Poytaxt jamoat transportida: to'lovsiz yurgan yo'lovchilar va konditsioner muammosi
2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida avtobuslarda naqd pulda yo'l haqi to'lash bekor qilinishi bilan birga, jamoat transporti tizimida tub o'zgarishlar boshlandi. Endi yo'lkira faqat bank kartalari, mobil ilovalar yoki QR-chiptalar orqali to'lanadi. Rasmiylarga ko'ra, bu qaror yo'lovchilar sonining 30−40 foizga oshishiga sabab bo'lgan, tizim shaffoflashgan va xavfsizlik ortgan. Biroq, amaliyotda barchasi shunchalik silliq kechmayotgani ayon bo'lmoqda.
Shahar bekatlarining ko'pchiligi elektr tarmog'iga ulanmagan, axborot do'konlari yo'q, va ko'plab yo'lovchilar hali ham to'lov tizimlariga to'liq moslashmagan. Ayniqsa, keksa avlod vakillari yoki bank kartasi bo'lmagan fuqarolar uchun bu o'zgarish qo'shimcha tashvish tug'dirmoqda. Shuningdek, haydovchilar orasida ham norozilik mavjud: ayrimlari yo'lkira uchun to'lov haydovchining nazoratidan chiqib ketganidan norozi, ayrimlari esa yangi tartib intizomga ijobiy ta'sir qilganini tan oladi.
Raqamlashtirish g'oyasi o'z-o'zidan to'g'ri bo'lsa-da, mavjud infratuzilma va aholining tayyorgarligi bilan bog'liq muammolar uning samarali ishlashiga to'sqinlik qilmoqda. Shu bois, naqd pulsiz tizim to'laqonli ishlashi uchun faqat texnik joriy etish emas, balki ijtimoiy, axborot va infratuzilma yo'nalishlarida ham kompleks yechimlar zarurligini ko'rsatmoqda.
Toshkent jamoat transportida naqd pul to'lovining bekor qilinishi jamoatchilik orasida turlicha munosabatlarga sabab bo'lmoqda. Transport tizimi rahbarlari tizim to'liq ishlayotganini va yo'lovchilar soni oshganini ta'kidlayotgan bo'lsa-da, “Ishonch.uz” tahririyati bu da'volar haqiqatga qanchalik yaqinligini o'rganish maqsadida bir qator avtobus yo'nalishlarida kuzatuv olib bordi.
Biz 2, 145, 100, 51, 115, 72, 24, 88, 9T va 199 sonli avtobuslarga chiqib, yo'lovchilarning haqiqatan ham yo'lkira to'layotgani, haydovchilar va nazoratchilarning holati, bekatlarda infratuzilma mavjudligi kabi masalalarni joyida o'rgandi.
Masalan, 51 sonli avtobusda olib borilgan kuzatuvlar e'tiborga loyiq. Oloy bozori — Yunusobod bozori oralig'ida qatnov qilgan avtobusda jami 5 nafar maktab o'quvchisi to'lov qilmasdan tushib ketganini kuzatdi. Ular avtobusga chiqqach, hech qanday karta yoki QR-chiptadan foydalanmagan, va bu harakat haydovchi tomonidan ham nazorat qilinmagan.
Shuningdek, 24 sonli avtobusda Yunusobod bozori — Alfraganus universiteti oralig'ida jami 12 nafar yo'lovchi hech qanday to'lov qilmasdan yo'lini davom ettirdi. Bu esa joriy tizimda nazoratning sustligi, to'lovni tasdiqlash mexanizmlarining yetarli darajada ishlamayotganini ko'rsatmoqda.
Bugungi kunda jamoat transportida ayrim yo'lovchilarning to'lovsiz harakatlanishi jiddiy muammoga aylangan. Biz bitta avtobusda o'zog'i bilan 10 minut yurganmizda shu voqeaga guvoh bo'ldik. Kun davomida bitta avtobusda nechi nafardan ortiq yo'lovchi to'lov qilmasdan manziliga yetib olgan ekana.
Haydovchilarning ta'kidlashicha: “Bu holat biz haydovchilarni anchadan beri o'ylantirib kelmoqda. Bunday vaziyat bizga bevosita salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Biroq, bu masalani ko'taradigan bo'lsak, ma'muriyat tomonidan tanbeh eshitishimiz mumkin.”
Oldinlarda esa vaziyat boshqacha bo'lgan deyarli avtobuslarda nazoratchisi bo'lgan shuning uchun — barcha yo'lovchilar o'z vaqtida pul to'lardi va bu borada uncha katta muammolar kuzatilmas edi.
Shuningdek, to'lov qilmaslik holatlariga nisbatan jarimalar ham nisbatan kam edi. Hozirgi vaqtda, amaldagi qonunchilikka muvofiq, avtobusda chipta olmasdan yoki to'lov qilmasdan harakatlangan shaxslar uchun jarima belgilangan bo'lib, u 37,5 ming so'm — ya'ni belgilangan BHMning o'ndan bir qismi miqdorida hisoblanadi.
