Uch farzandini o‘ldirgan onaga AQSh sudi nega hukm e’lon qilmadi?
Ayni kunlarda AQShda uch nafar farzandini o‘ldirganini tan olgan ona atrofida jamoatchilik ikki qarama-qarshi tomonga bo‘lindi. Bir tomon uni uch go‘dakning o‘limi uchun javob berishi kerak bo‘lgan qotil deb hisoblamoqda. Ikkinchi tomon esa Lindsi Klensini og‘ir tug‘ruqdan keyingi psixozga duchor bo‘lgan, tibbiy tizim tomonidan o‘z vaqtida qutqarilmagan bemor sifatida ko‘rmoqda. Hatto uning ota-onasi uchun internetda million dollardan ortiq mablag‘ yig‘ildi. Sud hakamlarining 11:1 hisobida bo‘linib ketishi esa jamiyatdagi qarama-qarshilikning sud zalida ham aks etganini ko‘rsatdi.
Aslida bu voqea 2023 yil 24 yanvar kuni Massachusets shtatidagi Duksberi shahrida sodir bo‘lgan. O‘sha paytda 32 yoshda bo‘lgan Lindsi Klensi uch nafar farzandi — besh yoshli Kora, uch yoshli Douson va sakkiz oylik Kallan bilan yashar edi. Klensi tug‘ruq va ginekologiya sohasida ishlagan hamshira bo‘lgan. U uchinchi farzandi tug‘ilganidan keyin ruhiy holati keskin yomonlashgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u uch farzandini bo‘g‘ib o‘ldirgan. Keyin esa o‘z joniga qasd qilish maqsadida uyining ikkinchi qavati derazasidan sakragan. U tirik qoldi, ammo og‘ir jarohatlar oqibatida falaj bo‘lib qoldi.
Bolalarning jasadlarini esa ularning otasi Patrik Klensi ishdan qaytib kelgach topgan. Bu jinoyat ishida eng hayratlanarlisi, bolalarning o‘limi haqida tortishuv deyarli yo‘q. Uning himoyachilari “u harakatlarni qilgan paytda u aqliy jihatdan o‘zini boshqara olmaydigan holatda bo‘lgan”, deya ta’kidlamoqda. Ana shu nuqta butun ishni boshqa darajaga olib chiqdi. Himoya tomoni Klensi tug‘ruqdan keyingi psixoz holatida bo‘lganini bildirdi. Bu oddiy depressiya emas.Tug‘ruqdan keyingi psixoz juda kam uchraydigan, ammo o‘ta og‘ir ruhiy holat. Unda inson voqelikni to‘g‘ri qabul qila olmasligi, gallyutsinatsiyalar, vasvasalarga duch kelishi mumkin. Mutaxassislar bu holat taxminan har 1000 tug‘ruqdan birida uchrashini aytadi. U o‘z vaqtida aniqlansa, davolash imkoni mavjud. Klensi himoyasi esa uning homiladorlik va tug‘ruqdan keyingi davrida ruhiy salomatligi bilan bog‘liq muammolar yetarlicha jiddiy qabul qilinmaganini da’vo qildi. Uning oilasi ham Klensi ruhiy holati yomonlashayotganini sezganini aytgan. Biroq prokuraturaning pozitsiyasi keskin farq qiladi. Ayblov tomoni Klensi nima qilayotganini anglaganini, uning harakatlari tasodifiy emasligini va jinoyat oldindan o‘ylanganini isbotlashga urindi. Prokuratura chaqirgan sud-psixiatrlari ham uning harakatlari psixoz bilan izohlanishiga shubha bildirdi.
Demak, sudda Klensining ikki xil qiyofasi namoyon bo‘ldi. Himoya tomoni uchun u og‘ir ruhiy kasallikka duchor bo‘lgan ona bo‘lsa, ayblov uchun qilmishining oqibatini anglagan va uch farzandini qasddan o‘ldirgan ayol edi. Biroq Klensi ishi sud zalidan ancha uzoqqa chiqib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, ayollar guruhlarida, ruhiy salomatlik tashkilotlari va faollar orasida u haqida keskin bahslar boshlandi. Bir tomon: «U uch nafar bolaning hayotiga zomin bo‘ldi. Ruhiy holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, qilmishi uchun javob berishi kerak», degan fikrni ilgari surdi. Boshqalar esa: «Agar inson og‘ir psixoz holatida bo‘lgan bo‘lsa, uni oddiy qotil bilan bir qatorda baholab bo‘lmaydi», degan pozitsiyani himoya qildi.
Ayniqsa, ko‘plab onalar Klensining tug‘ruqdan keyingi ruhiy holati haqidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratdi. Ular uchun bu ish shunchaki «uch farzandini o‘ldirgan ayol» haqidagi jinoiy ish emas edi. Klensi voqeasi orqali yanada kengroq va og‘riqli savol o‘rtaga chiqdi: «Yangi onalar ruhiy jihatdan yordam so‘raganda, jamiyat ularni haqiqatan ham eshityaptimi?».
