Qudratilla Rafiqov: Bugungi O‘zbekiston yoshlari havas qilsa arziydigan imkoniyatlarga ega
O‘zbekistonda keyingi yillarda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar yoshlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratdi. Bu haqda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan o‘n yil avval mamlakatda oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 10 foizga ham etmagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich to‘rt barobar oshib, 40 foizdan ortiqni tashkil etmoqda.
«Qisqa muddatda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar tufayli yuz minglab yoshlarning taqdiri va kelajagi uchun mustahkam zamin yaratildi. Bu Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan strategik siyosatning amaliy natijasidir», — dedi Qudratilla Rafiqov.
Shuningdek, u O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Akademiyasida talabalarning sifatli taʼlim olishi, kasbiy ko‘nikmalarni egallashi va kelgusida munosib mutaxassis bo‘lib etishishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganini qayd etdi.
Taʼkidlanishicha, Markaziy Osiyoda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yagona taʼlim muassasasi hisoblangan Akademiyada mehnat bozori talablariga mos 10 dan ortiq taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Ayni paytda bu erda jami 1 164 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 403 nafari kunduzgi, 761 nafari sirtqi taʼlim shaklida bilim olmoqda.
Akademiyada 33 ta zamonaviy o‘quv auditoriyasi, 3 ta maʼruza zali, 6 ta kompyuter xonasi, kimyo va fizika laboratoriyalari, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha maxsus o‘quv xonalari, sud zali, elektron kutubxona, 200 o‘rinli oshxona hamda barcha qulayliklarga ega talabalar turar joyi mavjud.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0