Qo'sh ustunimning biri
Ushbu bitiklarimni onam – Qumrixon Abdulhamid qizi xotirasiga bag'ishlayman.
Onamning ertagi
Bolalik kezlarim onamdan ko'p ertak eshitganman. Ba'zilarini qayta-qayta tinglaganman. Biroq beshafqat yillar o'z ishini qilgan, hozir aksariyati yodimda yo'q. Faqatgina bittasi xotiramga avval-oxir muhrlanib qolgan. Holbuki, uni onam menga bir marta, atigi bir martagina so'zlab bergan...
...Bilmadim, o'shanda necha yoshda edim – beshdami yo oltida?.. Har qalay, hali ukam va kichik singlim tug'ilmagandi. Men maktabga qatnamasdim, harf tanimasdim. Yana esimda bori – qirchillama qish edi. Borliqni qalin qor bosgan, shamol quturib, bo'ron avjiga chiqqandi. Shunday qahratonda otam akalarimni yoniga olib, tongsahar O'ratepaga yo'l olgandi. Keyinchalik bilsam, qo'shni Tojikistonga qarashli bu shahar bizning qishlog'imizdan 50-60 chaqirimcha narida joylashgan ekan. Otam o'sha yerda bir necha kun bo'lib, o'zining ta'biricha, ,,Ilikuzildi damlarda korimizga yarab qolar degan niyatda tishining kavagida” asragan olma-anorimizni sotgani ketgandi. Uyda onam, yaqinda tetapoya bo'lgan katta singlim va men qolgandim.
Qish kunlari – bir tutam, tunlari esa uzundan-uzun!
Qosh qoraygani hamono uchovlon sandal atrofiga jam bo'lamiz. Birgalashib ovqatlanamiz. Ko'p o'tmay, singlim mudray boshlaydi. Onam uni beshikka belab, alla aytadi. Singlim beshikning bir maromda tebranishi-yu, alla ohangiga mast bo'lib bir zumda uxlab qoladi. Men esa, mijja qoqmayman. Sandal chetida chalqancha yotib, uyimizning chiroq nuri tushayotgan yo'g'on xarisiga, har yer-har yerida qamishlari osilib turgan vassajuftli shiftiga tikilgancha, onam tezroq yonimga kelishini kutaman. Dardim o'zimga ayon – har doimgidek ertak eshitish!..
Ammo onam yotishga shoshilmaydi. Singlim uxlaganiga ishonch hosil qilgach, beshik ustini qalinroq yopib, dasturxonni yig'ishtirishga kirishadi. Ovqatdan bo'shagan idishlarni ko'tarib, oshxonaga yo'l oladi. O'sha yerda qozon-tovoq yuvib, uzoq kuymalanadi. So'ngra ichkariga kirib, otamning devorqoziqqa ilib qo'yilgan to'nini qo'liga oladi-da, xariga bog'langan yo'g'on simga osiqliq shisha chiroqqa yaqin o'tiradi. Amallab ninaga ip o'tqazgach, choponni tizzasiga qo'yib, yengini yamashga tutinadi.
Men uni zimdan kuzataman: nazarimda, kayfiyati tushkunroq. Сhehrasi so'lg'inroq. Boshi quyi solingan. Kipriklari o'ychan egilgan. Qo'li ishda-yu, xayoli boshqa yoqda. Meni butkul unutib yuborganday, o'zi bilan o'zi ovora. O'qtin-o'qtin ko'ksini to'ldirib chuqur nafas oladi, ortidan ohista xo'rsinib qo'yadi...
Axiyri, sabrim chidamaydi. Qanday bo'lmasin, uning diqqatini o'zimga jalb etishga urinaman.
– Opa, – deyman hamon chalqancha yotgan ko'yi tovonimni bozillagan sandal cho'g'iga toblarkanman, – ertaklar qanday yaratiladi?
– Nima? – Onam cho'chib tushadi. Tikishdan bir zum to'xtab, yelkasi osha menga qaraydi. – Ie, haliyam uxlaganing yo'qmi, bolam? – deydi taajjub aralash. – Vaqt allamahal bo'ldi-yu...
Mo'ltirab yotganimni ko'rib, niyatimnini anglagach, muloyim kulimsiraydi. Meni kattalar qatori ko'rib, erinmay tushuntira boshlaydi.
– Ertaklar, – deydi yotig'i bilan so'zlab, – odamzodning eng yaxshi orzu-tilaklaridan, ushalgan-ushalmagan armonlaridan tug'iladi. Oxiri doimo yaxshilik bilan tugaydi. Shuning uchun ham sira eskirmaydi. Tushundingmi, o'g'lim!
Men “Hm-m”, deymanu, baribir, bolaligimga boraman. Harchand o'ylamay, onamning gaplari mag'zini chaqolmayman. Boshim g'uvillab ketganidan teskari o'girilib, yerga qarab yotib olaman.
– O'zi, shu... – deyman tirsaklarimni lo'labolishga, iyagimni ikkala kaftimga tiragancha, – ertaklarni kim to'qiydi?
– Kim bo'lardi, sanu manga o'xshagan odamlar-da...
Onam ipni tishlarida qimtib uzadi. Solgan yamog'ini chiroq yorug'iga tutib, ko'zdan kechiradi. Ko'ngli to'ladi shekilli, to'n barini hafsala bilan tekislaydi. Uni taxlab, sandal ustiga qo'ygach, tizzalariga tayanib, qaddini rostlaydi. Ayni lahza soyasi kattalashib, shiftda akslanadi. Tovushi allanechuk yo'g'onlashadi.
