastik operatsiyalar qilamiz, yaxshi bo‘lib ketadi” degan. Mana shu voqeaga ham 30 yil bo‘libdi. Xo‘sh, o‘sha yigit qaerda? U tirikmi, taqdiri nima bo‘ldi?
Bugun internet rivojlandi, axborot olish va tarqatish tezlashdi. Internetda turli voqealar yashin tezligida tarqalmoqda va ko‘plari yodimizdan ham ko‘tarilib ketmoqda. Ammo yuqoridagi voqea yuz bergan vaqtda internet yo‘q edi, hatto televizorning borligi katta hashamat sanalardi. Noxush mushak voqeasidan keyin jabrlanuvchi haqida televidenieda ham ko‘rsatuv va xabarlar namoyish etildi. Natijada mazkur xabar butun O‘zbekistonga tarqaldi. Yigitning ahvoli juda og‘ir edi, uning og‘zi deyarli parchalanib ketgan, burni va boshqa aʼzolariga ham qattiq jarohat etgandi. O‘sha paytda tarqalgan ayanchli surat ko‘pchilikni shokka tushirib qo‘ygani ham bor gap.
Yillar o‘tib, narsalar o‘zgardi. To‘ydagi eʼtiborsizlikmi yoki masʼuliyatsizlikmi bir insonning taqdirini o‘zgartirib yubordi. Vaqt o‘tib, nimalar o‘zgargani haqida bilgimiz keldi. Ijtimoiy tarmoqlar katta kuchga aylandi. Feysbuk tarmog‘ida yozilgan kichik postning o‘ziyoq, jabrlanuvchi yigit haqida ko‘plab maʼlumot olishimizni taʼminladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, yigitning ismi Ahror Rahmedov, Toshkentda, 1972 yilda Zangiotada tug‘ilgan. ToshMIda tahsil ko‘rgan. Yuqoridagi xunuk voqea ham aynan kursdoshining to‘yida yuz bergan. Ahror hayotida yuz bergan tasodifiy baxtsizlikdan so‘ng taqdirga tan bermadi. Aynan uning kurashuvchanligi, hayotga bo‘lgan muhabbati ajoyib hikoyani yaratdi.
Toshkentdagi operatsiyalardan so‘ng qahramonimiz to‘liq tuzalmagan va xorijda ham davolangan. Hatto u AQShning Sietl shahrida bir muddat yashagan, Qo‘shma Shtatlardagi shifoxonalarda ham operatsiya qilingan. 2004 yilda eʼlon qilingan maqolada Ahror Rahmedovning hayotiga oida bir qancha tafsilotlar ochiladi. Jurnalist Keti Jorj tayyorlagan maqolada Ahror o‘zining Amerikaga ilk kelishi, davolanishi va boshqa tafsilotlarni gapirib beradi. Xususan, u gapirishga imkoniyati bo‘lmagani sabab, fikrlarini yozib berib tushuntirgani haqida gapirgan. Ushbu maqolada Ahror Rahmedov Vashington universiteti bilan hamkorlik boshlagani, shifokorlar uning yuzini tiklagani va gapirish imkoniyati qaytgani haqida ham so‘zlagan.
Ijtimoiy tarmoqdagi postimiz ostida yozilgan izohlarda qahramonimiz taqdiri haqida qiziq va muhim fikrlarni bilib olamiz. Hatto uni operatsiya vaqtida vafot etgan deb ham o‘ylar ekan. Ammo bunday emas. Feysbuk foydalanuvchisi Barno Haydarova esa Ahror Rahmedov bilan AQShga bitta reysda uchganini va bemorga ovqatni trubka orqali qo‘yishgani haqida yozadi.
“1996 yil, 11 oktyabrda ToshMIga olib kelgandi, o‘sha payt men shu erda, reanimatsiyada edim” – deydi Dilfuza Hafizova.
Yana bir tarmoq foydalanuvchisi Ziyoda Hoshimova Ahror Rahmedov bo‘yicha xotiralarini yodga oladi: “Yuragimdan operatsiya bo‘lgan paytlarim edi, yosh qizcha edim. Shifoxonada Ahror aka bilan bitta liftda bo‘lib qoldik. Tomoq tagiga katta teshik. Qo‘rqib ketib, chinqirdim, onam meni ovutdilar, akaga qarab xafa bo‘lmang deb xijolat bo‘lgandilar”.
Juda taʼsirli va odamning to‘lqinlantirgan sahna, shunday emasmi?
Bugun qahramonimiz AQShning Texas shtatida istiqomat qiladi. Ahrorning kursdoshi Javodbek Yoqubovning maʼlumot berishicha, oilali, to‘rt nafar farzandi bor. Ahror juda kurashuvchan va irodali yigit. Dasturiy taʼminot sohasida mehnat qiladi va o‘z o‘rnini topgan.
“U AQShda yashayapti, uch o‘g‘li va bir qizi bor. Chiroyli uy va “Tesla” elektromobili sotib olgan. Yaqinda gaplashganimizda futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekistonga muxlislik qilishini va o‘yinlarga chipta sotib olganini aytdi”, deydi yaqinlaridan biri Adolat opa.
Ahror Rahmedovning otasi Baxtiyor aka hozirda Toshkent shahrida yashaydi. Ahrorbekning O‘zbekistonda olti nafar singlisi ham bor ekan. U AQShdagi hayoti, tiklanishi va boshqa jarayonlar haqida Finding Face and Faith in America (“AQShda yuzim va ishonchni topganim”) nomli kitob ham yozgan.
Xullas, juda og‘ir ahvol va qiyin taqdirga qaramay Ahror Rahmedovning taslim bo‘lmagani va o‘zi hayotini qaytadan qurgani eʼtiborga molik. Ushbu voqea bizga matonat va irodadan tashqari yana bir narsani o‘rgatadi: ehtiyotkorlik va masʼuliyat. Albatta, o‘sha to‘ydagi ayrimlarning masʼuliyatsizligi va eʼtiborsizligi bir kishining azob chekishiga sabab bo‘ldi. O‘sha yillardan keyin O‘zbekistonda pirotexnika vositalarining olib kirilishi va sotilishi qatʼiy nazoratga olindi. Ayniqsa Yangi yil bayrami arafasida nazorat kuchaytirildi. Va bizningcha, bu to‘g‘ri va oqilona qaror sanaladi.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/55
0
0
0
0