Xodimning 25 yillik mehnati nima uchun inobatga olinmadi?
Yuqori tashkilotdan xodimlar sonini qisqartirish to'g'risida buyruq kelganligi sababli, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi “Xalq banki”da ishlovchi A.Ubaydullaev bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Oqibatda ushbu tizimda naq 25 yil ishlagan xodim bir zumda ishsiz qoldi…
– Barcha xodimlarga shtatlar qisqarishi bo'yicha ogohlantirish xatlari berildi, – deydi A.Ubaydullaev. – Ular bilan qayta mehnat shartnomasi tuzildi, ammo men bilan qayta tuzilmadi. Sababini so'raganimda, o'z xohishim bilan ishdan bo'shashim kerakligini xodimlar bo'limi boshlig'i og'zaki aytdi, yozma asos berishmadi. Bundan qat'iy bosh tortdim. Lekin ikki oy o'tib, men bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishibdi. Qani aytingchi, mening 25 yillik ish stajim, oxirgi 7 yilda faqatgina shu vazifada ishlaganim, qolaversa, yoshim 55 ga chiqayotganligi nima uchun inobatga olinmadi? Vaholanki, shtat qisqartirilganida birinchi navbatda ko'p yillik mehnat stajiga ega, nafaqa yoshiga yetgan xodimlarga imkon berilishi kerak edi. Ko'p sarson bo'ldim. Oxiri kasaba uyushmalariga murojaat qildim…
Ma'lum bo'lishicha, mehnat huquqlari buzilgan A.Ubaydullaev so'nggi ilinj sifatida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashiga murojaat qilgan. Aniqlangan faktlarga ko'ra, xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to'g'risidagi taqdimnoma yuzasidan muhokama yig'ilishi o'tkazilishi kerak bo'lgan. Biroq, kasaba uyushmasi boshchiligida o'tkazilishi lozim bo'lgan ushbu yig'ilish nima sababdandir o'tkazilmagan. Da'vogar ish bilan ta'minlanish bo'yicha qonunda belgilangan imtiyozlardan ham foydalanmagan. Oqibatda u bir necha oy ishsiz qolib ketgan.
Kasaba uyushmasi inspektori tomonidan ish beruvchiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha bir necha marta og'zaki ko'rsatma berildi. Lekin ish beruvchi kamchiliklarni bartaraf qilmadi. So'ng, ish sudga oshirildi. Fuqarolik ishlari bo'yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudi AT “Xalq banki” Toshkent viloyati filialining da'vogar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqni bekor qilish, ishga tiklash, majburiy bekor yurgan kunlari uchun kompensatsiya undirish haqidagi da'vo arizasini qanoatlantirdi. A.Ubaydullaevning foydasiga jami 50 mln so'mdan ziyod mablag' ham undirib berildi.
Mashrab MIRZAEV,
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati kengashi mehnat-huquq inspektori
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0