Saraton haqida nimalarni bilib qo'yishimiz kerak?
Bejizga ushbu mavzuda shifokor bilan suhbat uyushtirmadik. Oxirgi paytlarda «rak kasaliga chalinibdi» degan xabarlar tez-tez qulog'imizga chalinmoqda. Dunyo tajribasida ushbu xastalik yoshi katta insonlarda ko'p uchrasa-da, ammo so'nggi yillarda u o'rta yoshdagi ayollar orasida ham ancha keng tarqalmoqda. Irsiyat, gormonlar, ovqatlanish va surunkali yallig'lanishlar sabab qilinayotgan bu og'ir kasalllik haqida bilishimz zarur bo'lgan ma'lumotlarga ega bo'lish hamda tibbiy madaniyatimizni oshirish maqsadida, Toshkent viloyati onkologiya dispanseri bo'lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Dilfuza Nabieva bilan suhbat uyushtirdik.
– Dilfuza opa, bugun o'limga sabab bo'layotgan kasalliklarning katta qismi saratonga to'g'ri kelmoqda. Ayniqsa, ayollar orasida ham bu xastalik keng tarqalgan. Keling, avvalo saraton qanday kasallik ekanini sodda tushuntirib bersangiz…
– Juda to'g'ri aytasiz, olimlarning ta'kidlashicha, bugun dunyoda yuz berayotgan o'limning taxminan 18 foizi saratonga to'g'ri kelmoqda. Bu har oltita o'limning bittasiga sabab ana shu kasallik ekanini anglatadi. Saraton – organizmdagi hujayralarning nazoratsiz va cheksiz ko'payishi bilan kechadigan og'ir kasalliklar guruhidir. Normal holatda har bir hujayra belgilangan vaqtda o'sadi, ishlaydi va yana vaqti kelganda yo'qoladi. Lekin turli sabablar tufayli genlarda buzilish (mutatsiya) sodir bo'lsa, hujayra o'zini nazorat qilmay qo'yadi va doimiy ravishda bo'linadi. Bunda o'simta atrofidagi to'qimalarni ezib kirib boradi, qon yoki limfa orqali butun tanani egallab olishi ham mumkin. Shu jarayon saraton deb ataladi.
Saratonning asosiy xususiyati o'simta hosil qilishidir. U yomon sifatli o'smalar guruhiga kirib, metastaz berishi, ya'ni, boshqa ichki a'zolarga tarqalishi ham mumkin. Kasallik bilan og'rigan bemor organizmi o'simta ta'sirida zaiflashib, normal to'qimalarning ishi buziladi. Shundan kelib chiqqan holda saraton – yagona kasallik emas, balki turli organlarda paydo bo'ladigan yomon sifatli o'smalarning umumiy nomidir.
– Kasallikni qanday omillar keltirib chiqaradi va qaysi davlatlarda u eng ko'p uchramoqda?
Saratonga olib keluvchi omillar turlicha. Avvalo, irsiy moyillik, noto'g'ri ovqatlanish, tamaki chekish va alkogol', viruslar (masalan, papilloma virusi, gepatit V va S). Keyin zaharli moddalar va radiatsiya, doimiy stress shuningdek, gormonal buzilishlar ham ushbu kasallik bilan xastalanishga olib kelishi mumkin.
Irsiy moyillik shunday kechishi mumkinki, kimningdir onasi yoki xolasida ko'krak saratoni aniqlangan bo'lsa, ana shu yaqinlarining kasallikka chalingan yoshiga yetganda unda ham xastalik aniqlanishi mumkin. Stress natijasida esa organizmda kortizol miqdori ortib ketadi va immunitet sustashadi. Oqibatda hujayralarning mutatsiyaga uchrashi tezlashib, yallig'lanishga qarshi kurashish zaiflashadi. Erkin radikallar ko'payib, inson DNKsi shikastlanadi. Bu o'z-o'zidan turli organlarda xavfli o'sma hujayralarining uyg'onishiga sabab bo'ladi. Kuchli stress to'g'ridan-to'g'ri saratonni keltirib chiqaradi, deyolmaymiz, ammo u kasallik kelib chiqishiga qulay muhit yaratadi. Gormonlarning ta'siriga kelsak, surunkali shamollash va yallig'lanish, ularni o'z vaqtida davolamaslik, qolaversa, surunkali charchoq va uyqusizlik ham insondagi gormonlar muvozanati buzilishiga olib keladi. Bu ayniqsa, ayollarda ko'krak bezi va tuxumdon saratoni yuzaga kelish xavfini oshiradi.
