Jahonning eng kuchli klinikalari
Insoniyat borki, tibbiy xizmatga ehtiyoj bor. “Dunyodagi eng kuchli tibbiyot qaysi davlatda?” degan savol doim diqqat markazida bo'ladi. Sog'liqni saqlash tizimining asosi yirik klinikalar hisoblanadi. Ularda nafaqat davolash, balki tibbiyotning bir necha yillik istiqbollarini belgilovchi tadqiqotlar ham olib boriladi.
Quyida taqdim etilayotgan ro'yxatni reyting deb bo'lmaydi, sababi, har bir klinika o'z yo'nalishi bo'yicha ilg'or. Ammo nisbiy ko'rsatkichlar aynan mana shu tibbiy maskanlar jahon yetakchilari ekanligini isbotlaydi.
Boston: Massachusets bosh gospitali

Uzoq 1811 yilda asos solingan bu tibbiy markaz qator yo'nalishlarda ilg'or bo'lsada, yurak kasalliklari bo'yicha yutuqlari jihatdan yaqqol yetakchi hisoblanadi. Jahonning eng malakali kardioxirurglari bu klinikada faoliyat yuritadilar, ta'lim oladilar yoki tajriba orttiradilar.
Noyob tadqiqotlari bilan mashhur bu klinika xodimlari orasida Nobel' mukofotiga loyiq ko'rilganlar soni 10 nafarni tashkil qiladi.
London: Great Ormond Street, eng yaxshi bolalar shifoxonasi

Tibbiyotning juda katta qismi bo'lgan pediatriya yo'nalishida Londondagi 1852 yilda asos solingan bu shifoxona oldiga tushadigani yo'q. Dunyoning juda ko'plab davlatlarida turli yo'nalishlarda tadqiqotlar olib boradigan bu klinika bolalar duch keladigan eng murakkab kasalliklarni davolash bo'yicha qator patentlarga ega. Xizmatlari ancha qimmat bo'lsada, tibbiy sug'urtalar bolalar joniga oro kiradi.
Baltimor: Jon Hopkins klinikasi

AQShning Baltimor shahridagi bu ko'p tarmoqli klinikada juda murakkab operatsiyalar amalga oshirilgan, tibbiyotda muhim rol' o'ynagan tadqiqotlar qilingan, uning talabalari ichidan Nobel' mukofoti sovrindorlari yetishib chiqqan.
Bu kasallik bo'yicha eng ishonchli va foydali tavsiyalar, statistik ma'lumotlar hamda davolash taktikalarini tanlashda shu klinika faoliyati etalon vazifasini bajardi. Shuqur tadqiqotlari orasida gen injeneriyasi alohida o'rin tutadi.
Yoxannesburg: Kris Xani Baragvanata shifoxonasi

Uzoq Janubiy Afrika Respublikasining poytaxti Yoxannesburg shahridagi bu klinikada pandemiyaga qadar ham 5 ming nafar xodim ishlagan. Klinikaning obro'si shu qadar balandki juda ko'p davlatlar bemorlar kelib yaxshigina pul to'lab davolanishadi.
70 gektar maydonda joylashgan bu tibbiy maskanda birvarakayiga 3000 kishi bemalol davolanadi. Pandemiya davrida xodimlar soni ham, bemorlar soni ham o'rtacha 20-25 foizga oshgan.
Ma'lumot o'rnida: AQShda elektr energiyasining eng katta iste'molchilari tibbiy klinikalar hisoblanadi.
Kliforniya: Stenford klinikasi

AQShdagi bu klinikaning o'ziga xos jihati innovatsion texnologiyalar qo'llashi bilan barchadan o'zib ketgan. Bu tibbiy maskan telemeditsina, mikrojarrohlik kabi eng murakkab yo'nalishlarda ilg'or hisoblanadi. Shuningdek, tibbiy uskunalarni hayotga tatbiq etish bo'yicha eng kuchli tadqiqotlar ham aynan shu klinikada o'tkaziladi.
Bu maskan xodimlari bir vaqtda ham yurak, ham o'pkani ko'chirib o'tkazganlari, shuningdek, AQShda birinchi bo'lib yoshi katta odam yuragini ko'chirganlari bilan maqtana oladilar.
Berlin: Charite klinikasi

Germaniya tibbiyoti singari klinikalari ham jahonning har qanday tibbiy maskanlari bilan bellasha oladilar. Birgina Charite klinikasida bu davlatdagi tibbiyot va fiziologiya bo'yicha Nobel' mukofoti sohiblarining yarmidan ko'pi ishlaydi.
Mazkur klinika murakkab jarrohlik, xususan onkologiya, transplantologiya bo'yicha tadqiqotlar maskani hisoblanadi.
Texas: Anderson onkologiya markazi

Bu klinika onkologiya yo'nalishidagi tadqiqotlar uchun bir yilda o'rtacha 1 mlrd dollargacha investitsiya kiritadi.
Texas universiteti qoshidagi bu tibbiy markaz onkologiya sohasidagi yetakchi hisoblanadi. So'nggi yillardagi o'lim sababchilari orasida tobora yuqorilab borayotgan saraton kasalliklari ko'paygani sari bu klinikaning tadqiqotlari qamrovi ham, bemorlari soni ham ortib bormoqda.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0