Сhala va yonboshdan halolgacha...
Ona tilimizni 30 yildan ortiq faqat tilda ulug'lab keldik. Har yili 21 oktyabrni “keng” nishonladik. Tadbirlarni asosan hisobot uchun, televidenie, radio va gazetalarda yoritish uchun o'tkazdik. Buni qarangki, hatto ona tilimizga bag'ishlangan tadbirlardan ham "tanga" qilishga imkon qidirdik.
Til haqida turli joylarda o'tkazilgan tadbirlar-u uchrashuvlarda bildirilgan fikr-mulohazalar majlis zallarida qolib ketaverdi. Сhunki ularda "tosh" va "qanot" yo'q edi.
To'g'ri, bir-ikki kuyunchak insonlar til haqida kuyinib chiqishlar qilishar, ammo ularga e'tibordan ko'ra, e'tiborsizlik ko'p edi.
Biz til to'g'risidagi "noaniq-aniq" qonunga shu darajada "qattiq" amal qildikki, natijada televidenie va radioda (ayniqsa, xususiy kanallarda) shevada gapirish, ruscha so'zlarni "qalashtirish" odatiy holga aylandi.
Xat va hujjatlar u idoradan bu idoraga, u tashkilotdan bu tashkilotga faqat rus tilida jo'natilar, qonun loyihalari ham avval rus tilida tayyorlanib, ba'zan shu tilda muhokama qilinar edi.
Afsuski, biz xat va hujjatlarni tayyorlab, tarqatishda rus tilining "yuzi va hurmati"dan haligacha voz kecholmayapmiz. Nega? Negaki, o'z tilimizga o'zimizdan boshqa hech kim el va ega bo'la olmasligini tushunmaydigan ...lar bor.
O'zbek kurashining dunyoda sport turi sifatida qabul qilganiga ancha bo'ldi. Biz o'shanda ham "Mana, "chala", "yonbosh", "halol" degan so'zlarimiz jahon sporti lug'atidan muqim joy oldi, ular endi xalqaro musobaqalarda baralla yangramoqda...", deya ko'ksimizga urib, ona tilimizni madh etdik. Aslida esa, tilimizga hurmat, e'tibor va munosabat borasida hamisha halol bo'lolmadik, yonboshladik, chala ish qildik...
Bugun tilimizga munosabat o'zgarmoqda, e'tibor kuchaymoqda. Bu esa kimlargadir yoqmayapti, ayrimlarning g'ashini ham keltiryapti.
Bas, endi yetar! Bundan buyon yonboshlashga, chala ish qilishga hecham haqqimiz yo'q!
Hozirgi qonuniy talablarni tushunmagan yoki tushunishni istamayotgan "tilsevar"larga kurash tili bilan aytganda, "usul"larni qo'llash kerak. Ya'ni, jarima va boshqa choralarni qo'llab, ularning oyog'ini dangal yerdan ko'tarib, yiqitish kerak. Shunda HALOL bo'ladi...
Odam bolasi qancha ko'p til bilsa, shuncha yaxshi. Buni hamma biladi. Lekin hammayam o'z ona tilini o'z onasidek hurmat qilishi, e'zozlab-ardoqlashi zarurligini bilmaydi. Oramizda esa “bilmasvoylar” ko'p... Shunisi alam qiladi.
Shoir aytganidek, tilim desam, og'riydi dilim...
Alijon Abdurahmonov
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/52
0
0
1
0