– Ertaklarni, – deydi belini uqalarkan, alohida urg'u berib, – bismillosiga kimdir boshlab beradi. Keyin ikkinchisi, undan keyin uchinchisi-to'rtinchisi o'zidan qo'shib-chatadi. Shu zayl bir-birovini to'ldirib-tuzatib, yaxlit holga keltiradi. Yaxshilikka tashna odamlar ularni bir-birlariga aytib, o'zlariniyam-o'zgalarniyam ovuntirib yuradilar. – Ninani barmog'i uchida kirpechga sancharkan, onamning ovozi mayinlashadi. – Ishqilib, bu dunyoda har qaysi xalqning, har qaysi yurtning o'z cho'pchagi bo'ladi.
Bu gapni tinglab, onamning o'zidan eshitgan ertaklarim yodimga tushadi.
– Unaqada anavi ,,Yoriltosh”, ,,Uch og'ayni botirlar”, ,,Muqbil toshotar”, ,,Zumrad va Qimmat”, ,,Echki bilan bo'ri”lar kimniki? – deyman astoydil qiziqib.
– Ular o'zimizdi o'zbek ertaklari hisoblanadi...
Onam gap orasida uy o'rtasiga borib, chiroq piligini pasaytiradi. Nimqorong'ilashgan xonaga sirli sukunat cho'kadi. Tashqarida shamol uvillaydi. Darcha oynasiga qor uchqunlari chirsillab uriladi. Eshik betinim g'ijirlaydi. Xona shiftida allanechuk vahimali sharpalar paydo bo'ladi. Xayolimda xuddi shu lahza uyimizga gurzi ko'targan bir ko'zli bahaybat dev bostirib kirgandek bo'ladi. Kenja botirning yakka o'zi unga peshvoz chiqadi. Ikkovi o'rtasida hayot-mamot jangi boshlanadi. Dev og'zidan olov purkaydi. Kenja botir qilich sermaydi. Kurash ayovsiz tus oladi. Sutday oppoq, tiniq nur sochayotgan to'lin oy bundan ogoh topib, cho'chib tushadi. Xavotirlangancha shoshib pastga enadi. Darchamiz peshtoqiga kelib qo'nadi-da, ichkariga hayron-hayron mo'ralaydi. Obkash ko'targan qizaloq dahshat ichra qotib qoladi. Avvaliga bandidan uzilgan yaproqdek dag'-dag' qaltiraydi, dev Kenja botirga tashlanganida esa qo'rqqanidan izillab yig'lab yuboradi...
Xayolimda jonlangan bu manzaralar yuragimga vahm soladi. Shiftga qarashdan qo'rqib, ko'zlarimni chirt yumaman. Apil-tapil ko'rpa ostiga sho'ng'iyman. Onam yonimga kelib cho'zilishi bilanoq, pinjiga suqulib, uni mahkam quchib olaman. O'zimni bir oz bosib olgach, boyagi so'zlarini eslayman.
– Opa, – deyman ko'rpa ostidan qiya mo'ralab, – bizdi Bekobod haqidayam ertak bormi?
– Albatta! – Onam mening xayolimdan nimalar kechayotganini, shiftga qarashdan cho'chiyotganimni sezmaydi. – Har bir oshyonning, – deydi bamaylixotir tilga kirib, – o'ziga yarasha kechmishi bo'ladi. Bekobod to'g'risida ja ertak bo'masayam, shunga yaqinroq rivoyatlar talaygina.
Men quvonib ketaman. Hovurim bosilib, ko'nglim shirin orziqadi. Boshimni ko'rpadan dadilroq chiqarib, yalinaman:
– Unaqa bo'lsa, birortasini aytib beri-i-ing...
O'ylaganimdek bo'ladi, onam ra'yimni qaytarmaydi.
– Xo'p, bo'pti, – deydi menga yaqinroq surilib. – Ko'zingni yumib jimgina yot-da, quloq sol! – U mehri tovlanib, yengilgina tomoq qiradi. – Bir zamonlar Sirdaryo hozirgidek oddiy daryo emas, rosa katta dengiz bo'gan ekan...
Men tomorqamiz adog'idagi jarni, uning tagidan pishqirib oqadigan daryoni ko'z o'ngimga keltiraman. Ammo dengiz nimaligiga aqlim yetmay, onamning gapini og'zidan olaman:
– Dengiz deysizmi?.. Nima u?..
