Ularning xizmatisiz shahar toza bo'lmaydi
Toshkent aholisi endi uyg'onayotganda, u allaqachon o'z ish o'rnida bo'ladi. Kanalizatsiya tizimi xodimi sifatida u yillar davomida minglab odamlarga xizmat ko'rsatib kelmoqda.
— Kanalizatsiya tizimi xodimlarining ishi odamlarga ko'rinmaydi, —deydi qahramonimiz Gulnora Yusupova. —Qachon muammo paydo bo'lsa, bizlarni eslashadi. Aslida bu tizimning to'g'ri ishlashi odamlar salomatligi va shahar tozaligi uchun eng asosiy omillardan biri. Ilgari kanalizatsiya tizimi faqat erkaklar ishlaydigan joy sifatida qaralardi. Lekin bugun ayollar ham bu kasbni o'zlashtirib, sohada xizmat qilmoqda.
Ba'zan kechasi ham chaqiruv bo'ladi, ba'zan esa og'ir texnika bilan ishlashga ham to'g'ri keladi. Ammo hecham nolimaymiz. Сhunki bizning xizmatimiz tufayli odamlar ertalab suvdan bemalol foydalanishadi. Bu esa, bizga kuch beradi.
Xodimlarning mehnatini yengillashtirish va aholiga xizmat ko'rsatish sifatini yanada yaxshilash uchun texnika va texnologiyalar muntazam yangilanib turishi kerak. Bu ham ishni tezlashtiradi, ham xavfsizlikni ta'minlaydi.
Shu desangiz, ayrim odamlarni hech tushunmayman. Ba'zan ular kanalizatsiya qopqoqlarini o'g'irlab ketishadi. Oqibatda ochiq qolgan kanalizatsiya chuqurlariga bolalar yoki kechasi uyiga qaytadigan odamlar yiqilib tushishi va jiddiy jarohat olishi mumkin. Yaqinda ham mahallaning ichidan kanalizatsiya qopqog'i o'g'irlab ketilishi oqibatida bir yurtdoshimiz og'ir jarohat oldi. Ayrimlar kanalizatsiyaga har xil chiqinlar tashlashadi. Bu ham bizning ishimizni og'irlashtiradi.
Suhbatdoshimizning so'zlariga ko'ra, ayrim tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar kanalizatsiyaga turli kimyoviy chiqindilar, tekstil' korxonalardan chiqayotgan bo'yoq qoldiqlarini ham tashlashar ekan. Bu rangli suvlar inshootlar ishiga salbiy ta'sir ko'rsatar ekan.
Aslida belgilangan me'yorga ko'ra, har bir ishlab chiqaruvchi korxonada lokal inshoot bo'lishi va ushbu birlamchi inshootlarda kimyoviy chiqindilar tozalanishi lozim. Ammo bunday inshootlarning ekspluatatsiyasi qimmatga tushganligi bois, ba'zi ishlab chiqaruvchilar korxonadan chiqqan oqova suvlarni kanalizatsiyaga oqizib yuborishmoqda.
— Siz tasvirda ko'rayotgan turli rangli oqova suvlar tekstil' korxonalaridan chiqmoqda, — deydi Gulnora Yusupova.
Agar qahramonimiz kuyinib tilga olgan muammolar muammoligicha qolaversa, uning jabrini faqat o'zimiz tortamiz.
Feruza Rahimova,
Jasur Solikov
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0