Bahslar internet doirasidan ham chiqib ketdi. Avgust oyida sud binosi tashqarisida Klensini qo‘llab-quvvatlovchi yuzlab odamlar yig‘ildi. Ularning aksariyati ayollar edi. Ko‘pchiligi pushti rangdagi kiyimlarda kelib, onalarning ruhiy salomatligiga jiddiy e’tibor qaratish, shuningdek, tug‘ruqdan keyingi psixoz haqida jamoatchilik xabardorligini oshirishni talab qildi. Ular Klensini “oqlash”dan ko‘ra, uning ishi orqali tug‘ruqdan keyingi ruhiy kasalliklarga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlagan. Biroq bu namoyishlar jabrlanganlarning yaqinlari va Klensi tanqidchilari tomonidan salbiy qabul qilindi.
Tanqidchilarning fikricha, jamoatchilik Klensiga hamdardlik bildirish bilan uch nafar begunoh bola Kora, Douson va Kallanning taqdirini ikkinchi o‘ringa surib qo‘ymoqda.Shu tariqa bahs yanada keskinlashdi.
Klensi ishida jamoatchilik reaktsiyasining eng ko‘zga tashlanadigan ko‘rinishlaridan biri xayriya kampaniyasi bo‘ldi. Lindsining ota-onasi Maykl va Pola Masgrovlar uchun ochilgan “The Musgrove Family Fund” nomli kampaniya qisqa vaqt ichida million dollardan oshdi. Avgust oyining oxiriga kelib, kampaniyaga 31 mingdan ortiq kishi mablag‘ bergani xabar qilindi. Sentyabr oyida, sud jarayonining haqiqiy emas deb toplishi bilan yakunlanganidan keyin esa mablag‘ $1,1 milliondan oshdi. GoFundMe platformasi kampaniya haqiqiy va tasdiqlangan ekanini ma’lum qildi.
Kampaniyani TikTokdagi ona boshlagani va uning maqsadi Klensining ota-onasiga moliyaviy yordam ko‘rsatish ekani xabar qilingan. Nega? Tashkilotchilar va tarafdorlarning tushuntirishicha, Klensining ota-onasi qizining uzoq davom etadigan tibbiy va huquqiy jarayonlari bilan bog‘liq og‘ir vaziyatda qolgan.
Jamoatchilikdagi qarama-qarshilik sud zalida ham aks etdi. Lindsi Klensi ishini ko‘rib chiqqan 12 nafar hakamning 11 nafari bir pozitsiyada, bir nafari esa boshqa pozitsiyada qolgani xabar qilindi. Hay’at yetti kun davomida 38 soatdan ortiq muhokama qildi, ammo bir qarorga kela olmadi. Hakamlardan biri ruhiy kasallik bilan bog‘liq himoya pozitsiyasiga qo‘shilmagani haqida bahslar ham bo‘ldi. Himoya tomoni uni almashtirishni so‘radi, ammo sud bu talabni rad etdi. Massachusets Oliy sudi ham shoshilinch apellyatsiyani qanoatlantirmadi.
Qariyb olti hafta davom etgan sudda 80 dan ortiq guvoh, yuzlab dalillar muhokama qilindi. Psixiatrlar, psixologlar, tibbiyot xodimlari, oila a’zolari va boshqa guvohlar Klensining ruhiy holati haqida turli nuqtai nazarlarni bildirdi. Uning eri Patrik Klensi ham sudda guvohlik berdi.U xotinining ruhiy holati fojiagacha keskin yomonlashganini tasvirladi.Eng og‘ir jihatlardan biri shuki, Patrik xotinini kechirganini ham bildirgan. Bu pozitsiya ham Amerika jamoatchiligida turli reaktsiyalarga sabab bo‘ldi.Ayrimlar uning kechirimi insonning ruhiy kasallikni tushunishga harakati sifatida baholagan bo‘lsa, boshqalar bolalarning otasi sifatida bunday kechirimni qabul qilish qiyinligini aytdi. Ishning yana bir muhim yo‘nalishi Klensi va Patrik Klensi tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchilarga qarshi fuqarolik da’volari. Ularda tibbiy muassasalar Klensining og‘ir ruhiy holatini o‘z vaqtida aniqlamagani, noto‘g‘ri yoki yetarli bo‘lmagan davolash uning ahvolini og‘irlashtirgani haqida da’volar keltirilgan. Bu esa ishni yanada murakkablashtiradi.
4 sentyabr kunida bo‘lib o‘tgan sud Lindsi Klensining ishiga nuqta qo‘ymadi. Prokuratura uni yangi hakamlar hay’ati oldida qayta sud qilishi mumkin. Shuningdek, taraflar kelishuvga borishi yoki ayblov strategiyasi o‘zgarishi ehtimoli ham bor. Klensi hozircha davlat psixiatriya muassasasida saqlanmoqda. Keyingi sud majlisi 29 sentyabrga belgilangan.
Feruza RAHIMOVA,
Ishonch.uz



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0