+20C

+20C

  • O'z
  • Ўз
O'zbekiston
  • Siyosat
  • Sport
  • Jamiyat
  • Iqtisod
Xorij
  • Iqtisod
  • Siyosat
Intervyu
  • Madaniyat va ma'rifat
Kutubxona
  • Adabiyot
  • Ilmiy ishlar
  • Maqolalar
  • Kasaba faollari uchun qo’llanmalar
Boshqalar
  • Suratlar so‘zlaganda...
  • Kolumnistlar
  • Arxiv
  • O'zbekiston jurnalistlari
  • O'z
  • Ўз

Telefon raqamingizni kiritng

Tasdiqlash kodini SMS orqali yuboramiz

Kirish

O‘zbekistonda o‘g‘il bolalar ko‘proq tug‘ilib, qizlar kamaymoqda: dunyoda vaziyat qanday?

Jahon mamlakatlari orasida ayollar va erkaklar soni balansi bir xil emas. Yaqin Sharq mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va janubi-sharqiy Osiyoda erkaklar soni ko‘proq bo‘lsa, Sharqiy Evropa, Boltiqbo‘yi, Amerika va Afrika davlatlarida ayollarning ulushi biroz ko‘proq.
282 10:04 | 03.06.2026 10:04

Milliy statistika qo‘mitasi 1 iyun sanasida qiziqarli maʼlumot taqdim etdi. Unga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvar holatiga yurtimizda 0–14 yoshdagi jami bolalar soni 11 630 879 nafarni tashkil etgan. Shundan o‘g‘il bolalar 6 030 736, qiz bolalar esa 5 600 143 nafardir. Yaʼni 14 yoshgacha bo‘lgan aholi ichida qizlar o‘g‘il bolalardan naq 430 ming nafarga kamroq bo‘lib chiqyapti. Albatta, yosh kattalashgan sari farq kamayib boradi. Umuman olganda, butun O‘zbekiston bo‘ylab erkaklar ayollarga nisbatan 300 ming nafar ko‘pligi aytiladi. Mazkur masala qachondan beri global muammoga aylandi?


Jahon mamlakatlari orasida ayollar va erkaklar soni balansi bir xil emas. Yaqin Sharq mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va janubi-sharqiy Osiyoda erkaklar soni ko‘proq bo‘lsa, Sharqiy Evropa, Boltiqbo‘yi, Amerika va Afrika davlatlarida ayollarning ulushi biroz ko‘proq. Albatta, bu qator tarixiy va ijtimoiy omillar bilan bog‘liq. Maʼlumotlarga ko‘ra, ayni damda dunyo aholisi sonida erkaklarning ulushi 50,3 foizni, ayollarning ulushi esa 49,7 foizni tashkil etadi. Shuni taʼkidlash kerakki, erkaklarning ulushi ayollarnikidan ortganiga yarim asrdan oshgan. Ilgari, 1950 yillardan 1970 yillarga qadar vaziyat boshqacha edi: ayollar erkaklardan ko‘proq edi. Bu holat 1971 yilgacha davom etdi, shundan keyin bu nisbat o‘zgardi. 2025 yilda dunyo aholisi 8,23 milliardga etdi. Bu avvalgiga nisbatan 0,841 foizga o‘sishni anglatadi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aholining o‘sish surʼati asta-sekin pasayadi. 2082 yildan boshlab esa kamaya boshlaydi.


Dunyo bo‘yicha Osiyo qitʼasida aholi soni eng ko‘p: 4,8 milliard yoki dunyo aholisining 58,7 foizi. Osiyoda erkaklar ulushi ayollar ulushidan oshib ketadi: 50,82 foiz va 49,18 foiz nisbat. Okeaniya aholisi eng kam: 46,6 million. U erda erkaklar ulushi 50,08%, ayollar ulushi esa 49,92%. Osiyo va Okeaniya erkaklar aholisi ayollar aholisidan ortadigan yagona mintaqalardir. Afrikada erkaklar ulushi 49,95%, Amerikada 49,57%, Evropada 48,3% ni tashkil qiladi. Ayollar ulushi mos ravishda Afrikada 50,05%, Amerikada 50,43% va Evropada 51,7% ni tashkil qiladi.


Dunyo mamlakatlari orasida eng ko‘p erkak aholiga ega davlatlar Yaqin Sharqda joylashgan. Masalan, Qatar aholisining 71 foizini erkaklar tashkil etadi, undan keyingi o‘rinlarda BAA, Kuvayt, Maldiv orollari, Bahrayn va Saudiya Arabistoni joylashgan. BAAda erkaklarning ulushi 64 foizga etadi. Bunday demografik nomutanosiblik faqatgina tabiiy omillar hisobiga sodir bo‘lmagan.


Kuzatuvlarga ko‘ra, bu mintaqada erkaklar sonining keskin ko‘pligiga asosiy sabab — qurilish va boshqa sohalarga millionlab xorijlik erkak ishchilarning (migrantlarning) oqib kelishidir. Masalan, BAAda tub aholi jami nufusning atigi 11 foizini tashkil etadi (88 foizdan oshiq kishilar esa turli davlatlardan kelgan mehnat muhojirlaridir. Ular orasida kelib chiqishi hindistonlik va pokistonlik bo‘lganlarning ulushi yuqori).


