Quyidagi mutasaddilar murojaatlarga e'tiborliroq bo'lishsa, yuqoriga sim qoqishlar barham topardi
Norin tumani “Zarbdor” mahallasida yashovchi N.A. II guruh nogironi bir necha yildan beri qandli diabet kasalligidan aziyat chekadi. Lekin shunday bo'lsada, u hayot sinovlariga yengilmasdan, jamiyatda o'z o'rnini topishga intilib yashaydi. Kasb-hunar kollejini bitirib, viloyat kasalxonasida hamshira bo'lib ishlab, xususiy universitetda sirtdan tahsil oladi.
U davolanishi uchun ko'p miqdorda dori-darmon sotib oladi. Bir tomonda universitetga kontrakt to'lovini qilishi kerak. Qo'yingki, yolg'iz, so'qqabosh qizning tashvishini aritadigan yaqinlari ham yo'q hisobi.
U uzoq o'ylab, ming bir andisha bilan tuman hokimligi mutasaddilariga bir necha marta murojaat qildi.
-1-bosqich talabasiman. Shunga ko'ra, yarim o'quv yili uchun shartnoma to'lovini yarimi o'tkazilgan. Hozirda qolgan yarimini to'lashga, sharoitim yo'q. Dori-darmonlarim uchun ham, mablag' zarur. O'zim "Ayollar daftari"ning 3-toifasida kiritilganman. Mutasaddilarga bir necha marta murojaat qildim. Biroq, natija yo'q, hatto, arizamni yopib yuborishgan.
Osmon olis, yer qattiq.
Yolg'iz, kamiga uzoq davom etgan bemorlikdan qiylangan qizning tashvishlarini aritadigan biror kishi bo'lmadi.
Shunday kunlarning birida tanishlarining tavsiyasi bilan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 1211 raqamli «Ishonch telefoni»ga sim qoqdi.
Sinovli kunlar ortidan yelkasiga kun tekkandek bo'ldi. Tez kunlar orasida unga 750 ming so'm moddiy yordam ko'rsatildi.
Qissadan hissa, agar vaqtida quyi tizimda ishlayotgan rahbarlar uning murojaatiga ijobiy javob qilganlarida, ortiqcha sarson-sargardonliklarga chek qo'yilardi. Eng muhimi, fuqaro davlatimizning insonparvar siyosatini o'z vaqtida his qilardi. Yuqoriga sim qoqib, murojaat qilishga ham ehtiyoj qolmasdi.
Anvarjon HALIMOV
“ISHONCH”
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0