– Uni men ham ko'rmaganman. Ammo bir nechta daryoning suvi quyiladigan, hovuzga o'xshagan rosa katta joy shunaqa nom bilan atalishini eshitganman. – Onam savolimga qisqacha javob bergach, avvalgi gapini davom ettiradi. – Xullas, hozir biz yashayotgan joylar qadim-qadimda Sirdaryoning o'zani hisoblangan. Boshdan-oyoq nuqul inson qadami yetmagan ko'llaru to'qayzorlardan iborat bo'gan. Har ko'llarki, tubida naq uyday-uyday nahanglar, yuzasida tuyaday-tuyaday o'rdaklar suzib yurgan. Har to'qaylarki, kuppa-kunduzi bo'rilar uvlagan, tulki-shaqollar tinmay izg'igan. Yo'lbarslar, to'ng'izu bo'rsiqlar ham tez-tez uchrab turgan. Bora-bora daryo kichraygan. Asov to'lqinlar yuvosh tortgan. Ko'llar qurigan. To'qaylar qaqragan. Parranda-yu darrandalari qirilib, chor atrofi huvillagan biyobonga aylangan. O'ng qirg'oqqa yondosh yerlar Dalvarzin dashti, so'l tarafidagilar Mirzacho'l deb atalgan. Sal yuqoriroqda Kurkat degan qal'a bo'gan. Unda Shirin ismli bo'y yetgan, g'oyat go'zal malika yashagan. U nihoyatda dono-zukko, aqlli va xalqparvar qiz ekan. Shundanmi, oshiqlari bisyor ekan. Lekin malika turmush qurishga oshiqmas, ko'proq cho'llarga suv chiqarish to'g'risida qayg'urarkan.
Shu niyatda bir kuni elga jar soldirtiribdi. ,,Kimda-kim men aytgan yumushni uddalasa, o'shanga suyukli yor bo'laman,” debdi. Bu gap shu yerlik Farhod ismli pahlavon yigitga ham borib yetibdi. U Shiringa zimdan ko'ngil qo'yib yurgan ekan. Endi fursatni g'animat bilibdi. Daryoga band solishga, behuda oqib yotgan suvni sahro tomon burishga astoydil bel bog'labdi. Olmosdek keskir poyteshasini obdon charxlabdi. To'g'on qurish uchun daryoning eng tor qismidan joy tanlabdi. Uning yonboshidagi osmono'par tog' xarsanglarini sariyog'dek kesib-qo'porib, parchalashga tushibdi.
Malikaning qallob xaridori – Farhodning ayyor raqibi Xisravshoh esa, xiyonatkorona yo'l tutibdi. Shotirlariga daryo ziyidan cho'lning qoq kindigiga qadar oq-yaltiroq bo'yralar to'shab chiqishlarini buyuribdi. Amri vojib bo'lgach, Shiringa chopar jo'natibdi. “Ey, parizodi olam, shartingni bajardim. Ishonmasang, xufton chog'i ko'shkingga ko'tarilib, etakka razm sol!” degan xabar yetkazibdi.
Makr-hiyla nimaligini bilmagan malika uning istagini bajo keltiribdi. Qarasa, haqiqatan ham, cho'lu dashtlarga obi hayot taralayotganmish. Ammo u tun qorong'usida bir narsani payqamabdi. Bu aslida sarob ekanligini, oq-yaltiroq bo'yralar mayin esgan shamolda beozor tebranayotganini, oy shu'lasida xuddi suv jimirlab oqayotgandek tovlanayotganini xayoliga ham keltirmabdi. Lafziga sodiq qolib, shu zahotiyoq Xisravga tegishga rozilik bildiribdi. Tong yorishar-yorishmas, to'y-tomosha boshlanib ketibdi. Shirinning shoshqaloqligidan ogoh topgan Farhod alamiga chiday olmabdi. O'zini baland cho'qqidan pastga tashlab, halok bo'libdi. Ertalab malika ham aldaganini bilibdi. Nomus – o'limdan kuchli! Oriyati ustun kelib, o'zini daryoga otibdi. Tilsiz yov azaliy hunarini ko'rsatibdi. Ko'z ochib-yumguncha uni komiga tortibdi...
Onamning ovozi susayadi. Susaya-susaya, jimib qoladi. Ora-chira esnayotgani qulog'imga chalinadi. Men xavotirga tushib, betoqatlanaman.
– Undan keyin nima bo'pti? – deyman yuragim uvishib.
– Nima nima bo'pti? – uyqusiray boshlagan onam kalovlanib so'raydi.
– Сho'llarga suv chiqibdimi?
– Ha-ya, – onam yo'qotgan kalavasining uchini topgan odamday, mamnun bosh irg'aydi. – Сhiqibdi. Ammo malikaning orzusini keyinchalik har ishga qodir oddiy xalq amalga oshiribdi, – deydi shikasta jilmayib. – Ular O'ratepa beklari ko'magiga tayanibdilar. Daryoni Farhod chamalagan qismidan bo'g'ib, qaqroq cho'llarga suv chiqarib, ularga jon bag'ishlabdilar. U qirg'oqni bu qirg'oqqa bog'lovchi ko'prik solibdilar. Daryoning ikki sohilida qo'rg'on tiklabdilar. Mavridi kelib, ularning avlodlari GES quribdilar. Kulbalarga ziyo ulashibdilar. Qo'rg'onchani Bekobod, GES bilan haligi qoyani Farhod deb atabdilar. Tog' poyidan irmoqlanuvchi soyni-yu ro'parada chiroy ochgan yangi qishloqni Shirin deya nomlabdilar. Shunday qilib, afsonalarda bir-birining vasliga mushtoq bo'lgan oshiq-ma'shuqlar yonma-yon qad rostlabdilar. El nazdida, ular murod-maqsadlariga yetibdilar...
Onam rivoyatini yakunlab, menga yuzlanadi:
– Mani bilganlarim shu xolos... Endi-chi, dam olaylik, ma'qulmi? Kech bo'p ketdi, ertalab barvaqt turishimiz kerak.
