Paradokslar yurti: minglab xorijliklar O‘zbekistonda ishlamoqda
Odatda O‘zbekistondagi mavjud ijtimoiy muammolar haqida gapirilganda ishsizlik alohida tilga olinadi. Tan olish kerak, millionlab hamyurtlarimiz xorijda (asosan, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Janubiy Koreya) ishlamoqda. Har yili bir millionga yaqin yoshlar mehnat bozorida kirib kelmoqda. Aholining tabiiy o‘sishi esa hanuz yuqori. Bu mehnatga layoqatli aholi soni ko‘pligini taʼminlaydi. Lekin bir faktor ham bo‘y ko‘rsatyapti: O‘zbekistonda ham maoshlar o‘smoqda, ish o‘rinlari yaratilmoqda. Nega ayrim odamlarimiz vatanda qolib ishlashga shoshilmayapti?
Ingliz tilini biladigan taksi
Yumush bilan ilova orqali taksi chaqirdim. Qarasam, haydovchi xorijlik, aniqrog‘i nepallik ekan. Ingliz tilida bilimim juda zo‘r bo‘lmasa ham, amallab internetdan foydalangan holda gaplashib ketdim. O‘zbekistonda ham nonini topib yuribdi ekan.
Yana biri Muhammadfaysal anchadan beri Toshkentda “dostavka” bilan shug‘ullanar ekan. Eʼtiborli jihatlaridan biri uning ingliz tilidan bilimi chakanaga o‘xshamadi. Tasavvur qiling, ingliz tilida ravon gaplashuvchi xizmatchi Toshkentga kelib tirikchilik qilmoqda. Bu narsa O‘zbekiston ham jahonda mashhur bo‘lib borayotganini anglatadi.
Bir necha kun o‘tgach, Istanbuldan kelgan haydovchini ham uchratib qoldim. Tasavvur qiling, odatda bizning qorako‘zlar uning shahriga borib tirikchilik qiladi. Lekin turkiyalik haydovchining Toshkentdagi faoliyatini ko‘ri, ayrim narsalar o‘zgarib borayotganini anglab etdim.
5 mln so‘m maosh va qulayliklar... Ishchi yo‘q!..
Yaqinda bir qurilish firmasini boshqaruvchi tanishim ishchi zarurligini aytib qoldi. Aytishicha, oddiy ishchiga yotoq va uch mahal ovqat, eng asosiysi 5 mln so‘m maosh berilar ekan. Lekin, uning aytishicha shu imkoniyatlar bo‘lsa ham ishchilar topilmayotgan emish. Tasavvur qiling, deyarli xarajat qilmaysiz, amallasangiz butun oylik maoshingiz qo‘lingizga tegadi. Turarjoyga, ovqatga xarajat qilmaysiz. Menimcha, yomon emas. 5 mln so‘m bugungi kurs bo‘yicha 400 AQSh dollaridan oshiqroq mablag‘ bo‘ladi. Rossiyaga borib, o‘rtacha ishga joylashgan odam ham, orttirsa shuncha pul orttiradi-da, buning ustiga reydlar, tazyiqlar, patent to‘lovi va boshqa muammolar mavjud. Rus o‘lkasining xavfsizlik masalasi tobora kun tartibiga chiqayotgani, xalqaro vaziyatning og‘irlashib borayotgani esa alohi masala. Hatto Sharqiy Evropadagi ko‘pgina davlatlar ham 1000 evrogacha maosh berishi mumkin ekan. Yoki yaqinda internetda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan andijonliklar va Belarus keysini olaylik. Tasavvur qiling, yuz minglab o‘zbeklar xorijda qiynalib, pulini ololmay, og‘ir sharoitlarda yuribdi, Toshkentda esa o‘zbek ish beruvchisi ishchi topolmay halak!.. G‘alati paradoks, xullas.
Menimcha, mazkur masala bo‘yicha o‘zimizda ham oz-moz ayb bor. Masalan, Rossiya yoki Evropada pul topish oson, pulda baraka bor degan xayolga boramiz. Ammo ishontirib aytamanki, pul topish va ishlatishni bilgan chet elda ham, O‘zbekistonda ham nonini butun qilib eydi. Albatta, O‘zbekistonda hammasi zo‘r, xorijdan yaxshi degan qarashni ham singdirmoqchi emasmiz. Ammo ona yurt, baribir boshqa. Bu erda ishlash asnosida o‘qish yoki boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish, kelajakda shaxsiy rivojlanishga poydevor qo‘yish osonroq. O‘zingizni ko‘rsatsangiz, 5 mln so‘m maoshingiz 10-15 mln so‘mga ko‘tarilishi, hayotingiz to‘kinlashib borishi aniq. Eng muhimi o‘z uyingizda, xavfsiz, o‘z qonunlarimiz himoyasi ostida yashaysiz.
