«Yangi O'zbekistonda munosib rahbar bo'lishga arziymanmi?» – Sherzodxon Qudratxo'ja Prezident da'vatiga munosabat bildirdi
16 iyun' kuni Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida bo'lib o'tgan mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o'ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan videoselektor yig'ilishi jamoatchilik orasida aks-sado bermoqda.
Jumladan, O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo'ja ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali o'z munosabatini quyidagicha bayon etdi:
“Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi ko'p selektorlarda ishtirok etganman, lekin bugungisi, nazarimda, boshqacha bo'ldi.
Dunyo, zamon tahdidlari, chaqiruvlari kundan-kunga kuchaymoqda. Xususan, so'nggi haftadagi Eron va Isroil o'rtasidagi urush. Mintaqadagi ushbu vaziyat O'zbekistonga ta'sir qiladimi? Albatta, ta'sir etadi. O'zbekiston jo'g'rofiy jihatdan dengizlarga chiqishi eng qiyin ikki davlatning biridir. Deyarli 40 millionlik O'zbekistonga kirib keladigan xomashyo tannarxiga, albatta, jiddiy ta'sir etadi va eksport, logistika narxlari oshadi hamda qo'shimcha mablag' talab etadi va bu mahsulot tannarxiga o'z ta'sirini o'tkazadi. Ushbu holat real daromad miqdorini kamaytiradi. Bu tojsimon virus pandemiyasidan keyin oyoqqa turayotgan iqtisod uchun ham bir zarba, aslida.
Bugungi uzoq vaqt davom etgan videoselektorda Davlat rahbari tomonidan ma'muriy islohotlar yangi bosqichga ko'tarildi. Viloyat va tuman hokimlariga “Proaktiv” bo'lish topshirig'i berildi. Proaktivlik bu o'zidan shijoat chiqib, yuqoridan topshiriq bo'lishini kutmasdan o'zidan bilib, kamchiliklarni oldindan ko'ra olish va bartaraf etishdir. Xalq bilan “feedback” usulida ishlash. Ikkinchidan, davlatimiz rahbari 9 yil ilgari surgan g'oyaga yana bir bor urg'u berdi, ya'ni odamlarni eshitish, hududlarga chiqish kerak, xalq roziligi uchun barcha kuchlarni safarbar etish muhimligi ta'kidladi.
Hokimlar ham o'zgarmoqda, ular 10 yil ilgarigi paxta, bug'doy bilan shug'ullanadigan rahbar emas, balki o'zining byudjetiga ega va uni zarur sohalarga yo'naltiradigan peshqadamlardir. Agar poytaxt va yirik shaharlarda odamlarni jig'iga tegayotgan masalalar tirbandlik bo'lsa, chekka tumanlarning suv ta'minoti, boshqa ijtimoiy masalalar qiynaydi. Hokimlar ham endi yaxshi ishlasa, shunga yarasha rag'batlantiriladi. U mehnati orqali qo'shimcha rag'bat olsa, korruptsiyaviy holatlarning oldi olinadi.
Keyingi masala «Xalq qabulxonalari». Ular bamisoli, chindan ham “dispetcherlik” markazlariga o'xshab qolgan edi. Bizga ham ba'zi murojaatlar kelganda, bu sezilar edi. Endi bu tizim ham isloh qilinadi.
Selektorlardan ko'zlangan asosiy maqsadlardan biri ijro intizomiga bag'ishlandi. «Bir narsani to'g'ri tushunib olish zarur. Tuman bo'g'ini samarali ishlamasa, yuqoridan qanday topshiriq tushirilmasin, ko'zlangan maqsadlarga erishib bo'lmaydi», deydi muhtaram Prezident.
O'tgan besh oyda mamlakatimizda sanoat 6,4 foizga o'sib, birinchi marta 375 trln so'mga yetdi. Eksport 18 foizga oshib, $8,3 mlrd ni tashkil etdi. Xorijiy investitsiyalar 46 foizga oshib, $15 mlrdni tashkil etdi. Qiymati $3 mlrd 2,5 mingdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi, 2 million 400 ming odam daromadli bo'ldi.
O'z nutqi so'nggida Prezident Shavkat Mirziyoev barcha rahbarlarni vatanparvar bo'lishga, pastga tushib xalq bilan birga ishlashga va bugungi «Yangi O'zbekistonga rahbar bo'lishga arziymanmi?», degan savolni o'ziga berishi kerakligini aytib, da'vat qildi.
Prezident maslahatchilari, Hukumat a'zolari, vazirlar, hokimlarning hisoboti tinglandi, ular aniq topshiriqlar olishdi, o'ylaymanki, endi ijro tizimi ham jiddiy o'zgaradi. Hammamiz o'zimizga keraklicha xulosa oldik, deb o'ylayman” – deydi Sherzodxon Qudratxo'ja.
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0