U gap orasida kamzulini yechib, yenglarini shimaradi. Durrasini mahkamroq tang'ib, uxlashga chog'lanadi. Men birpasda shuncha narsani bilib olganimdan xursand bo'laman. Havo ochiq paytlari hovlimizdan ko'rinib turadigan olisdagi tog'larni, shahar tomondagi quvurlaridan erta-kech mudom qop-qora tutun burqsiydigan katta va bbaland imoratni, tunlari elektr chiroqlari ravshan jilolanadigan GESni tasavvurimda jonlantirib, benihoya g'ururlanaman. Onamdan eshitganlarimni ertasigayoq o'rtoqlarimga aytib berib, hammasini qoyil qoldirishni ko'nglimga tugib qo'yaman.
– Opa, – deyman keyin shodon suyunchilab, – katta akam Sirdaryo dunyodagi eng uzun daryo, deydi. Shu to'g'rimi?
– To'g'ri! – Onam chuqur xomuza tortayotib, so'zimni ma'qullaydi. – Akang rost aytibdi: ,,Har kimniki o'ziga, oy ko'rinar ko'ziga!” Uqdingmi?.. Unda buguncha yetar, ko'p ezmalanmay uxla endi!
Men ,,Xo'p!” deb ko'zimni yumaman. Biroq uxlash qayda?.. Zum o'tmay, yana onamning yelkasidan tortqilayman:
– Opa, sizdiyam o'ziyiz to'qigan ertagingiz bormi?
– Bor, – mudray boshlagan onam istar-istamas javob qaytaradi. – Nimaydi?
– Bo'sa, uniyam aytib bering.
– Obbo! – Onam norozi qiyofada yuzini burishtirib, qoshlarini chimiradi. Iltimosimga ko'nmay, bahona qidiradi. – Mani ertagim sirayam qiziqmas. Aytganim bilan fahming yetmaydi. Yaxshisi, kattaroq bo'lganingda eshitarsan... – deydi zorlangudek bo'lib.
Men o'jarligimdan qolmay, battar qistalang qilaman:
– Qiziq bo'masayam, tushunmasamam, mayli, hozir ayta qoling, jo-on opa!..
– Xah, qaysarliging ham bor bo'lsin, bolam, tutgan joyingdan kesmaguningcha qo'ymas ekansan-da.
Сhamamda, onamning ensasi qotib, uyqusi qochadi. Boshini ko'tarib, yostiqqa yonboshlaydi. Ammo hadeyishda ertagini boshlamaydi. Nimadandir ikkilanganday, hazin o'yga botadi. Men mahtal bo'lib yotaveraman.
– Emasam, diqqat bilan eshit! – deydi anchadan so'ng qat'iy qarorga kelib. – Biri bor ekan, biri yo'q ekan. Biri och ekan, biri to'q ekan. Uzoq o'tgan zamonda, kunchiqar tomonda gullab-yashnagan sarzamin bor ekan. Nomi Serquyosh o'lka ekan. Bir chekkasi baland-baland tog'larga, qibla tarafi yam-yashil vohalarga uyqash ekan. Ariqlarida suv o'rnida sharbat oqar, bog'larida meva o'rniga bol yetilarkan. Yer osti-yu yer ustining turgan-bitgani boyliklardan iborat ekan. Xullas, naqd jannatmakon maskan ekan. Odamlari pok-halol, ahil-inoq yasharkanlar.
Buni qorli tog'lar ortidagi, qalin-qalin o'rmonlar bag'ridagi Sovuq o'lka podsholari ham yaxshi bilarkanlar. Ular Serquyosh o'lkadagilarga hasad ko'zi bilan qararkanlar. Qachon bo'lmasin, bu yurtni bosib olib, odamlarini qulga aylantirish, bebaho boyliklariga ega chiqish payida yurarkanlar. Shu maqsadda bot-bot hujum uyushtiribdilar. Lekin qabih niyatlariga yetolmabdilar. Oxiri eng nozik, eng qaltis usulni qo'llabdilar. Serquyosh o'lkaga ayg'oqchilarini yo'llashga ahd qilibdilar.
Ayg'oqchilar avvaliga mahalliy aholi tilini, urf-odatini o'rganibdilar. So'ngra savdogaru sayyoh niqobida Serquyosh o'lkaga kirib kelibdilar. Shaharma-shahar, qishloqma-qishloq izg'ib, omi-to'pori odamlarni to'g'ri yo'ldan uribdilar. ,,Nima uchun bir hovuch boylar yegani oldida, yemagani ortida deganlaridek, to'q-farovon yashab, davri davron suradilar-u, qishin-yozin qora terga botib ishlasangiz-da, sizlarning kosangiz oqarmaydi?” debdilar. “Hamma balo o'zlaringizning bo'sh-bayovligingizda, haq-huquqingizni bilmasligingizda,” debdilar. “Agar bizga ergashsangiz, sizlarga baxt-iqbol keltiramiz. Qonxo'r xonu amirlarni, zolim boylarni yo'qotib, barchani barobar qilamiz,” debdilar. “Istasangiz, Xudoingiz narigi dunyoda va'da etgan behishtni Yer yuzining o'zidayoq barpo etamiz,” debdilar.
