Shukurillo Isroilov tayinlovidan jamoatchilik nega norozi?!
Ijtimoiy tarmoqlarda xalqimizning sevimli so‘z ustasi Shukurillo Isroilov Madaniyat vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani haqida xabarlar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay, Madaniyat vazirligi bu maʼlumotga aniqlik kiritib, Isroilov Shukurillo Ahmadqulovich Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganini maʼlum qildi.
Bir qarashda, bu oddiy kadrlar tayinlovi. Ammo jamoatchilikning munosabati bu xabarni oddiy lavozim almashinuvidan ancha katta masalaga aylantirib yubordi. Chunki gap faqat Shukurillo Isroilov haqida emas. Gap madaniyat sohasida masʼul lavozimga shaxs tanlashda qanday mezon ustuvor bo‘lishi kerakligi haqida ketmoqda. So‘z ustasi bo‘lish bir narsa.
Tashkilotni boshqarish, jamoa bilan ishlash, davlat va jamoatchilik oldida masʼuliyatni his qilish butunlay boshqa masala…
Sahnada insonning asosiy quroli — so‘z, hazil, obraz va auditoriya bilan muloqot bo‘lsa, boshqaruvda undan qaror qabul qilish, masʼuliyatni o‘z zimmasiga olish, vaziyatni to‘g‘ri baholash, odamlar bilan ishlash va eng muhimi, lavozimning shaʼniga mos muomala talab etiladi.
Shu maʼnoda jamoatchilikning «bu lavozimga kim munosib?» degan savoli mutlaqo tabiiy. Ayniqsa, madaniyat sohasida. Chunki madaniyat faqat kontsert, sahna yoki ko‘ngilochar tadbirlar yig‘indisi emas. U jamiyatning didi, tafakkuri, axloqiy mezonlari va davlatning maʼnaviy qiyofasiga daxldor soha hamdir. Shunday ekan, bu sohada rahbarlik lavozimiga tayinlangan shaxsning kasbiy qobiliyati bilan birga, obro‘si, muomala madaniyati, shaxsiy masʼuliyati va jamoatchilik oldidagi xulq-atvori ham ahamiyatli bo‘lmasligi mumkinmi?
Isroilovga bildirilayotgan tanqidlarning ayrimlari uning jonli efirda kameraga tushib qolgan «xatti-harakatlari» bilan ham bog‘liq. Boshqalar esa bu lavozimni boshqa, o‘z sohasida namuna bo‘lgan sanʼatkor yoki mutaxassis egallashi kerak edi, degan fikrni ilgari surmoqda.
Bu erda eng muhim jihat bor. Bir videolavha insonning butun shaxsiyatiga hukm chiqarish uchun etarlimi?! Biroq buning aksi ham to‘g‘ri: lavozimga tayinlangan insonning jamoatchilik oldidagi har qanday xatti-harakatini «bu uning shaxsiy hayoti» deb chetga surish ham to‘g‘ri emas. Ayniqsa, davlat tizimidagi masʼul lavozim haqida gap ketganda.
Chunki mansabdor shaxsning shaxsiy xulq-atvori bilan xizmat vazifasidagi imiji o‘rtasida maʼlum darajada bog‘liqlik bo‘ladi.
Jamoatchilik ishonchini qozonish ham lavozimning yozma vakolatlaridan kam ahamiyatga ega emas.
Ushbu vaziyatda kadrlar tanlovi qanday mezon asosida amalga oshirilganini jamoatchilik bilishi kerak. Nomzodning sohadagi tajribasi qanday?
Uning boshqaruv qobiliyati qay darajada? Toshkent shahri madaniyat sohasidagi muammolarni hal qilish uchun qanday rejalari bor?
Lavozimga tayinlashda qaysi professional va axloqiy mezonlar inobatga olingan? Agar bu savollarga ishonchli javoblar bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvlarning katta qismi o‘z-o‘zidan pasayadi.
Chunki jamoatchilik ko‘pincha tayinlovning o‘zidan ko‘ra, uning ortidagi mantiqni bilmagani uchun shubha qiladi. Bu voqea Madaniyat vazirligi uchun ham o‘ziga xos «signal». Albatta, har bir ijtimoiy tarmoqdagi fikrga qarab kadr tayinlash yoki lavozimdan olish mumkin emas. Ammo bu jamoatchilik fikrini umuman inkor qilish kerak, degani ham emas. Ayniqsa, minglab odamlar muhokama qilayotgan masalada vazirlikning «nega aynan shu nomzod?» degan savolga ochiq va asoslangan javob berishi ishonchni mustahkamlaydi.
Shukurillo Isroilovga nisbatan aytilgan tanqidlar adolatlimi yoki yo‘qmi buni uning keyingi faoliyati ko‘rsatadi. Agar u ishi bilan madaniyat rivojiga hissa qo‘shsa, jamoa bilan samarali ishlasa, soha vakillarining muammolariga echim topsa, bugungi tanqidlarning o‘ziyoq ertaga boshqacha tus olishi mumkin. Agar aksincha bo‘lsa, jamoatchilikning bugungi shubhalari yanada kuchayadi.
Dildora DO‘SMATOVA
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0