Mas'ullarning loqaydligi sababli minglab fuqarolar “qarzdor”ga aylangan
Andijonda kadastr xodimlarining layoqatsizligi tufayli minglab fuqarolar o'zlariga tegishli bo'lmagan mulklar uchun soliqdan qarzdor bo'lib qolishmoqda.
Shu kunlarda Andijon tumanida yer va mol-mulk soliqlarini undirishga mas'ul inspektorlar g'alati manzaraga duch kelishyapti. Ma'lumotlar bazasida ko'plab shaxslar nomida turgan ko'chmas mulklar egasiz yoki mutlaqo boshqa odamlarga tegishli bo'lib chiqmoqda. Bu holat ba'zi fuqarolarda «Nega endi birovlarning xonadoni uchun soliq to'lashim kerak?» degan haqli e'tirozlarni yuzaga keltirayotir. Muammoning paydo bo'lishi esa kadastr idorasining ma'lumotlar bazasi bilan bog'liq.
Ma'lumki, fuqaro to'laydigan soliq summasi uning mol-mulklari soni va miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi. Ko'chmas mulklar haqidagi ma'lumotlar shu kunga qadar kadastr idorasi mas'ullari tomonidan soliq tizimiga integratsiya qilingan va xodimlar tilida «brest» deb yuritiluvchi bazada shakllantirilgan. Ya'ni mol-mulklar soni va o'lchovlari har bir fuqaroga tegishli 14 ta sondan iborat maxsus raqam – jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JShShIR) dasturga qayd etish orqali ro'yxatga olinadi. Bu jarayonda dastur bilan ishlovchi kadastr xodimidan nihoyatda hushyorlik talab qilinadi. Shunki raqamlarning bittasi noto'g'ri kiritilsa, tamom: bir shaxsga tegishli ko'chmas mulk mutlaqo boshqa odamning nomiga o'tib qolishi, oqibatda Alining uyi uchun vali, Eshmatning xonadoni uchun Toshmat soliq to'lashiga to'g'ri keladi.
Andijon tumanining Yangiobod mahallasida yashovchi Ilhomjon Qambarov ham shunday muammoga duch keldi. U Bo'taqora qishlog'ining Qorabosh ota ko'chasidagi o'ziga tegishli bo'lmagan xonadon uchun 2 million so'mga yaqin soliq qarzini to'lash bo'yicha xat oldi. Oqsoqolning o'g'li Kamoliddin Akbarov anglashilmovchilikni bartaraf etish maqsadida tuman kadastr bo'limiga murojaat qilganini, ammo xatoni yuzaga keltirgan «ijodkorlar» uni yugurtirishdan nariga o'tmayotganini ta'kidlayotir.
– Kadastr mutaxassislari «Otangizga tegishli identifikatsiya raqamini bazadan o'chirishimiz uchun davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilishingiz kerak», deb ortga qaytarishdi, – deydi Kamoliddin Akbarov. – Davlat xizmatlari markazi esa «Fuqaroning o'zi kelsin» degan talabni qo'ydi. Otam yetmish yoshni qoralayapti. Davlat idorasida yo'q joydan yaratilgan muammo tufayli keksa odamni ovora qilmay, o'zim hal etay desam, imkoni bo'lmadi. Kadastrga qayta-qayta iltimos qildim, bazasidan haligacha o'chirishgani yo'q. Muammo aniq, shunday ekan, nahotki uni fuqaroni sarson qilmay hal etishning imkoni bo'lmasa?
Qalamga olingan holat mavzuga doir yagona misol emas. Masalan, tumanning Mart mahallasidagi beshta xonadon kadastr mas'ullari e'tiborsizligi tufayli platformada viloyatning turli shahar va tumanlarida yashovchi Obid Jumaboev, Abdullo Ashurov, Maqsuda Qodirova, Xurshid Hamidov, Sirojiddin Boltaboev ism-familiyali shaxslar nomiga o'tib qolgan. Shu bois soliq qarzdorligi ularga yo'naltirilmoqda. Holbuki, mazkur ko'chmas mulklarning bu fuqarolarga mutlaqo aloqasi yo'q. Noreal qarzdorliklarni bartaraf qilish maqsadida MFY raisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika va soliq inspektorlari ishtirokida dalolatnoma ham imzolanib, kadastrga taqdim etilgan. Biroq mas'ullar masalani hal etishni paysalga solib kelishyapti.