Kasallikning butun dunyoda eng ko'p uchraydigan turlarini aytib o'tadigan bo'lsam, bular – ko'krak bezi va bachadon bo'yni saratoni, jigar, o'pka, oshqozon, yo'g'on ichak, teri saratoni va qon kasalliklari (leykoz va limfoma)lardir. Dunyo miqyosida rivojlanayotgan davlatlarda tibbiy xizmatlarning yaxshi yo'lga qo'yilmaganligi, skrining tekshiruvlarining ommalashmagani bois saraton bilan o'lim holati ko'p uchraydi. Ammo aholi soniga nisbatan eng ko'p ko'rsatkich Mongoliya va Vengriya davlatlarida ekanligi qayd etilgan. Сhunki u yerda aholi ko'p sigaret, chilim chekishadi, alkogol' va yog'li ovqatlar iste'moli yuqori. Xitoy, Hindistonda esa aholi soni hisobiga bu darddan aziyat chekayotganlar ham ko'p. AQShda erta tashxislash, tibbiy tekshiruvlar sifati yuqoriligi sabab saraton tashxisi qo'yilishi ko'p, davolash ham yaxshi yo'lga qo'yilgan. Yurtimiz bu borada o'rtacha ko'rsatkichga ega davlat ekanligi ilmiy manbalarda ta'kidlanadi.
– Yuqorida kasallikning omili sifatida noto'g'ri ovqatlanishni ham aytib o'tdingiz. Mana shu sababni batafsilroq tushuntirib bersangiz. Xalqimiz orasida «Sifatsiz o'simlik yog'i saraton ko'payishiga sabab bo'layapti» degan gaplarni eshitib qolamiz. Bu qanchalik asosli?
– Ovqatlanish va ayniqsa yog'larni noto'g'ri iste'mol qilish saraton xavfini sezilarli oshirishi isbotlangan. Jumladan, inson organizmidagi ortiqcha yog' va semizlik ham shunday.
Ortiqcha yog' hujayralari organizmda gormonlar – estrogenning ortib ketishiga va insulinning ko'p ishlab chiqarilishiga sabab bo'ladi. Bu gormonlar esa nazoratsiz o'simtalarning ko'payishga turtki bo'ladi va ko'krak, bachadon, tuxumdon hamda yo'g'on ichak saratoniga chalinish xavfini keltirib chiqaradi. Сhunki ayollarda ko'p uchrayotgan tuxumdon va ko'krak saratoni aynan estrogen gormoni ortib ketishi tufayli paydo bo'ladi. Mamlakatimizda shuning uchun ham oxirgi paytlarda semirishning oldini olish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilishga siyosat darajasida e'tibor qaratilmoqda.
Yog'larga keladigan bo'lsak, ularning turi ko'p. Transyog'lar – margarin, tez tayyor bo'luvchi taomlar tarkibiga qo'shilayotgan sifatsiz yog'lar, qovurilgan go'shtlar oshqozonga tushgach, DNKga ziyon yetkazuvchi erkin radikallarni ko'paytiradi. Natijada hujayralar mutatsiyaga uchrab, saraton paydo bo'lishi ehtimoli oshadi. Yurtdoshlarimizga ko'p qovurilgan taomlar, ayniqsa, qayta-qayta ishlatilgan yog'lardan foydalanmaslikni tavsiya qilamiz. Сhunki bunday yog'larning qayta qizdirilishi natijasida ular tarkibida kantserogen moddalar (akrilamid, politsiklik aromatik uglevodorodlar) hosil bo'ladi. Bu moddalar esa hujayralarni to'g'ridan-to'g'ri shikastlaydi va kasallikka moyil qilib qo'yadi. Bundan tashqari qayta ishlangan go'shtlar, kolbasa, sosiska, konservalangan va tuzlangan go'sht mahsulotlari, xot-dog, lavash kabi tezpishar yeguliklarga solingan go'shtlarni ham kamroq iste'mol qilish zarur. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti qovurilgan go'shtni haftasiga 350-500 grammdan ortiq yemaslikni, sosiska, kolbasa kabi qayta ishlangan go'shtlarni imkon qadar cheklash yoki umuman iste'mol qilmaslikni tavsiya qiladi.