Dunyoda eng ko‘p inson istiqomat qiluvchi ikki davlat sanalgan Hindiston va Xitoyda ham vaziyat anchagina murakkab. Masalan, Hindistonda erkaklar soni 761 mln kishini, ayollar esa 715,5 mln kishini tashkil etadi (salkam 45 mlnlik farq). O‘rtadagi farq uncha-buncha o‘rtacha davlat aholisicha chiqadi. Xitoyda esa erkaklar soni 720 mlndan ortiq, ayollar soni esa 690 mlnga etmaydi. Maʼlumki, Pekin uzoq yillar davomida “bir oila bir farzand” siyosatini yuritib keldi. Mazkur siyosat oqibatida mamlakatning demografiyasi jiddiy ravishda o‘zgardi. Hozirda Xitoy aholisi kamayishni boshlagan, erkaklar soni esa ayollardan 30 mlnga ko‘proq.


Ayollar ulushi katta davlatlar qatoriga esa Gonkong, Gvadelupa, Martinika, Moldova, Makao, Rossiya, Ukraina, Belarus, Armaniston, Litva, Zimbavbe kabi davlatlar kiradi. Rossiya va Ukraina ayollar ulushi ko‘p eng yirik davlatlardan sanaladi. Har ikkala davlatda 100 nafar ayolga 86 tadan erkak kishi to‘g‘ri keladi. Sharqiy Evropa davlatlarida mazkur demografik xarakter tarixiy ildizlarga ega. Bu Ikkinchi jahon urushiga borib taqaladi. Mazkur urushda sobiq sovet davlatlari 27 mln kishi qurbon berdi, ularning salmoqli qismi erkaklar edi. Eng ko‘p o‘lim hozirgi Rossiya va Ukraina hududlarida qayd etildi. Natijada ushbu hududlar hanuz mazkur jihatdan o‘nglanmayotir. Aksincha, 2022 yildan beri davom etayotgan o‘zaro urush vaziyatni battar murakkablashtirmoqda.


Bundan tashqari, Sharqiy Evropada erkaklar o‘rtasidagi o‘lim darajasining yuqoriligi va umr ko‘rish davomiyligining qisqaligi kuzatiladi. Masalan, Rossiya, Belarus va Latviyada ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 10-11 yil uzoqroq yashaydilar. Erkaklar o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklari, zararli odatlar (alkogol va tamaki mahsulotlarini haddan tashqari ko‘p isteʼmol qilish) hamda baxtsiz hodisalar tufayli erta o‘lim ko‘rsatkichi juda yuqori.


Baʼzi davlatlarda, xususan Latviya, Litva, Armaniston va Gruziyada iqtisodiy vaziyat sababli mehnatga layoqatli erkak aholining katta qismi pul topish maqsadida xorijga (asosan Evropa Ittifoqining iqtisodiy jihatdan badavlat mamlakatlariga) chiqib ketadi. Bu esa mamlakat ichida qolgan aholi orasida ayollar foizining sunʼiy ravishda baland ko‘rinishiga olib keladi.


Shuningdek, dunyoda ayollar va erkaklar soni deyarli mukammal darajada teng (50 ga 50) bo‘lgan yoki ular o‘rtasidagi farq juda ham minimal (0,1–0,2 foiz) bo‘lgan davlatlar mavjud. Frantsiya: aholi tarkibida erkaklar va ayollar nisbati deyarli ideal tenglikka yaqin. Bir ozgina farq bilan ayollar ulushi 51,2% ni, erkaklar esa 48,8% ni tashkil etadi, lekin yosh va o‘rta avlod vakillari orasida bu ko‘rsatkich roppa-rosa 50/50 ga to‘g‘ri keladi.


Germaniya: Ko‘p yillar davomida muvozanat saqlanib kelayotgan davlat. Bu erda ayollar ulushi taxminan 50,3 foiz, erkaklar esa 49,7foizni tashkil qiladi. Buyuk Britaniya: umumiy aholi ichida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farq 1 foizga ham etmaydi (taxminan 49,5 foiz erkaklar, 50,5 foiz ayollar).


O‘zbekistondagi vaziyat borasida nima deya olamiz? Yuzaki qaraganda vaziyat unchalik jiddiy emas. 2026 yil 1 aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 382 ming 685 nafarni tashkil etdi. Shundan 19,1 millioni ayollar, 19,3 millioni esa erkaklardir. Lekin yuqoridagi maʼlumotga ko‘ra, yaqin kelajakda jinslar o‘rtasidagi farq kattalashib boradi va bu qator muammolarni yuzaga keltirishi ehtimoli mavjud. Bular qatorida nikohlarning kamayishi, tug‘ilishning pastlashi kabi muammolar bor. Demografiya qonuniyatlariga ko‘ra, dunyoda har doim qiz bolalarga nisbatan o‘g‘il bolalar biroz ko‘proq tug‘iladi (taxminan 100 qiz bolaga 105 o‘g‘il bola). Ammo erkaklarning hayoti davomida xavfli kasblar, baxtsiz hodisalar va kasalliklarga ko‘proq chalinishi hisobiga 30-40 yoshlarga borib bu ko‘rsatkich deyarli tenglashadi.


Abror Zohidov


Izoh qoldirish
Jo‘natish
Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Maqolaga baho bering
0/5

0

0

0

0

0

Mavzuga oid