Sholi kurmaksiz, karvon xatosiz bo'lmaydi. Daraxtni ichidan qurt kemirmasa, mo'rt kelmaydi. Ayrim laqmalaru yurtdan chiqqan xoin-sotqinlar kechirib bo'lmas gunohga botibdilar. Yaqindagi jigardan uzoqdagi quyruqni afzal ko'ribdilar. G'alamislar ig'vosiga laqqa tushib, bosqinchilarni qo'llab-quvvatlabdilar. Payt poylab, xonu amirlarni taxtdan ag'darib tashlabdilar. Bu ham yetmaganday, andakkina o'ziga to'q odam borki, barini mushtumzo'r-quloqqa yo'yibdilar. Xohlasalar, ularning mol-mulklarini tortib olib, o'zlarini zindonband qilibdilar. Xohlasalar, begunoh bola-chaqalarini ham qo'shib, borsa-kelmas yerlarga badarg'a qilibdilar. Jinday e'tiroz bildirganlarni xalq dushmani hisoblabdilar. Yo'qdan bor yasab, o'limga buyuribdilar.
Oxir-oqibat zulm g'alaba qozonibdi. Serquyosh o'lkaga falokat doribdi. Ne-ne go'zal go'shalar vayronaga aylanib, sayrog'i bexosiyat boyo'g'lilarga makon bo'libdi. Eldan fayz-baraka, ro'zg'ordan rizq-nasiba qochibdi. Odamlar o'rtasiga sovuqlik tushib, o'zaro mehr-oqibat yo'qolibdi. Bola otaga qo'l ko'taribdi, ini og'aga qurol o'qtalibdi. Na nasl-nasabini tan oladigan qattollar, na kindik qoni to'kilgan tuproqni qadrlay biladigan battollar ko'payibdi. Qirg'inbarotu parokandalik kuchaygandan-kuchayibdi. Go'yoki o'rmonga o't ketib, ho'lu quruq baravar yonibdi...
Ertak shu yerga yetganda singlim uyg'onib yig'laydi. Onam beshik tebratib alla ayta boshlaydi. Ovozi sokin-g'amgin yangraydi. Сhiroq ojiz miltillaydi. Tanholikdan zerikib, muz qotgan oy sekin osmonga havolanadi. Shamol zabtiga oladi. Tomda allanima taraqlaydi. Bo'g'otda mushuk zor-zor miyovlaydi. Eshik avvalgidan-da ayanchliroq g'ijirlaydi. Ignaday tirqishidan tuyaday sovuq yopiriladi. Сho'g'i o'chgan sandal soviy boshlaydi.
Men etim junjikib, g'ujanak bo'lib olaman. Damimni ichimga yutib, xayol suraman. Nuqul Serquyosh o'lkani o'ylayman. Uning odamlari qismatiga achinaman. O'zgalar yurtiga g'orat keltirgan bosqinchilardan, bolani otaga, ukani akaga qayragan josuslardan, ularning nog'orasiga o'ynagan sotqinlardan nafratlanib ketaman. Singlimning pishillashi qulog'imga chalingach, ma'nodor yo'talaman. Onam niyatimni anglaydi. Ertagini uzilgan joyidan ulaydi.
– Balo-qazoga giriftor bo'lganlar orasida, – deydi boshimni silab, – payvasta qosh, barvasta qomat, dindan bir oz xabardor norg'ul yigit ham bor ekan. U qirga bug'doyini sepib, yaylovga chorvasini yoyib, birovga ziyon-zahmati tegmay, tinchgina kunini ko'rib yurarkan. Banogoh uning shirin oshiga pashsha tushibdi. Oraga rashk balosi aralashibdi. Rashkka xusumat doyalik qilibdi. Bunga yetti yot begonalarmas, o'zining dahriylar safiga o'tib ketgan bolalikdagi do'sti sababchi bo'libdi. U yoshligida yigitning xushro'ygina rafiqasiga hali turmushga chiqmasidan oldin sovchi yuborganu, biroq rad javobini olib, dog'da qolgan ekan. Endi olatasirdan foydalanib, o'ch olmoqni diliga tugibdi. O'rtog'i ustidan bir dunyo yolg'on-yashiq to'qib, maxfiy mahkamaga chaquv xati yo'llabdi.
Shu bahona, yigit bechoraga orqavarotdan nohaq ayb taqashibdi. Uyida ilohiy kitob saqlagan odam, adirda bog'i, qo'rasida sakkiz tuyoq moli bor mulkdor sifatida surgun qilishni ko'zlashibdi. Iymoni but bir kishi bu bedodlikka befarq qarolmabdi. Yarim tunda uning eshigini qoqibdi. ,,Navbat sanga yetdi-yov... Yashashni istasang, qochib qol!” deya shipshitibdi.
Yigit fursat g'animatida ko'ch-ko'ronini aravaga yuklabdi. Xotinini, bola-chaqasini uyg'otib, darhol ovulni tark etibdi. Qirdan quyiga enib ketaveribdi, ketaveribdi. Yo'l yuribdi, yo'l yursa ham, mo'l yuribdi. Tog'u toshlardan o'tibdi, dala-dashtlardan oshibdi. Yurib-yurib, oxiri tentak shamol yayragan azim daryo yoqasidan chiqib qolibdi. Yon-veriga mundoq razm solsa, bu qirg'oq odam yursa oyog'i, qush uchsa, qanoti kuyadigan sahroga tutashib ketganmish. U qirg'oqda ajdaho kirsa, badar ketadigan botqoqligu changalzorlar yastanib yotganmish. Kaftdek yalanglikda esa, o'ziga o'xshagan bir gala odam uymalashib yotganmish. Ular har joy-har joyga kapa tikib va kalxoz tuzib, to'qaylarni ekinzorlarga aylantirayotganmishlar.
