“Amerikada o'qish sindromi”
Ko'pchilikka ma'lum, yoshlar IELTS olib chet elga, ayniqsa, AQSh universitetlariga o'qishga ketishni maqsad qilgan.
Albatta: “O'zimizda ham oliy ta'lim muassasalari bor-ku, nima uchun o'zining tug'ilib o'sgan joyidan, yaqinlaridan uzoqda, ya'ni Amerika universitetida o'qishi kerak?”, – degan savol tug'ilishi mumkin. Keling, birgalikda buning sabablarini ko'rib chiqamiz:
Akademik mukammallik
Amerika Qo'shma Shtatlari har doim o'zining eng yaxshi universitetlari bilan faxrlanadi, chunki ularning ko'pchiligi jahon reytingida yetakchi o'rinlarni egallaydi. Oliy akademik standartlariga ega ekanliklari, ta'lim sifatiga bo'lgan e'tiqodlari va talabalarga kreativ tarzda bilim berishi orqali dunyoga tanilgan. “QS World Ranking 2024” ma'lumotlariga ko'ra, dunyodagi TOP-100 ta universitetning 31 tasi AQShda joylashgan.
Qulay ta'lim va baholash tizimi
Amerika universitetlari va kollejlari o'quvchilarning o'z xohishlariga ko'ra kurslar va dasturlarni taklif etadilar , ya'ni o'zining sohasidagi majburiy fanlardan tashqari qiziqshlaridan kelib chiqib qo'shimcha fanlarni tanlashlari mumkin. Bu mamlakatdagi barcha universitetlarda baholar «5» lik tizimda emas, balki harflar bilan belgilanadi. Sinf ishi, uyga vazifa, oraliq va nazorat ishlariga alohida baho qo'yilmaydi, balki yakuniy baho uchun ballar to'planadi. Har bir o'qituvchining o'z baholash tartibqoidasi va usuli bor. Ba'zi professorlar semestr bahosini faqat uy ishi va imtihonlarda to'plangan ballarga qarab chiqarishadi, ayrimlari bu jarayonda talabaning davomati va darslardagi faolligini, boshqalari esa jamoaviy ishlarda qatnashganini ham inobatga olishadi. AQSh universitetlarida doimo «extra point» (qo'shimcha ball) uchun imkon beriladi. Agar semestr oxirida talabaga bir necha ball yetmayotgan bo'lsa, bemalol qo'shimcha vazifalarni bajarib, bahosini ko'tarib olishi mumkin. Eng muhimi, bu ta'lim muassasalarida tolibi ilmning shaxsiyati qattiq hurmat qilinadi va baholar hech qachon barchaning oldida aytilmaydi, hamma o'z bahosini faqat o'zi ko'ra oladi. Mashg'ulotlar chog'i mavzularni yaxshi tushunmaganlar uchun professorlar alohida qo'shimcha dars soatlari o'tadilar. O'qishni astoydil xohlagan, harakat qilgan va izlanishda bo'lgan talabalar imtihondan yiqitilmaydilar.
Xorijlik talabalar uchun ajoyib imkoniyatlar
Amerika universitetlari xalqaro talabalarga ko'proq e'tibor qaratishadi va muntazam ravishda orientatsiya dasturlari, seminarlar va treninglar o'tkazishadi. Ularning yangi hayot tarziga ko'nikishida universitet jamoasi qo'lidan kelganicha yordam berishadi. Shu bilan birga, xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etish, amaliyot o'tash uchun turli xil imkoniyatlar yaratib beradi. Talabalar xorijda o'qish, universitetlar yotoqxonasida yashash orqali rivojlanadi, har xil mamlakatlardan kelgan talabalar bilan do'stlashadilar, ular orqali boshqa millat vakillarining turmush tarzi, urf-odatlari bilan tanishadilar.
Bundan tashqari, “AQSh universitetlarida mashg'ulotga kechikib kelgan, forma kiymagan, testda yaxshi ball to'play olmagan, uy vazifasini bajarmagan yoki oldingi darsga qatnashmagan yoshlar kursdoshlari oldida dakki eshitmaydilar. Bundan tashqari, baholarni “sotib olish”ning umuman iloji yo'q, chunki professorlar yetarlicha maosh olishadi. Demak, korruptsiyaga yo'l qo'yilmaydi. Ammo talaba ko'chirmakashligi, plagiatorligi, yolg'on gapirgani uchun uch martadan ortiq ogohlantirish olsa, universitetdan chetlatilishi hech gap emas. Hatto boshqa universitetga hujjat topshira olmasligi va mas'uliyatli vazifalarga ishga olinmaslik xavfi ham bor. AQSh ta'lim tizimida hamma fanlarga kreativ tarzda yondashiladi. Shuning uchun ham, o'qish uchun Amerika universitetini tanlaganman”, – deydi AQShning Stony brook universitetida tahsil olayotgan talaba Laziza Abduhalikova.
Gulqumar JAQSILIKOVA
O'zDJTU xalqaro jurnalistika fakul'teti talabasi
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0