Uning o'rniga zaytun, zig'ir, yong'oq va baliq yog'lari hamda mahsulotlarini tanovvul qilgan afzal. Kundalik uy sharoitida arzon sifatsiz yog'lardan emas, sifatli va ishonchli brendlarning yog'laridan sotib olgan ma'qul. Bundan tashqari, uy bekalarimiz taomlarga imkon qadar yog' kam qo'shishi, olaylik 200 gramm yog' ketadigan taomni 100 gramm yog'da pishirishga harakat qilishi lozim. Buning o'rniga meva va sabzavotlar yeyishni ko'paytirish kerak.
– Ayollar orasida ko'krak bezi saratoni va bachadon bo'yni saratoni eng ko'p uchrashi ta'kidlanadi. Kasallikning erta aniqlanishi esa shifo topish imkonini oshiradi. Opa-singillarimizga uy sharoitida bu kasallikning belgilarini ilg'ashi uchun qanday maslahatlar berasiz?
– To'g'ri aytasiz, yurtimizda ayollar o'rtasida uchraydigan o'sma kasalliklari orasida ko'krak bezi va bachadon bo'yni, undan keyin tuxumdon saratoni ko'p tashxislanadi. Avvalo, har bir xastalikda inson organizmi egasiga belgi beradi. Faqat buni o'z vaqtida anglash lozim. Masalan, ko'krak bezi saratonida ayollar siynasida g'adir-budurlik yoki qotish paydo bo'ladi. Ko'krak shakli oldingidan o'zgaradi. Teri qismida qizarishlar kuzatiladi. Siynada og'riqsiz, ba'zan yengil og'riqli shish ham paydo bo'lishi mumkin. Ko'krak uchidan noodatiy suyuqlik, ba'zida qonli suyuqlik ajralishi mumkin. Bunday holatlarga ayollarimiz e'tiborsiz bo'lmasdan, zudlik bilan shifokorga murojaat qilishlari kerak. Bir yilda kamida 1 marta mammografiya yoki UZIdan o'tish (40 yoshdan keyin ayniqsa jiddiy qarash kerak), har oyda uy sharoitida ko'krakni tekshirib ko'rish, ortiqcha vazndan saqlanish, harakatda bo'lish, gormonal dorilarni shifokor nazoratida qabul qilish lozim. Bachadon bo'yni saratonida esa, hayz orasida qon kelishi, noodatiy oqindilar hidli yoki ko'p bo'lishi, qorin va bel qismda doimiy og'riq kuzatilishi mumkin. Ko'p hollarda kasallik erta bosqichda hech qanday belgilarini namoyon qilmaydi, shu bois muntazam tekshiruv juda muhim!
Mamlakatimizda so'nggi paytda amalga oshirilgan eng e'tiborli ishlardan biri – Prezidentimizning 2024 yil 22 noyabrdagi «Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmoni e'lon qilingani bo'ldi. Mazkur hujjatga asosan oilaviy poliklinikalarda ayollarda uchraydigan saratonni erta tashxislash va davolash maqsadida mammografiya tekshiruvlari va laborator tahlillar olish yo'lga qo'yilgan. Natijada har oyda qanchadan-qancha olis hududlarda yashayotgan opa-singillarimiz ham ushbu ko'rikdan o'tmoqda va ayrim ayollarda kasallik erta aniqlanib, ularning shifo topish ko'rsatkichi oshmoqda.
– Mazmunli va foydali suhbat uchun rahmat, salomat bo'ling!
Zebo NAMOZOVA suhbatlashdi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0