Yigit, tavakkali Xudo, deya shu yerdan qo'nim topibdi. Loy qorib, uy quribdi. Ko'p qatori ter to'kib, yer o'zlashtiribdi. Qo'sh haydab, chigit ekibdi. Zahmat chekib, xirmon yaratibdi. Mehnatsevarligi, uddaburronligi tufayli el aro obro'-e'tibor orttiribdi. Odamlar unga katta ishonch bildirib, o'zlariga brigadir etib saylashibdi.
Mashoyixlar bilib aytishadi: ,,Har qanday dardning davosi – vaqt!”. Ha-yu hayt deguncha, oradan oylar o'tibdi. Bir-birini quvlab, yillar o'tibdi. Eski yaralar bitib, gina-kuduratlar unutilibdi. Yigit g'am-anduhlarini esidan chiqaribdi. Jabr-jafolardan qutulib, tinch-xotirjam hayot kechira boshlabdi. Ammo...
Onam birrov tin oladi. Сhiroqning xira nurida yuzimga sinchkov tikiladi. Ertakni mijja qoqmay, berilib tinglayotganimga ishonch hosil qilgach, yana tilga kiradi:
– Afsus, ming afsus, kambag'alni tuyaning ustidayam it qopishi haqqi rost ekan. Ittifoqo, kech kuzning yog'inli-sochinli kunlaridan birida qishloqqa egniga qora rangli uzun charm kamzul, oyog'iga nag'al poshnali xrom etik kiygan, beliga timqora g'ilofli nagan taqqan badqovoq, nigohlari o'ta sovuq odam kirib kelibdi. Kalxoz idorasida brigadirni xoli uchratib, o'zini tanishtiribdi. Uni ko'riboq, brigadirning rang-ro'yi quv o'chibdi. Yuragi shuv etibdi. Lab-dahani osilib, ich-ichidan zil ketibdi.
Badqovoq mehmon pinak buzmabdi. Avzoyini o'zgartirmabdi. Papkasidan bitta sarg'aygan surat chiqaribdi. Sarg'imtil o'lik ko'zlarini dam suratga, dam brigadirga qadab, so'rabdi:
– Bu kim?
Brigadir boyaqish nimayam qilsin?.. Bir boqishdayoq o'z siymosini tanibdi. G'azabdanmi-hayajondanmi, manglayi tirishib, beixtiyor mushtlari tugilibdi. Lablari pirpiragancha, teskari o'girilibdi. Nigohini yerga qadabdi. Shu ko'yi “O'zing hammasini ko'rib-bilib turibsan-ku, yana nimasini so'raysan, iblis!” deganday, bir nuqtaga tikilgancha, mum tishlab o'tiraveribdi.
Badqovoq mehmon otdan tushsayam, egardan tushmabdi.
– To'g'ri, – debdi brigadirning dilidan kechgan hadikni uqqanday, – biz bor haqiqatni oydinlashtirdik. Sizning nomingiz palon yili quloqlar ro'yxatiga tirkalgan. Juftakni rostlab qolganingizdan keyin esa, otuvga hukm qilingansiz. Dalil kerak bo'lsa, marhamat!
U uch kishi imzolagan, bor-yo'g'i ikki kalimadan iborat bir enlikkina hukmnomani brigadirning oldiga suribdi. Brigadir qog'ozga birrov ko'z qirini tashlabdi-yu, dor ostiga olib ketilayotgan aristonday mung'ayib qolibdi.
– Bilardim, – debdi anchadan so'ng duduqlana-duduqlana. – Oyni etak bilan yopib bo'lmasligini, ko'za kunda emas, kunida sinishini bilardim, – debdi a'zoyi badani qaqshab. – Bu jamiyatda bir marta xatga tushgan odam umrbod o'tga tushishini ham bilardim. Ba'zan tikanga ag'anagandek, tuni bilan alahsirab chiqardim. Qachondir, kimdir qo'limga kishan urib, oldiga solib ketishini tushlarimda ko'rardim. Bugun o'sha fursat yetgan ko'rinadi... Nachora, endi ilojim qancha?.. Faqat bir o'tinchim, oilam bilan oxirgi bor xayr-xushlashishimga ijozat bersangiz...
Shunda kutilmagan voqea ro'y beribdi. Badqovoq mehmonning luzumsiz ko'zlarida nur chaqnab, sovuq yuzlariga tabassum yoyilibdi. U brigadirga xayrixohlik ila boqibdi.
– O'rtoq brigadir, – debdi har so'zini chertib-chertib, – o'zingizni bosing. Men bu yerga sizni hibsga olish uchunmas, balki favqulodda bir xushxabarni yetkazish uchun kelganman. Boshda aytdim-ku, biz ishni har tomonlama puxta-batafsil o'rgandik. Pirovardida hamkasblarimiz ozgina shoshqaloqlik qilishganini aniqladik. Siz adovat qurboni bo'lishingizga bir bahya qolgan ekan. Aslida halol, ishchan inson ekansiz. Isboti – necha yillardan buyon paxtadan mo'l hosil yetishtirayotirsiz, fidokorona mehnatingiz bilan dunyoda yo'lchi yulduz hisoblanmish mamlakatimiz qudratiga qudrat qo'shayotirsiz. Shunga muvofiq, beayb deb topildingiz va sizga nisbatan qo'zg'atilgan ish harakatdan yotqizildi. Mana, gapimni isbotlovchi qaror!
