Insonlarni bir qarashdayoq eslab qolardi: mashhur shaxmatchi Karpov
Dunyo turli iste'dodli, injiq, o'jar, favqulodda kuchli shaxmatchilarni ko'p ko'rgan. Ular hatto ko'plab siyosiy mojarolar domiga tushgan, vatanidan badarg'a bo'lgan. Amerikalik Robert Fisher, rossiyalik Garri Kasparov va boshqalar bunga yaqqol misol bo'la oladi. Albatta, shaxmatchilar orasida nisbatan og'ir-bosiq sportchilar ham uchrab turgan. Anatoliy Karpov shunday shaxmatchilardan biri sanaladi. Rossiya davlat Dumasi deputati sifatida qator sanktsiyalarga duchor bo'lgan, Yevropaga kirishi taqiqlangan Karpov bir paytlar sportning bu turida yorqin natijalar qayd etgandi.
Anatoliy Karpov 1951 yil 23 mayda Uralning Zlatoust shahrida, ishchilar oilasida tug'ilgan. Uning ota-onasi mashinasozlik zavodida tanishishgandi. Tolya Karpovlarning ikkinchi farzandi edi, uning Larisa ismli opasi bor edi. Mamlakat urushdan keyin o'zini tiklayotgan og'ir yillar edi, oila sharoitlari haminqadar bo'lgan kommunal kvartirada istiqomat qilgan. O'sha paytda bunday turmush tarzi odatiy hol edi, shuning uchun kichkina Anatoliy hech qanday noqulaylikni sezmadi. Bo'lajak jahon chempioni Karpov shaxmat bilan ilk bor uyda tanishgan - otasi uning birinchi murabbiyi bo'lgan. Dastlab, to'rt yoshga to'lgan bola, yo'qotishlardan saboq olish kerak deb hisoblagan otasiga doimo yutqazardi. Biroq, tez orada o'yinning haqiqiy ruhini his qilib, shaxmat taxtasida jiddiy raqibga aylandi.

1968 yilda Karpov maktabni oltin medal bilan tugatdi va Moskva davlat universitetining mexanika-matematika fakul'tetiga o'qishga kirdi. Bir yil o'tgach, “Rossiyaning shimoliy poytaxti”ga ko'chib o'tdi va Leningrad davlat universitetining iqtisod fakul'tetiga o'qishga kirdi. U yerda bo'lajak grossmeyster harbiy bo'limni tugatib, artilleriya ofitseri bo'ldi. Agar to'rt yoshida Karpovning shaxmat bo'yicha asosiy raqibi uning otasi bo'lsa, olti yoshida bola o'sha davrda mashhur bo'lgan hovli shaxmati muxlislari uchun jiddiy raqibga aylandi. Birinchi yo'qotishlar achchiq umidsizlikka olib keldi, lekin bola xarakter ko'rsatib ortga qaytmadi. Karpov birinchi sinf o'quvchisi bo'lganida “Botvinnik maktabi” shaxmat klubiga o'qishga kirgan. Birinchi urinishda bola 3-toifani egalladi, 10 yoshida u o'z yosh toifasida birinchi toifali o'yinchi va viloyat chempioni unvoniga sazovor bo'ldi.
Tez professional o'sishiga qaramay, Karpov sportchi sifatidagi martaba haqida kechroq o'ylay boshlaganini tan oladi. Faqat 15 yoshida sport ustasi bo'lgan Anatoliy shaxmatga bo'lgan munosabatini jiddiy o'zgartirdi. O'sha yili (1966) yigit birinchi marta chet elga, Сhexoslovakiyaga ketdi va u yerda 200 rubl miqdorida pul mukofoti oldi. O'sha paytda bu miqdor salmoqli edi: Karpov darhol onasiga sovg'a - etik sotib oldi. Sportchi o'ziga ko'chma shaxmat to'plamini xarid qildi, to'plam unga ko'p xizmat qildi va 1990 yillargacha barcha sayohatlarida unga hamroh bo'ldi (keyin shaxmatchi uni yo'qotib qo'ygan). 1968 yil Karpovning shaxmat faoliyatida burilish nuqtasi bo'ldi. Anatoliy o'smirlar guruhida jahon chempioni unvonini oldi, Stokgolmdagi chempionatda g'alaba qozondi - bu unvonni sovet sportchilari 1955 yildan beri yuta olmayotgandi.
1970 yil yana zafar qozonildi: bu safar yosh shaxmatchi RSFSR chempionatida eng yaxshi bo'ldi, bu unga Sovet Ittifoqining asosiy turniriga yo'llanmani taqdim etdi. O'sha yili Anatoliy Venesueladagi turnirda grossmeysterlik maqomiga osonlik bilan erishdi. Bir yil o'tgach, 1971 yilda Karpov Leningradda bo'lib o'tgan marafon chempionatida, shuningdek, poytaxtda bo'lib o'tgan Aleksandr Alyoxin xotira turnirida ishtirok etdi. 1973 yilda Karpov Leningraddagi musobaqada Viktor Korchnoy bilan durang o'ynab, jahon chempioni unvoniga bir qadam yaqinlashdi. Keyingi yili shaxmatchi Lev Polugaevskiy bilan ham teng o'ynadi. Shundan so'ng Karpov amaldagi jahon chempioni Bobbi Fisher bilan o'ynashga hozirlik ko'rayotgan edi, biroq u negadir Anatoliy bilan shaxmat taxtasiga o'tirishdan bosh tortdi. Hech qanday aralashuv Fisherning qaroriga ta'sir qilmadi va nihoyat, 1975 yilda FIDEning o'sha paytdagi rahbari Karpovni shaxmat bo'yicha 12-jahon chempioni unvoni bilan tabrikladi.
