Uy bekasi ham “dekret puli”olishi mumkinmi? Qanday qilib?
Ushbu savolga ekspert Ra'no Isamitdinova javob berdi.
— Ha, mumkin. Joriy yildan boshlab uy bekalari, ya'ni rasman ish joyiga ega bo'lmagan ayollar ham homiladorlik va tug'ish nafaqasini olish huquqiga ega.
2026 yil 1 yanvardan O'zbekistonda davlat ijtimoiy sug'urtasining yangi tizimi joriy etildi. Unga ko'ra, fuqarolar davlat ijtimoiy sug'urtasiga ixtiyoriy ravishda qo'shilishi mumkin.
Bu degani, agar ayol rasman ishlamasa ham, u o'zini o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tkazib, davlat ijtimoiy sug'urtasiga ixtiyoriy qo'shilib, har oy sug'urta badallarini to'lab borsa, homiladorlik va tug'ish nafaqasi, ya'ni “dekret puli” olish huquqiga ega bo'ladi.
Nafaqa tayinlanishi uchun sug'urta badallari kamida ketma-ket 10 oy davomida to'langan bo'lishi shart.
Buning uchun nima qilish kerak?
Soliq ilovasida o'zingizni o'zingiz band qilishingiz kerak.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga borib yoki my.gov.uz portali orqali elektron murojaat qilib “Ijtimoiy sug'urta” modulida elektron ro'yxatiga kiring. Sug'urta stajini kuzatib borish va nafaqani olish uchun “Yagona milliy ijtimoiy himoya” va “Baraka” mobil ilovalarini telefoningizga o'rnating. Yanvar oyidan boshlab sug'urta badallarini ixtiyoriy ravishda istalgan tijorat bankiga murojaat qilish orqali yoki mustaqil ravishda “Ijtimoiy karta” axborot tizimi yoki uning “Baraka” mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
Sug'urtalangan shaxs uchun sug'urta badallarini to'lovi amalga oshirilgan davr kamida ketma-ket 10 oy bo'lsa, sizda nafaqani olish uchun sug'urta stajingiz yetarli bo'ladi.
Misol. Lolaxon yanvar oyidan boshlab, dekabr oyigacha ketma-ket 12 oylik davrda 100 000 so'mdan sug'urta badallari to'lab bordi.
Lola bu davrda may oyida 5 kun kasal bo'ldi. Kasallik nafaqasi uchun 6 oylik sug'urta staji yetmadi. Demak, sug'urta hodisasi yuzaga kelmaydi va unga nafaqa to'lanmaydi.
Lola avgust oyida 10 kun kasal bo'ldi va sug'urta hodisasi yuzaga keladi, chunki u sug'urta badallarini to'lab kelayotganiga 6 oydan oshgan. Unga 9 kun uchun (dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari hisobga olinmaydi) proaktiv shaklda nafaqa to'landi.
Lolaga dekabr oyida homiladorlik va tug'ish davri (126 kalendar kun)ga kasallik varaqasi ochildi. Sug'urta staji esa yetarli – 10 oydan oshgan.
Ana endi Nizomning 16-bandidagi formulaga qo'yib hisoblaymiz.
Nafaqa miqdori=O'OIH÷25,3 x SK x KS
O'OIH — hisoblangan o'rtacha oylik ish haqi;
25,3 — ish kunlarining o'rtacha oylik soni;
SK — sug'urta stajiga mutanosib ravishda o'rtacha oylik ish haqiga nisbatan qo'llaniladigan staj koeffitsienti;
KS — mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko'rsatilgan davr ichidagi Jamg'arma hisobidan qoplab beriladigan kunlar soni.
Nafaqani hisoblab ko'ramiz. Lola 10 oyda bir xilda to'lab borgan summa 100 000 so'm. Bunda 10 oydan 2 yilgacha sug'urta stajiga ega bo'lgan ayolga 75% staj koeffitsienti qo'llaniladi.
126 kalendar kunlik davrdan yakshanba va bayram kunlarini chiqarib tashlansa, taxminan 105 kalendar' kun qoladi. 2 000 000*:25,3*75%*105.
Lolaga homiladorlik va tug'ish davri uchun 6 225 296 so'm, 44 tiyin nafaqa to'lanadi.
Esda tuting! Sug'urta badalini to'lash yoki to'lamaslik sizning ixtiyoringizda. Agar har oyda to'lab borsangiz, o'zingiz uchun nafakat dekret pullarini, xatto ishlamasdan kasallik nafaqalarini ham olish huquqingiz kafolatlanadi.



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0