Fuqarolarni ularning roziligisiz tasvirga olish man etilishi mumkin
Qonunchilik palatasida 7 oktyabr' kuni bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida ko'rib chiqilgan Qonun loyihasida ayni shu masala ko'tarildi va ikkinchi o'qishda qabul qilindi.
Loyiha bilan shaxsni tasvirga olish va undan foydalanish uchun rozilik olish majburiy shartligi, shaxsni tasvirga olish va undan foydalanishda bolalar huquqning mustaqil sub'ekti ekanligi belgilab qo'yilmoqda. Shunga ko'ra, tasvirga olish va undan ruxsatsiz foydalanish mumkin bo'lgan hollar doirasi hamda videokuzatuvni amalga oshirishda shaxsiy daxlsizlikni ta'minlashga oid talablar belgilanyapti.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasini ikkinchi o'qishga tayyorlash jarayonida deputatlar bergan takliflardan kelib chiqib, har xil yondashuvlarning oldini olish, qonun normalarining aniq va bir xilda qo'llanilishini ta'minlash maqsadida ayrim o'zgartirishlar kiritildi.
Xususan, tasvirga olishda va undan foydalanishda o'n olti yoshga to'lmagan voyaga yetmaganlar nomidan rozilik ularning ota-onasidan biri yoki ota-onasining o'rnini bosuvchi shaxslar tomonidan berilishi, jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari o'rnatilgan taqdirda, bu haqda barchaga ko'rinadigan joyda va shaklda ogohlantiruvchi belgi o'rnatilishi shartligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, videokuzatuv kameralarini o'rnatish mumkin bo'lmagan joylar doirasi, xususan, kiyinish xonalarida, hojatxonalarda videokuzatuv tizimlari o'rnatilishi mumkin emasligi aniq belgilab qo'yilmoqda.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0