Rossiyada migrantlar har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart
Rossiyada 1 sentyabrdan mamlakatda 90 kundan ortiq qolishni rejalashtirgan xorijliklar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish bo‘yicha yangi talablar kuchga kirdi.
Yangi tartibga ko‘ra, ishlash, o‘qish yoki boshqa maqsadlarda Rossiyaga kelgan va 90 kundan ortiq qolmoqchi bo‘lgan chet el fuqarolari OIV infektsiyasi, giyohvandlik, sil, sifilis hamda boshqa xavfli kasalliklar bo‘yicha tibbiy tekshiruvdan o‘tishi kerak.
Xorijliklar mamlakatga kirganidan keyin bir oy ichida tegishli tibbiy maʼlumotnomani olishi shart. Keyinchalik tibbiy ko‘rik har yili takrorlanadi. Talabni bajarmagan shaxslarga 25 mingdan 50 ming rublgacha jarima solinishi va ularni Rossiyadan chiqarib yuborish chorasi qo‘llanishi mumkin.
Yangi qoidalarga ko‘ra, tibbiyot muassasalari xorijliklarga berilgan maʼlumotnomalarni elektron shaklda rasmiylashtiradi. Hujjatlar elektron imzo bilan tasdiqlanib, 24 soat ichida Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli reestriga kiritilishi lozim.
Agar tibbiy ko‘rik jarayonida xavfli yuqumli kasallik yoki giyohvandlik aniqlansa, bu haqda Ichki ishlar vazirligi hamda “Rospotrebnadzor”ga xabar beriladi. Mazkur idoralar olingan maʼlumotlar asosida xorijlikni mamlakatdan deportatsiya qilish masalasini hal qilishi mumkin.
Qonun tibbiy ko‘rik o‘tkazish huquqini boshqa shaxs yoki tashkilotlarga berishni ham taqiqlaydi. Ushbu talabni buzgan tibbiyot muassasalari 1 million rublgacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu choralar, xususan, soxta tibbiy maʼlumotnomalar tayyorlash va ulardan foydalanish holatlariga barham berishga qaratilgan.
Soxta tibbiy maʼlumotnomalarni tayyorlash, sotish yoki sotib olish uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Xususan, bunday hujjatlarni internet orqali bir guruh shaxslar tomonidan sotish yoki sotib olish 3 yildan 6 yilgacha qamoq va 2 million rublgacha jarima bilan jazolanishi mumkin.
Agar qalbaki maʼlumotnomalardan foydalanish ommaviy kasallanishga olib kelsa, jazo 4 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 3 million rublgacha jarimani tashkil etadi. Ilgari soxta maʼlumotnoma sotish bilan bog‘liq holatlar Jinoyat kodeksining 327-moddasi asosida ko‘rib chiqilib, 2 yilgacha qamoq jazosi belgilangan edi.
Qayd etilishicha, ilgari xorijliklardan tibbiy maʼlumotnoma asosan ishlash ruxsatnomasi, patent, vaqtinchalik yashash yoki yashash guvohnomasini rasmiylashtirish jarayonida talab qilingan. Bunday hujjatlarni taqdim etish muddati ham 30 kundan 90 kungacha bo‘lgan.
Yangi o‘zgartirishlar Rossiyaning “Xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonuni, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga kiritilgan. Hujjat Davlat dumasiga barcha fraktsiyalar deputatlari tomonidan kiritilib, 2026 yil may oyida quyi palatada qabul qilingan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0