Serbiya: kichik, ammo katta imkoniyatlarga ega davlat

Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev rasmiy tashrif bilan Serbiyada bo‘ldi. Evropaning janubi-sharqi, Bolqon yarimorolining qoq markazida joylashgan ushbu davlat o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Xususan, aholisi 7 millionga ham etmaydi, hududi esa O‘zbekistondan qariyb 5 barobar kichik. Keling, bugungi maqolamizda Serbiya haqida kengroq maʼlumot beramiz.
48 11:32 | 09.09.2026 11:32

Serbiyaning geografik o‘rni, sanoat salohiyati va Evropa bozorlari bilan aloqalari mamlakatni mintaqadagi muhim iqtisodiy markazlardan biriga aylantirgan.


Bugun Serbiya O‘zbekiston uchun shunchaki yangi hamkor davlat emas. 7–8-sentyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoevning Belgradga tashrifi chog‘ida ikki mamlakat munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni ko‘paytirish va erkin savdo kelishuvi ustida ishlash borasida bir qator rejalarni ko‘rib chiqdi.


Avvalo mamlakatning muhim siyosiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlariga to‘xtalsak.


Serbiya poytaxti Belgrad bo‘lgan parlament respublikasi. Mamlakat aholisi taxminan 6,6 million kishi. 2026 yil uchun Xalqaro valyuta jamg‘armasi Serbiyaning nominal yalpi ichki mahsulotini qariyb 112 milliard dollar, aholi jon boshiga YaIMni esa 17,2 ming dollar atrofida baholagan. Iqtisodiy o‘sish prognozi 2,8 foizni tashkil etadi.


Amaldagi prezidenti — Aleksandr Vuchich. U 2017 yildan beri prezident lavozimida. Ammo mamlakat siyosiy hayotida ayni paytda jiddiy jarayonlar ham kechmoqda. Hukumat parlamentni tarqatib, muddatidan oldin saylov o‘tkazishni taklif qilgan.


Shu jihatdan Serbiyani faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan baholash etarli emas. Mamlakat Evropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonida bo‘lsa-da, siyosiy va huquqiy masalalar, Rossiya bilan munosabatlar hamda demokratik institutlar holati yuzasidan Evropa bilan kelishmovchiliklari mavjud.


Serbiyaning eng katta ustunliklaridan biri geografiyasi


Mamlakat Evropaning sharq va g‘arbini, Markaziy Evropani Bolqonlar bilan bog‘laydigan muhim yo‘llar chorrahasida joylashgan. Shu sababli Belgrad transport, logistika va savdo nuqtayi nazaridan strategik mavqega ega.


Serbiya iqtisodiyotida xizmatlar sektori etakchi bo‘lsa, sanoat ham muhim o‘rin tutadi. Avtomobilsozlik, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va elektronika mamlakatning muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.
Yana bir qiziq jihat, Serbiya Evropa bozoriga chiqishni istayotgan kompaniyalar uchun ishlab chiqarish maydoni sifatida ham jozibador. Mamlakatga xorijiy investitsiyalar kirib kelmoqda, infratuzilma loyihalari rivojlantirilmoqda.


Yaʼni Serbiya katta ichki bozorga ega davlat emas. Ammo u O‘zbekiston uchun katta bozorga chiqishda muhim ko‘prik bo‘la oladi.

Serbiyaning o‘ziga xos tomoni nimada?

O‘zbekiston ham, Serbiya ham dengizga bevosita chiqish imkoniyatiga ega emas. Ammo har ikkisi ham geografik jihatdan muhim quruqlik yo‘llari chorrahasida joylashgan.


O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport yo‘laklarini rivojlantirishga intilmoqda. Serbiya esa Bolqon va Evropa transport tarmoqlarida muhim bo‘g‘in.


Shuning uchun ikki davlat hamkorligini faqat o‘zaro mahsulot ayriboshlash bilan cheklanib qolmaydi.
Bu erda Evropa bozorlariga chiqish, logistika, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya masalalari ancha muhim.


Ayniqsa, ikki davlat erkin savdo kelishuvi ustida ishlayotgani katta ahamiyatga ega. Agar bunday kelishuv amalga oshsa, o‘zbek ishlab chiqaruvchilari uchun Serbiya orqali Evropa bozoriga chiqish imkoniyatlari kengayishi mumkin. Shu bilan birga, Serbiya kompaniyalari uchun O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozorlariga kirish nuqtai nazaridan muhim markaz bo‘lib xizmat qiladi.


Zebo NAMOZOVA
Ishonch.uz


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid