Xalq banki xarajatlarni nimalarga asoslanib reja qilmoqda?
Tarmoqda “yoshi ulug', 150 yillik bank” – Xalq bankining kapital xarajatlari sxemasi bo'yicha ma'lumotlar tarqaldi. Aytilishicha, Xalq banki 2026 yilda bunday xarajatlar uchun 1,5 trln (1 523 385 mln) so'mdan ziyod pul sarflashni rejalashtirmoqda. Ushbu summa ancha-muncha kishini shoshirib qo'yishi aniq. Ma'lumki, ushbu tashkilot davlat banki sanaladi. Amalga oshirilishi kutilayotgan sarf-xarajatlar O'zbekistondagi deyarli barcha soliq to'lovchilarga oid desak, adashmaymiz.
Hujjatga ko'ra, kapital xarajatlar turli xaridlarni o'z ichiga oladi. Jumladan, har bir chorakda havoni namlantiruvchi uskunalar xaridi uchun jami 700 mln so'm, noutbuk, monoblok, monitor va boshqalar sotib olishga jami 31,1 mlrd sarflanadi. Mebellar, jihozlar va uskunalar xaridi uchun jami 105,5 mlrd, printerlarning o'ziga 3,9 mlrd so'm ajratiladi. Xalq banki 2026 yil davomida 29,4 mlrd so'mga avtomashina sotib olishni rejalashtirgan. Islomiy darcha tizimini joriy qilish uchun esa jami 24,6 mlrd so'm sarflanadi.
Shuningdek, “Xazna” ilovasi orqali ipoteka va avtokreditlarni onlayn ajratish uchun 3- va 4-choraklarda jami 4,5 mlrd so'm xarajat ko'zda tutilgan. Yana bir yirik summa —salkam 526 mlrd so'm bank binolarida amalga oshiriladigan qurilishlar uchun sarflanishi belgilangan. “Aynan qaysi binolar ekani mavhum. Bu pulga butun boshli yangi bank tarmog'ini barpo etsa bo'ladi, nazarimda...” deya ta'kidlaydi Telegram tarmog'idagi platforma.uz kanali muallifi.
Shuncha katta xarajatga yarasha, daromad ham bo'ladida, deb o'ylagan bo'lsangiz kerak. Biz ham ushbu ma'lumotlar bilan tanishgach, birinchi navbatda bankning olgan foydalari miqdori bo'yicha qiziqib ko'rdik. Iqtisodiy sohaga ixtisoslashgan nashrlarda bu borada batafsil ma'lumotlar keltirib o'tilgan. Quyidagi ma'lumotlarga ko'ra, 2025 yilning birinchi yarmida eng ko'p foyda olgan banklar ichida Xalq banki kuchli o'nlikka kira olmagan. Jumladan, 2025 yil yanvar'-iyun' oylari davomida O'zbekiston banklari jami 6,5 trln sof foyda olgan. Bu o'tgan yarim yillikka nisbatan 991 mlrd so'mga (18 foizga) ko'pdir.
O'tgan yarim yilda eng ko'p sof foyda olgan o'nta banklardan uchtasi — O'zmilliybank (1-o'rin), O'zsanoatqurilishbank (2-o'rin) va Biznesni rivojlantirish banki (8-o'rin) davlatga tegishli banklar, yettitasi — Hamkorbank, Kapitalbank, Orient Finans bank, Ipak Yo'li banki, Trastbank (3-7 - o'rinlar), KDB Bank (9-o'rin) va Davr bank (10-o'rin) davlatga tegishli bo'lmagan banklardir. Guvohi bo'lganingizdek, ular orasida Xalq banki yo'q.
Bu bank 2025 yilning birinchi yarmida 154 mrd so'mdan oshiq daromad olgan va 15-o'rinni egallagan. Foyda miqdori 2024 yilning birinchi yarmiga nisbatan 19 mlrd so'mdan oshiqroqqa ko'pdir. Xalq banki 2024 yilda 268,5 mlrd so'm sof foyda ko'rgan. Bunday foyda miqdori fonida 1,5 trln so'mlik xarajatlar absurd ko'rinishi tabiiy... Jadvaldagi raqamlardan kelib chiqib tahlil qiladigan bo'lsak, birgina avtomashina va mebel', uskunalar sotib olish xarajatlari bankning yarim yillik foydasi miqdoriga deyarli teng bo'lib qolmoqda. Bank tizimi va operatsiyalari faqat foyda keltirilishga yo'naltirilishi lozimligi barchamizga ayon. Ammo bir yillik foydasi (deyarli 270 mlrd so'm)dan ikki barobar ko'proq pul binolar ta'miriga ishlatib yuboriladigan tizim qanday gullab, rivojlanib ketishi bizga qorong'u. Agarda ushbu mablag' turli investitsiyalar, kreditlar va boshqa loyihalarga tikilganda balki tushungan bo'lardik. Shunki yuqorida tilga olgan bank operatsiyalari bevosita unga foyda keltiradigan amaliyotlar sanaladi. Bundan tashqari, ko'pchilik xususiy banklarning foyda olishda Xalq bankidan o'zib ketishi ham unga nisbatan biroz ishonchsizlikni uyg'otadi.
Xalq banki avvaldan boshqalar erisha olmagan turli imtiyozlar bilan siylanib kelgan. Masalan, 2017 yilda ushbu bankka pensiya va nafaqalarni tarqatish huquqi taqdim etilgandi. Keyinchalik, 2021 yilga kelib, ushbu imkoniyat tender asosida amalga oshirilishi belgilandi. Lekin pensiyalar bo'yicha katta ulush baribir Xalq bankida qoldi.
Kapital xarajatlar uchun reja jadvalida boshqa savollar ham bisyor. Masalan, Xalq banki sun'iy intellekt tizimini rivojlantirish uchun 20 mlrd so'mdan oshiq xarajatlarni oshirmoqchi ekanini qayd etgan. Ammo u qanday xaridlar bo'lishi, sun'iy intellekt tizimini rivojlantirish uchun nimalar qilinishi, qanday uskunalar sotib olinishi va boshqa tafsilotlar mutlaqo keltirilmagan. Shuningdek, boshqa kapital xarajatlar degan bandda 80 mlrd so'mdan oshiq mablag' ajratilishi aks etgan. Bu ham kichik raqam emas.
Ma'lumot o'rnida: kelasi yili byudjet taqsimotida Oliy Majlis Senatining bir yillik xarajati 120 mlrd so'mdan atrofida ekanini taqqos uchun keltirish o'rinli. Ko'rinadiki, Xalq bankining xarajatlari Senatdan 12 marotaba ko'proq.
Shu o'rinda yana bir qiziq raqam e'tiborimizni tortdi: Markaziy bankka ko'ra, so'nggi vaqtlarda aholi omonatlarini jalb etish bo'yicha Xalq banki yetakchi ekan. Umuman olganda, aholi omonatlari jamg'arishda bahordan buyon davlat banklari yetakchilik qilishmoqda. 2025 yil oktyabrdagi holat bo'yicha Xalq banki (+1,0 trln.so'm), Agrobank (+760 mlrd.so'm) va Milliybank (+489 mlrd.so'm) eng ko'p omonat yiqqan. Demak, O'zbekiston aholisi Xalq bankiga ko'proq ishonmoqda va “tishining kavagidagi mablag'lar”ni taqdim etmoqda. Birgina shu omonatlar bo'yicha yetakchilik ham bankning xalq oldidagi mas'uliyatini yanada oshiradi, nazarimizda.
Tug'ilayotgan savollar va fikrlar bank matbuot xizmati va mutasaddilari uchun yaxshigina mavzu bo'lsa, ajab emas. Bugungi ochiqlik zamonida xalqdan, inchunun jurnalistlardan biron ma'lumotni yashirish juda qiyin, balki imkonsiz hamdir. Nomida “xalq” so'zi jaranglab turgan bank aholiga boshqalardan yaqinroq va ochiqroq bo'lsa maqsadga muvofiq bo'lardi. Tarqalayotgan va muhokama qilinayotgan milliardlar (balki trillionlar) shunchaki javobsiz qolib ketsa, bu Xalq banki uchun yarashiqli gap bo'lmasligi aniq.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0