Brigadir dabdurustdan quloqlariga ishonmabdi. Nogahoniy yangilikdan mast odamday dovdirabdi. O'ziga kelgach, sapchib oyoqqa qalqibdi. Mehmon uzatgan hujjatni jonholatda uning qo'lidan yulqib olibdi. Tik turganicha shosha-pisha o'qibdi-yu, go'dak bola misoli baralla ho'ngrab yig'lab yuboribdi...
Taassufki, Xudo bersa ham qo'shqo'llab berarkan, ursa ham qo'shqo'llab urarkan. Bechoraning ro'shnoligi uzoqqa cho'zilmabdi. Hafta oyoqlar-oyoqlamas, xotini ikkovi o'z uyida sirli ravishda vafot etibdi. Qishloqda ,,Kimdir ularning ovqatiga zahar qo'shib berganmish”, degan mish-mishlar tarqalibdi...
Xuddi shu lahza uvada bulutlar oy yuzini to'sadi. Osmonni zulmat chulg'aydi. Boyagina derazamizdan tushib turgan nur qorong'ulik qa'riga singib ketadi. Basma-basiga shamol tag'in-da avjiga chiqadi. Eru ko'kni yamlagudek vajohatda tinmay hushtak chaladi. Xonaga sovuq sukunat cho'kadi. Onamning bo'g'ziga nimadir tiqilganday bo'ladi. Gapirolmay, entikadi. Og'ir so'lish olib, ustma-ust uf tortadi. Har xo'rsinganida yelkalari bilinar-bilinmas titraydi. Ko'zlarida halqalangan yosh shishasini tutun qoplagan chiroqning ojiz nurida zo'r-bazo'r tovlanadi.
Men onamning g'amga botishini ertakdagi fojia dahshatiga yo'yaman. Yig'isini azbaroyi er-xotinga achinganidan deb bilaman. Ko'proq brigadirning bolalari taqdiriga qiziqaman. Dilgir o'ylar girdobidan chiqolmay, qo'rqa-pisa so'z qotaman:
– Ular omon qolishibdimi?
– Kimlar?.. Bolalarmi? – deydi onam es-hushini yig'ib olib. – Sho'rtaygina opa-singillarning to'ng'ichi o'n ikkiga, kenjasi to'qqizga qadam qo'ygan, o'g'il ukalari nihoyati yetti yoshda ekan. Xayriyatki, ular o'sha oqshom ertaroq ovqatlanib, barvaqt uyquga ketgan, og'u esa taomga keyinroq qo'shilgan ekan. Ammo birato'la ham otadan, ham onadan ayrilib qolishgach, toza qiynalibdilar. Birovlardi molini boqibdilar, birovlardi bog'ini qo'ribdilar. Kimlarningdir bolasiga qarab, kir-chirlarini yuvibdilar, kimlarningdir tomorqasida ishlab, hovlisini supiribdilar. Xullas, sag'irlikdi neki azobi bor, barini tortibdilar. Bo'ylari cho'zilib, suyaklari qotgach, kalxozga a'zo bo'libdilar. Paxta etishtiribdilar, pilla tutibdilar. Vaqti-soati yetib, oila qurib, uvali-juvali bo'ptilar. Asta-sekin o'zlarini o'nglab obtilar.
– Anavi, zahar berganlar-chi, – deyman men sabrim chidamay. – Ular topilibdimi?
– Yo'q! – Onam nadomat-la sekin bosh chayqaydi. – Qancha so'rab-surishtirishmasin, qotillar kimligini aniqlay olishmabdi. Lekin qing'ir ishning qiyig'i qirq yildan keyin ham chiqadi deganlari rost ekan. Qishloqda bir vaqtlar brigadirga devor-darmiyon qo'shni turgan so'qqabosh qariya yasharkan. U o'n besh-yigirma qovun pishig'ining nari-berisida bedavo dardga chalinib, inisining uyida to'shakka mixlanib yotarkan. Omonatini topshirar chog'i brigadirning zurriyotlarini huzuriga chorlab, ko'pyillik sirni oshkor qilibdi. “Sizlarning ota-onangiz umriga, nobakor o'rtog'imning qutqusiga uchib, aslida men zomin bo'lgandim, ularning hol-ahvolidan xabar olgani kirgan kishi bo'lib, ovqatlariga zahar qo'shgandim. Bu qilmishimni hozirga dovur yashirib keldim. Bir umr arosatda yashadim. Jazodan omon qolsam-da, vijdon azobidan qochib qutulolmadim. Buyam kamlik qilganday, tuzalmas dardga yo'liqdim”, debdi. “Bugun paymonam to'lib, safarim qarib turibdi. Boshimdan o'tgani o'zimga-yu, yolg'iz Xudoga ayon”, deb tavba-tazarru qilibdi. “Uddasidan chiqa olsalaring, gunohimdan kechinglar”, deya yalinib-yolvoribdi.
Onam tag'in jim qoladi. Ortidan chuqur xo'rsinadi. Men javdirabgina so'rayman:
– Opa-ukalar uni kechirishibdimi?
– Boshqa nimayam qilishardi... – Onamning titroq ovozi uzoq-uzoqlardan arang eshitilayotganday tuyuladi.
– Nahotki?.. Axir... – Men hayratdan entikib qolaman.