Ammo, ushbu jarimalarning joriy etilishi va uning samarali qo'llanilishi ham muammoni to'liq hal eta olmayapti. Shu bois, jamoat transportida to'lov intizomini mustahkamlash, jarimalarning samarali qo'llanilishini ta'minlash va yo'lovchilarni to'lov qilishga majburlash borasida yanada qat'iy choralar ko'rilishi zarur.
Yana bir dolzarb muammo: avtobuslardagi konditsioner muammosi Yo'lovchilar bilan muloqot davomida aniqlanishicha, yozning issiq kunlarida ko'plab avtobuslarda konditsioner yoqilmaydi. Bu holat yo'lovchilarga katta noqulaylik tug'dirmoqda. Biz necha nafar yo'lovchi bilan bo'lgan suhbat qilganmizda ular quyidagicha fikr bildirdi: “Shaxsan o'zim bir necha marta murojaat qilganman. Yozda issiqda avtobusda havo yo'qligi chidab bo'lmas darajaga yetadi. Haydovchilardan konditsionerni yoqishni so'rasak, e'tibor berishmaydi. Bunday shikoyatlarim bo'yicha bir necha bor murojaat qilganman, lekin hech qanday natija bo'lmadi.”
Bu holat ham jamoat transporti sifati va xizmat ko'rsatish madaniyati bilan bog'liq muhim masala ekanini ko'rsatmoqda. Raqamlashtirish va to'lov tizimidagi o'zgarishlar qatori, texnik qulayliklar, xususan yozda konditsioner ishlashi kabi inson salomatligiga bevosita ta'sir qiluvchi omillar ham e'tiborsiz qolmasligi kerak. Fuqaro 1062 qisqa raqamiga murojaat qilganda, ularning murojaati ko'rib chiqilmaydi yoki yuzaki javoblar bilan cheklaniladi. Ayrim hollarda murojaatga rasmiy tarzda "avtobus eski", "ehtiyot qismlar yo'q" kabi bahonalar bilan javob beriladi. Bunday yondashuv fuqarolarning ishonchini pasaytiradi va muammolarning yechimi cho'zilishiga sabab bo'lmoqda. Murojaatlarning har biri jiddiy ko'rib chiqilishi, aniq va asosli javoblar berilishi lozim. Axir bu raqam xalq uchun xizmat qilishi kerak! Yoki bo'lmasa konditsioner yoqmaslgni ko'pincha ikkita muammosi bo'lishi mumkun
1. Texnik nosozliklar Avtobuslardagi konditsioner tizimlari vaqt o'tishi bilan eskiradi yoki turli texnik muammolarga duch keladi. Masalan, konditsioner kompressori ishlashni to'xtatishi, sovutish suyuqligi (freon) yo'qolishi yoki tizim ichidagi filtrlar ifloslanib qolishi mumkin. Bunday holatlarda konditsioner yaxshi sovutmaydi yoki umuman ishlamaydi. Shuningdek, avtobuslarga texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash tizimi yetarlicha samarali tashkil etilmagan bo'lishi mumkin. Mavsumiy ko'riklar yetarlicha o'tkazilmasa, kichik nosozliklar o'z vaqtida bartaraf etilmay, kattaroq muammoga aylanadi. Natijada konditsioner tizimi ishlamay qoladi, yo'lovchilar esa issiq va noqulay sharoitda sayohat qilishga majbur bo'ladi.
2. Energiya tejash
Ko'plab avtobus kompaniyalari uchun yonilg'i va elektr energiyasi xarajatlari katta muammo hisoblanadi. Konditsioner tizimlari elektr quvvatining katta qismini sarflaydi, ayniqsa katta yo'lovchi tashuvchi avtobuslarda.
Shu sababli ba'zi kompaniyalar issiq mavsumda konditsionerni doimiy ravishda yoqmay, uni faqat qisqa vaqtlar davomida ishlatadi yoki umuman o'chirishga qaror qiladi. Bu energiyani tejashga yordam beradi, ammo yo'lovchilar uchun noqulaylik tug'diradi. Ayniqsa, shahar ichidagi tirbandliklarda yoki uzun yo'llarda, konditsionersiz sayohat qilish ayniqsa qiyin bo'ladi.
Bu muammo nafaqat yo'lovchilarning shikoyatiga sabab bo'ladi, balki ularning transportga bo'lgan ishonchini ham kamaytiradi. Shu bois, transport xizmatlarini ko'rsatuvchi tashkilotlar energiyani tejash bilan birga, yo'lovchilarga qulaylik yaratish o'rtasida muvozanatni saqlashga intilishi zarur.
Toshkentda naqd pulsiz to'lov tizimining joriy etilishi transport sohasida ijobiy o'zgarishlarni keltirdi, ammo infratuzilma va aholi tayyorgarligidagi kamchiliklar tizim samaradorligini pasaytirmoqda. To'lov nazoratining sustligi va konditsionerlarning ishlamasligi esa yo'lovchilarning noroziligiga sabab bo'lmoqda. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun texnik xizmat ko'rsatish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash zarur.
Davron ERGAShEV
Maqolaga baho bering
0/51
0
0
0
0