Olmaota yashash qimmatligi bo'yicha Markaziy Osiyoning barcha shaharlarini ortda qoldirdi
Tadqiqotlarga ko'ra, Olmaotada hayot kechirish narxi Toshkent, Bishkek va Dushanbe shaharlariga nisbatan ancha yuqori, hattoki ayrim sohalarda Sharqiy Yevropa poytaxtlariga yaqinlashib qolgan.
Olmaotada bir kishining o'rtacha oylik xarajati (ijarasiz) 750–800 AQSh dollari atrofida. Shu bilan birga, markazda joylashgan bir xonali kvartirani ijaraga olish narxi 500–600 dollarni tashkil etadi.
Taqqoslash uchun:
Toshkentda shu turdagi uy uchun o'rtacha ijara haqi 350–400 dollar,
Bishkekda 300 dollar,
Dushanbeda esa 250 dollar atrofida.
Mahsulot narxlarida ham farq seziladi. Masalan, 1 kg. mol go'shti Olmaotada o'rtacha 10–12 dollar, Toshkentda esa 8-9 dollar atrofida. Transport, kommunal xizmatlar va umumiy iste'mol savatchasi bo'yicha ham Qozog'iston shahri mintaqada yetakchilik qilmoqda.
Iqtisodchilar fikricha, Olmaotadagi narxlarning tez o'sishiga bir nechta omillar sabab bo'lgan:
1. Uy-joy bozoridagi bosim. So'nggi uch yil ichida shahar aholisi 2 milliondan oshdi. Talab ortgani sari yangi turar-joylar qurilishi ham tezlashdi, ammo ularning aksariyati yuqori daromadli qatlamga mo'ljallangan.
2. Xizmatlar sektori kengaygan. Bank, IT, ta'lim va tibbiyot sohalaridagi xususiy xizmatlar ko'paysa-da, ularning narxi ham oshib bormoqda.
3. Inflyatsiya va valyuta kursi. Qozog'iston milliy valyutasi — tenge 2024 yil davomida 10 foizga qadrsizlandi. Bu esa import tovarlari va ijara narxlariga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir ko'rsatdi.
Bu esa, ayniqsa, o'rta sinf va byudjet sohasi vakillari uchun yangi sinovlarni keltirib chiqarmoqda.
Feruza Rahimova,
Ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0