Andijonda ekologiya mas'ullari 9 oyda 6432 ta daraxtni kesishga ruxsat berishgan
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligining Andijon viloyati boshqarmasiga shu yilning 9 oyida 13 ming 647 ta daraxtni kesishga ruxsatnoma olish bilan bog'liq 309 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur so'rovlarning 136 tasiga ijobiy xulosa berilgan va 6432 ta daraxt kesilgan. Bu kuniga o'rtacha 24 ta daraxt ag'darildi, degani.
Mas'ul idora boshlig'ining xalq deputatlari viloyat kengashiga havola qilgan hisobotida keltirilishicha, ildiziga bolta urilgan daraxtlarning 852 tasi qimmatbaho hisoblanadi.
Ta'kidlanishicha, 7107 ta (shundan 5012 tasi qimmatbaho navli) daraxtni kesish uchun ruxsat so'ralgan 162 ta murojaatga asoslar yo'qligi sababli rad etish xulosalari berilgan.
Ma'lumotga ko'ra, viloyat bo'yicha hududiy inspektsiyalar tomonidan so'z borayotgan davrda jami 2211 nafar huquqbuzarga nisbatan 2 milliard 538 million so'm miqdorida jarimalar qo'llanilgan.
Jumladan, o'simlik dunyosini muhofaza qilish va hayvonot dunyosidan noqonuniy ovlash holatlarining oldini olish bo'yicha o'tkazilgan nazorat tadbirlari chog'ida 70 ta noqonuniy harakat aniqlangan va huquqbuzarlarga 356 million so'mlik jarimalar rasmiylashtirilgan. Mazkur qonunbuzarlik harakatlarining 48 tasi o'simlik dunyosini muhofaza qilish yo'nalishida qayd etilgan.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0