Samarqand davlat universitetida yangi talabalar turar joyi va o'quv bino foydalanishga topshirildi
Hademay navbatdagi o'quv mavsumi boshlanadi. Samarqand davlat universiteti jamoasi yangi o'quv yilida talabalarga o'zgacha sovg'a hozirladi. Ya'ni, universitetning Intellektual tizimlar va komp'yuter texnologiyalari fakul'teti talabalari uchun bunyod etilayotgan o'quv binolari va talabalar turar joylari qurib bitkazildi.
Binolarning ochilish marosimiga bag'ishlangan tadbir ko'tarinki ruhda o'tdi. Unda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov, Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a'zosi Rustam Xolmurodov ishtirok etdi.
– Bugun sizlar bilan O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yilligi arafasida talabalarimiz uchun munosib tuhfa tayyorlanganini katta mamnuniyat bilan e'lon qilmoqchiman, – dedi Qo'ng'irotboy Sharipov. – Respublikamizdagi 18 ta oliy ta'lim muassasasida 9 ming 980 o'rinli yangi talabalar turar joylari hamda 1000 o'rinli o'quv binosi to'liq qurib bitkazildi. Bugun esa barchangizning guvohligingizda binolarni foydalanishga topshiryapmiz.
– Intellektual tizimlar va komp'yuter texnologiyalari fakul'teti uchun qurilgan 1000 o'rinli o'quv binosi timsolida farzandlarimiz orzulari, baxti, umidlari va ertangi kuni mujassamlashgan, – dedi Rustam Xolmurodov. – Men xizmat taqozosi bilan ko'plab mamlakatlardagi universitet va institutlarda bo'lganman. Bugun tantanali ochilgan yangi o'quv binosi ularning hech qaysidan qolishmaydi.
Ochilish marosimidan so'ng mehmonlar 1000 o'rinli Intellektual tizimlar va komp'yuter texnologiyalari fakul'teti yangi binosi va unda sharoitlarni ko'zdan kechirishdi. Zamonaviy sharoitlarga ega mazkur bino tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0