O‘zbekistonda xorijlik sifatida ishlash osonmas
Garchi yuqori salohiyatli mutaxassis uchun O‘zbekiston barcha davlatlar kabi qulay bo‘lgani bilan, oddiy ishchilar uchun vaziyat boshqacharoq. O‘zbekistonda xorijliklarning mehnat faoliyatini amalga oshirishi tartibi so‘nggi yillarda biroz soddalashtirilgan va raqamlashtirilgan, lekin umuman olganda uni juda oson ham, haddan tashqari qiyin ham deb bo‘lmaydi — u maʼlum byurokratik talablar va meʼyorlarga asoslanadi. O‘zbekistonda korxona tashkil qilgan xorijlik investorlar, ularning rahbarlari va ayrim toifadagi shaxslar uchun viza va ishlash huquqini olish shartlari qulayroq qilib qo‘yilgan. Har bir chet ellik O‘zbekistonda ishlashi uchun mahalliy ish beruvchi orqali Migratsiya agentligidan yoki tegishli organlardan maxsus tasdiqnoma (ruxsatnoma) olishi shart.
Ish beruvchi xorijlik xodimni yollashi uchun nima sababdan mahalliy kadr emas, aynan chet ellik mutaxassis kerakligini asoslab berishi hamda qonunchilikda belgilangan talablarga rioya qilishi lozim. Viza rejimini rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashash ro‘yxati (propiska) va mehnat shartnomasini davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish qatʼiy muddatlarda bajarilishi kerak. Qoidalar buzilsa, jarima yoki mamlakatdan chiqarib yuborish xavfi mavjud.
Xulosa qilib aytganda, agar xorijlik fuqaro rasmiy taklif qilgan ish beruvchiga ega bo‘lsa va hujjatlari joyida bo‘lsa, ishlash huquqini rasmiylashtirish qiyin emas. Lekin hech qanday ruxsatnomasiz yoki noqonuniy tarzda ishlash qatʼiyan taqiqlanadi va jiddiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
“Bekor yurganim yaxshi...”
Baʼzan ishsiz yurgan shaxsga ish topib berganda, bir iboraga duch kelamiz. “Bu oylikka ishlaguncha, bekor yurganim yaxshi...”. Albatta, boshqalar mo‘may daromad ko‘rib turganda, kamroq oylikka ishlash odamga alam qiladi. Ammo, kim qiyinchilik ko‘rmagan? Barcha havas qiladigan AQShdagi milliarderlar hayotini o‘rganib ko‘rganimizda, baʼzilari o‘z faoliyatini oddiy ishchi sifatida boshlaganini ko‘ramiz. Motivatsiya va maʼnaviyatdan maʼruza o‘qish niyatimiz yo‘q, lekin bu bor gap. O‘zbekistonda esa bu tendentsiya kamroq kuzatiladi. Bizda chet elda yillab ishlab hech vaqosiz qaytib kelish mumkin, ammo ozroq maoshga ishlash uyat sanaladi. Yoki kinoda aytilganidek, “xo‘rozqand chet elniki bo‘lsa, yotvolib yalash kerakmi”?
Yaqinda jurnalist Ibrat Safoning o‘zbek-turkman chegarasi bo‘yicha tayyorlagan ko‘rsatuvini tomosha qildim. Ko‘rsatuvda biz uchun bir qator yangiliklar bor. Ulardan biri – yuzlab turkmanistonliklar O‘zbekistonga kelib ishlayotgan ekan. Qiziq-a? Qog‘ozda bir kishiga to‘g‘ri keladigan YaIM Turkmanistonda balandroq. Turkmanistonda aholi O‘zbekistonday ko‘p emas, bundan tashqari ularda mislsiz boyliklar, energiya manbalari bor. Shunda ham O‘zbekistonga kelib ishlashyapti. Asosiy sabablardan biri, O‘zbekistonda iqtisodiy hayot Turkmanistonga qaraganda erkinroq. Bu omillar turkmanlarni O‘zbekistonga kelib ishlashga undamoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda ham bugun imkoniyatlar ochilib bormoqda. Xorijga oddiy ishchi bo‘lib yo‘l olishdan avval yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Ketish afzalmi, yoki qolish? Bizningcha, yurtimiz ham ayrim masalalarda xorij bilan bemalol bellashmoqda. Har bir muhojir O‘zbekistonda pul topayotgani o‘ziga xos indikator bo‘ladi va yoshlar do‘ppi tizzaga kiyidirib o‘ylab ko‘radigan payti keldi. Siz mazkur fikrlarga nima deysiz?
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0