– O'rtaga oqsoqollar aralashibdilar. Qarindosh-urug'lari cholning gunohidan o'tishlarini so'rashibdi. – Onam o'ychan qiyofada o'ng qo'lini peshonamga bosadi. Qadoq kafti bilan beixtiyor yuzlarimni silaydi. – O'tar dunyoning ishlari shunaqa, o'g'lim. Nojo'ya qilmish hech qachon javobsiz qolmaydi. Yaratgan Egamning o'zi adashgan bandasini tirnoqdan qissa, ustiga- ustak, tuzalmas dardni berib qo'ysa, bundan ortiq jazo qayda bor?.. Buni brigadirning jigargo'shalari ham tushunishibdi. Shuning uchun cholni o'limidan keyin ham qarg'ashmabdi.
– Nega?
– Marhumlarni yomonlash odobdanmas. Сhunki inson bolasi onadan farishtaday begunoh tug'iladi. Hayotligida nimaiki yaxshi yoki yomon ish qilsa, hammasi tuproq ustida qoladi. Vujudni jon tark etgach, qabrga quruq jasadning o'zi tushadi. Murdada ayb bo'lmaydi.
Onam ko'rpani ustimga tortarkan, so'ziga yakun yasaydi:
– Ana, aytmovdimmi, mani ertagim sirayam qiziqmas. San hali buni tushunmaysan. Bir kun ulg'aysang, mavridi kelib, hammasini o'zing bilib olarsan. – U bir oz sukut saqlagach, qo'shimcha qildi. – Balki, o'shanda mani ertagimni davom ettirarsan. Balki, qalovini topib, uni yaxshilik bilan tugatarsan, xo'pmi?
– Xo'p! – Men o'zim bilmagan holda va'da berib yuboraman.
Onam bundan ruhlanib, yelkamga ohista qoqadi:
– O'zim o'rgilayin sandan, endi uxla, bolam.
U boshqa so'z qotmaydi. Peshonamdan o'pib, o'rnidan qo'zg'aladi. G'amgin qiyofada chiroq sari yuradi. Uning shishasini tozalab, piligini balandlatadi. So'ngra unsizgina odimlab, taxmondagi eski sandiqqa yaqinlashadi. Ustidagi ko'rpa-yostiqlarni tushirgach, zil-zambil qopqoqni dast ko'taradi. Sandiqni titkilab, ichidan oq surpga o'ralgan, jigarrang muqovali qandaydir kitobni chiqaradi. G'uborini yengi bilan artadi. Sahifalarini varaqlashdan oldin ko'zlariga surtadi. Shu asno lablari iztirobli shivirlaydi. Barmoqlari allanechuk qaltiraydi.
U shu ko'yi haykal yanglig' tosh qotadi. Miq etmay o'tiraveradi, o'tiraveradi... Deraza tokchasida yana oy shu'lasi o'ynaydi. Shamol to'xtab, hammayoq suv quyganday tinchiydi. Сhiroq ravshan nur socha boshlaydi. Men onamni kuta-kuta ko'zim uyquga qanday ilinganini sezmay qolaman...
...Ajab, onam o'sha ertagini keyinchalik biron martayam qayta eslamadi. Aksiga olib, men ham hech so'ramadim. Biroq...
Maktabni bitirayotgan yilim tasodifan achchiq bir haqiqatdan ogoh topdim: onam tilga olgan mungli voqea cho'pchak emas, aslida uning o'z boshidan kechirganlari ekan. Xusumatga uchragan yigit volida tomonidan bobom, uning chirqirab qolgan farzandlari esa xolam, onam va tog'am ekan.
Buni yetti avlodimizni tushuntirayotib, gap orasida otam aytib qoldi. Men “Nahotki!” deganday, onamga yuzlandim. U indamadi. Ancha vaqt nigohlarini yerga qadab o'tirdi-o'tirdi-da, oxiri o'rnidan sas-sadosiz qo'zg'alib, hamon eski sandiq saqlanayotgan uyga kirib ketdi. Men uning ortidan ergashishga jur'at qilolmadim. Keyinchalik ham bu haqda so'rashga botinolmadim. Shu vajdan, onam tirikligida bolaligimda unga bergan va'damning ustidan chiqolmadim. Harchand urinmay, onam aytgan hikoyatni davom ettirib, ezgulik bilan tugatolmadim.
Nihoyat, bu tong uni shamol uvillagan, bo'ron quturgan, olis-olislarda qolib ketgan ayozli qish kechasi qay tarzda eshitgan bo'lsam, o'sha holicha qog'ozga tushirdim. O'zimdan hech narsa qo'shmadim, qo'sholmadim... shundayligicha sizga ilindim. Negaki, bu yetimlik azobini xo'p tortgan onamning ertagi... Ota-ona mehriga zor-intizor o'sgan onamning haqiqatdan yaralgan ertagi... Uning abadul-abad ushalmagan, mangu qarorgohiga o'zi bilan birga olib ketgan qalb armoni...
Siz nima deysiz, bilmadim. Lekin, menimcha, onalarning dili tubidan chiqqan kalom iymon qadar muqaddas bo'ladi. Uni o'zgartirish, to'ldirish aslo joiz emas. Ayni chog'da, loaqal biror satrini tushirib qoldirish ham sira-sira mumkin emas...
(Davomi bor)
Abdunabi HAYDAROV
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0