Bolalarga zo'ravonlik uchun 6 nafar pedagog jarimaga tortildi, 15 nafari intizomiy jazo oldi
Bolalar Ombudsmani rahbarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so'zlagan ma'ruzasiga ko'ra, 2025 yilda Bola huquqlari bo'yicha vakil nomiga fuqarolar, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo'lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari hamda boshqa yuridik shaxslardan jami 1934 ta murojaat kelib tushgan.
Shundan 42 tasi bevosita bolalar tomonidan yuborilgan bo'lib, bu umumiy murojaatlarning 2,17 foizini tashkil etgan. Shuningdek, 2025 yil davomida vakilning 35 ta shaxsiy qabuli o'tkazilib, ularda 141 nafar fuqaroning murojaati ko'rib chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati natijasida bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlari yuzasidan jami 36 ta ta'sir hujjati kiritilgan. Jumladan, 2 ta ogohlantirish, 6 ta taqdimnoma, 25 ta xulosa hamda 3 ta sud hujjati ustidan protest keltirish to'g'risida iltimosnoma rasmiylashtirilgan.
Murojaatlarni o'rganish asosida bolalarga nisbatan sodir etilgan zo'ravonlik holatlari bo'yicha 19 ta jinoyat ishi va 26 ta ma'muriy ish qo'zg'atilgan. Shuningdek, jinoyat ishini qo'zg'atishni rad etish haqidagi 20 ta qaror bekor qilinib, qo'shimcha tekshiruv o'tkazish uchun yuborilgan.
Internet tarmog'ida o'tkazilgan monitoring natijasida aniqlangan bola huquqlari buzilishi holatlari bo'yicha esa 23 ta jinoyat ishi va 28 ta ma'muriy ish qo'zg'atilishi ta'minlangan.
Ta'lim muassasalarida bolaga nisbatan jismoniy zo'ravonlik qo'llagani hamda kasbiy vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgani uchun 6 nafar pedagog ma'muriy javobgarlikka tortilgan. Bolalarga nisbatan qo'pol xatti-harakatlari uchun 15 nafar pedagogga intizomiy jazo qo'llanilgan.
Shu bilan birga, bolaning sha'ni va qadr-qimmatini poymol qilgani uchun 2 nafar fuqaro ma'muriy javobgarlikka tortilgan, qonunbuzilishlarga yo'l qo'ygan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 2 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari ko'rilgan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0