Panjob shahrida o'quv markazi, universitetda yangi yo'nalish: Hindistonda o'zbek tilini o'rganuvchilar ko'paymoqda
Kecha Hindistonning O'zbekistondagi elchixonasida ikki davlat o'rtasida rivojlanib borayotgan aloqalarning sarhisobiga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.
Tadbirda Hindistonning O'zbekistondagi elchisi Smita Pant hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Elchi xonim so'nggi yillarda ikki davlat o'rtasidagi rivojlanib borayotgan ishonchli munosabatlarda erishilgan asosiy yutuqlar va muhim o'zgarishlar haqida ma'lumot berdi. Jumladan, davlat rahbarlarining 2025 yildagi xalqaro darajadagi uchrashuvlari, parlamentlararo aloqalar, madaniy-ma'rifiy hamkorlik tahlil qilindi. 12-15 mart kunlari Toshkentda hind kinoijodkorlari tomonidan o'tkazilishi rejalashtirilayotgan 2 - kinofestival uchun 5 ta hind kinosi tanlangani ma'lum qilindi.
Tadbirda ta'kidlanishicha, 2025 yilda o'qish uchun 16 ming hind yoshlari mamlakatimizga kelgan. Sayyohlar soni esa qariyb 100 ming nafarni tashkil etgan.
– Hindistonda o'zbek tilini o'rganish rivojlanmoqda, – dedi Hindistonning O'zbekistondagi elchisi Smita Pant. – Jumladan, yaqinda Panjob shahrida o'zbek tilini o'rgatuvchi o'quv markazi ochilyapti. Dehli universitetida esa bakalavr yo'nalishida o'zbek tili fakul'teti tashkil etildi. Bular allaqachon bo'lishi kerak edi, chunki so'nggi yillarda hindistonlik yoshlar o'zbek tilini qiziqib o'rganmoqda.
Darvoqe, ushbu mamlakatdan kelgan yoshlar yurtimizda asosan tibbiyot yo'nalishida tahsil olishmoqda.
Bundan tashqari tadbirda Hindiston O'zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari o'ntaligiga kirishi, farmatsevtika, mashinasozlik, qishloq xo'jaligi, konchilik va transport-logistika loyihalari kabi yo'nalishlarda hali foydalanilmagan salohiyat va imkoniyatlar katta ekani ta'kidlandi.
Zebo Namozova,
ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0