Tsiganlar “Tabor”ida bo'lganmisiz?
Mahalla raisi Muhammadjon Xaydarovning aytishicha, tsiganlar atrofdagi aholi bilan tinch-totuv yashaydi, ular orasidagi yoshlar haydovchilik, elektr payvandchilik kabi hunarlarga o'rgatib borilyapti. Lekin...
Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi Oybek nomli mahallada tsiganlar qavmi yashaydi. Ha, ular aynan “tsigan” deyiladi, lo'li emas. Oralaridagi yoshi ulug'roqlardan birining aytishicha, bu yerlarga 100 yillar avval ota-bobolari Moldova yurtidan kelib qolishgan. Ishonch.uz muxbiri ularning “tabor”i (oilasi)da bo'ldi.
Ayni paytda mahallada 12 ta oila, ularda esa 60 nafarga yaqin tsiganlar yashashadi. Eng kattasining yoshi 80 dan oshgan. Orasida ko'pchilik hurmat qiladigan, gaplariga quloq solishadiganini “baron” qilib saylab olishar ekan. Ayni paytda Zabar Bernikov ularga bosh-qosh. Tamara Azerinina ismli keksa ayolni esa “baronessa” deb atashar ekan. Bu qavm yuz yildan oshiq tarixiga, tili va urf-odatiga ega. Ma'lumotlarga ko'ra, bir asrdan ortiq vaqt avval 200 nafarga yaqin tsigan ot aravalarda bu tomonlarga ko'chib kelishgan bo'lib, qirlar ostida ot qo'shilgan, chodirlar tikilgan, asosan chaylalarda yashagan.
Hozirda tsigan erkaklar o'sha yerdagi g'isht zavodiga, ayollari asosan obodonlashtirish bo'limiga ishga joylashishgan, doimiy band qilingan. Bolalar esa, Nurafshondagi maktablarga qatnab o'qishadi.
– Avvallari shaharga chiqib tilanchilik qilardik, fol ko'rardik, – deydi ko'p bolali Rada Сhuvaylova. – Hozir esa, ishlab pul topyapmiz. Yoshlarimiz maktabni bitirib, kasb-hunarga o'rgatilib, band qilinmoqda. Biz o'qiy olmadik, lekin farzandlarimiz bilim olishayotganidan hursandmiz...
Mahalla raisi Muhammadjon Xaydarovning aytishicha, tsiganlar atrofdagi aholi bilan tinch-totuv yashaydi, ular orasidagi yoshlar haydovchilik, elektr payvandchilik kabi hunarlarga o'rgatib borilyapti. Lekin ishlarga joylashtirishda ularning nasliy kelib chiqishi ro'kach qilinib, ishga olinmaslik holatlari biroz muammoli bo'lib turibdi. Ularga bayram va boshqa muhim kunlarda imkon qadar homiylar tomonidan moddiy yordamlar ko'rsatib turiladi. Shuningdek, urf-odatlariga hurmat ifodasida, ular orasidan iqtidorli xotin-qizlar saralab olingan va “Shabbona” fol'klor ansambli ham tashkil etilgan. Asosiysi, bugungi kunda shahar bo'ylab birorta tilanchilik qilgan tsiganni uchratmaysiz, ular bundan or qilishadi. Halol mehnat qilib ro'zg'or tebratishni afzal ko'rishmoqda.
Xolida EGAMBERDIEVA,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0