Сhempionning Viktor Korchnoy bilan jangi hikoyasi qiziq - u Filippinda bo'lib o'tgan va 4 oy davom etgan. Hammasi bo'lib 32 ta o'yin o'tkazildi.
Anatoliy Karpovning shaxmat kar'erasidagi muhim bosqich o'zining ashaddiy raqibi Garri Kasparov bilan o'yinlari bo'ldi, u ham chempionlik unvoniga da'vogar edi. O'zaro qarama-qarshilik o'tgan asrning 80-yillaridan boshlangan. 1984-85 yillarda raqobat qizib, jahon chempionligi uchun jiddiy kurash yuz berdi. 5 oy davom etgan birinchi o'yin siyosiy sabablarga ko'ra erta to'xtatildi. 5:3 hisobi Karpov foydasiga hal bo'ldi. Bu holat shaxmatchilar o'rtasida birdamlik paydo bo'lishiga yordam bermadi va janjal shaxmat taxtasidan tashqariga chiqdi.
Anatoliy Karpov yosh shaxmatchilarga kuchli maktab va bir qator kitoblarni taqdim etgan. Uning “Rangli shaxmat darsligi”, “Amaliy yakuniy o'yin: strategiya, taktika, texnika”, “Tuganmas shaxmat” va boshqa kitoblari o'yin ishqibozlari orasida katta talabga ega. 2017 yilda Moskvada Anatoliy Karpov nomidagi xalqaro shaxmat ta'lim markazi ochildi, u yerda turnirlar muntazam o'tkazib turiladi. Keyingi yili “Xalqaro onlayn grossmeysterlar maktabi” 12-jahon chempioni kubogida ishtirok etadigan jamoalarni tayyorlash va shakllantirish uchun paydo bo'ldi. 2020 yilda “Qirolichaning yurishi” mini-serialining prem'erasi bo'lib o'tdi. Shaxmat ustalarini mag'lub etgan qiz haqidagi fil'm juda mashhur bo'ldi. Ural shaxmat akademiyasi direktori Albert Stepanyan fil'mni “ertak” deb atagan va “hech bir ayol erkak bilan teng o'ynay olmaydi” degan fikrni keltirib o'tgan. Karpov esa hamkasbining fikriga qo'shilmadi va ayollar shaxmatining juda kuchli rivojlanganligini ta'kidladi.
“Sportning bu turida erkaklar ko'proq g'alaba qozonishadi, chunki ular jismonan chidamliroq bo'ladi”, dedi Karpov o'z interv'yusida.
Anatoliy Karpovning fotosuratlari gazetalarning birinchi sahifalarida faqat shaxmat bilan bog'liq holda paydo bo'lmadi: 1980-yillardan boshlab sportchi mamlakat siyosiy hayotida faol ishtirok etdi. 2004 yildan Karpov Madaniyat bo'yicha kengash a'zosi, 2007 yildan esa Rossiya Federatsiyasi Ta'lim vazirligi huzuridagi Kengash a'zosiga aylandi. Karpovning aytishicha, bolalar shaxmat an'analari va mahoratini saqlashda muhim bo'g'indir. Shu bois shaxmatchi hali ham ko'p vaqtini bolalar va o'smirlar sportini rivojlantirishga bag'ishlamoqda. 2011 yil dekabr oyida Karpov “Yagona Rossiya”dan Davlat Dumasiga deputat etib saylandi. U Ekologiya va tabiatdan foydalanish qo'mitasiga a'zo bo'ldi.
Yoshiga qaramay, grossmeyster jamoat tashkilotlari, jumladan “Mixail Botvinnik” mintaqalararo jamoat fondi, “Сhernobil bolalari” shaxmat maktabi, Butunrossiya musobaqalari va boshqa tashkilotlarning raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda. 12-jahon chempioni milliy va noolimpiya sport turlari milliy ittifoqi hamda “Yashil Rossiya” ekologik harakati prezidenti. Mashhur sportchi, shuningdek, Rossiya Davlat Dumasining Xalqaro ishlar bo'yicha qo'mitasining deputati va a'zosi. 2022 yildan esa u Rossiya shaxmat federatsiyasining faxriy prezidenti lavozimiga tayinlangan.
Biroq so'nggi yillardagi siyosiy mojarolar Karpovni ham chetlab o'tmadi. Rossiyalik deputat sifatida unga qator sanktsiyalar qo'llanildi. Bunga uning siyosiy faoliyati va prezident Vladimir Putinni qo'llagani sabab bo'ldi. Bir paytlar u bilan shaxmat tojini talashgan Garri Kasparov quvg'inga uchrab, muxolifatchiga aylandi va hatto Rossiyada ekstremistlar ro'yxatiga kiritildi. Rossiya hukumatini qo'llagan va Ukraina urushini tanqid qilmagan Anatoliy Karpov esa Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, AQSh va Ukraina tomonidan cheklovlarga uchradi.
Anatoliy Karpov haqida qiziqarli ma'lumotlar ham bisyor. U ashaddiy kollektsioner sanaladi. U yiqqan kollektsiyalar bahosi millionlab dollarga baholanadi. Shuningdek, kuchli shaxmatchi bo'lishiga qaramay, Karpov zo'rg'a 10 yilda universitetni bitirishga muvaffaq bo'lgan. Uning imkoniyati faqat shaxmat bilan cheklanib qolmagan, hayotida bir marta uchratgan insonini ham tanib qolish qobiliyati mavjud edi.
Abror Zohidov
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0