Soliq inspektori Iqboljon Eralievning qayd etishicha, tumanda 3 mingga yaqin, birgina Bo'taqora qishlog'ida 69 ta ana shunday chalkashlik qayd etilgan. Oqibatda sun'iy qarzdorlik miqdori ortib bormoqda. Dasturda nafaqat Andijon viloyati, balki boshqa hududlar, hatto Surxondaryo viloyatida yashovchi fuqarolar nomiga ham mol-mulklar birikib qolgan. O'sha shaxslar bilan soliq qarzini undirish yuzasidan bog'lanilganida, ular ajablanib, yelka qisishdan nariga o'tishmayotir.
Endi ayting-chi, yuqoridagi kabi holatlar 5 ta, 10 ta, boring ana 100 ta bo'lsa ham tushunsa bo'lar, ammo minglab xatoliklarni qanday izohlash mumkin?
Davlat kadastrlar palatasi viloyat boshqarmasining matbuot kotibi Bunyodbek Abduvaliev tizimda bu kabi muammo borligini inkor etmadi. U ayni paytda yalpi xatlov o'tkazilayotganini, barcha turdagi ko'chmas mulklar yangi dastur – UzKAD tizimida qaytadan ro'yxatga olinayotganini, bu jarayonda yuqoridagi kabi xatoliklar tuzatib borilayotganini qayd etdi. Pirovardida shunday muammoga duch kelgan fuqarolar bilan bog'liq masalalarni bartaraf etishga yordam berishini ta'kidladi.
Mavzuni o'rganish jarayonida Kadastr agentligining telegramdagi rasmiy kanalida 2025 yil 23 sentyabr' kuni e'lon qilingan murojaatga ko'zimiz tushdi. Unda «eski tizimlarda ma'lumotlar INNga bog'liq holatda yuritilgan bo'lib, bu jarayonda (inson omilisiz) fuqarolarga tegishli bo'lmagan begona ko'chmas mulk, uning nomiga birikib qolgan bo'lishi mumkin»ligi, oldingi bazalardagi kamchilik va xatolarni bartaraf etish maqsadida hozir barcha ma'lumotlarni yagona tizimda birlashtirish ishlari olib borilayotganligi ta'kidlanadi. Murojaatda kimdadir yuqoridagi kabi muammolar kuzatilgan taqdirda, Kadastr agentligining 1097 qisqa raqami yoki tegishli telegram bot orqali bog'lanishi mumkinligi va xatolik tez fursatlarda bepul bartaraf etilishi ta'minlanishi ma'lum qilingan.
Muammoning rasman tan olingani quvonarli, albatta. Ammo mavzu doirasida qalamga olinayotgan kamchiliklar inson omilisiz emas, balki tizimdagi ko'zbo'yamachilik, ayrim xodimlarning mas'uliyatsizligi va layoqatsizligi oqibatida yuzaga kelgan, desak, to'g'riroq bo'ladi. Nega?
Tizimdagi manbalarimizga ko'ra, 2017-2019 yillarda ommaviy xatlov o'tkazilib, ko'chmas mulklarni dasturga kiritish jarayoni boshlangan va har bir hudud uchun kunlik me'yor belgilangan. Masalan, muayyan tumanda dasturga kuniga 200 nafar mulkdorning ma'lumotlari (JShShIR) kiritilishi topshirilgan bo'lsa, ayrim mutaxassislar aytilgan vazifani bajarishga yo chindan ulgurmagan, yoki mehnat unumdorligi talabga javob bermagan. Shunday vaziyatda tizimdagi yuqori rahbariyatga topshiriq ijrosiga ulgurmayotganligini ma'lum qilish o'rniga, «qo'ldan o'tguncha» qabilidagi ish tutumi davom etavergan: baza ro'yxatidagi ochiq qolgan qatorlarga mulkning haqiqiy egasiga tegishli (mutaxassislar aniqlashga ulgurmagan) raqamlar emas, balki duch kelgan raqamlar poyma-poy tirkalavergan. Mana, muammoning boshlanishi qaerda?!
...Xullas, bir guruh mas'ullarning loqaydligi minglab fuqarolarga yo'q joydan tashvish tug'dirgan. Aftidan, yaratilgan muammoning hal etilganidan ko'ra yechilmagani ko'proq. Shunki quyi tizimdagi ish tutumi agentlik murojaatidagi «xatolikni tez fursatda tuzatish» bilan bog'liq bayonotga ters kelayotganday.
Nurillo NO''MONOv
«ISHONCH»



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0