Ikki yoshida boshqalarga dars bergan “matematika dunyosining Motsarti”
Bu qahramonimiz hali aqlini tanimay turib matematikani tushinishni boshlagandi. Yosh vunderkind Terrenc Tao 1975 yilda Avstraliyada, asli xitoylik bo‘lgan intellektual oilada tug‘ilgan: otasi shifokor, onasi esa o‘qituvchi bo‘lib, ikkalasi ham ikkitadan universitet diplomiga ega edi. Terrenc Tao yoshligidanoq aʼlo darajada taʼlim olgan. Bolakayning ota-onasi uning ajoyib qobiliyatlarini u atigi ikki yoshida kashf etishgan. Tengdoshlari endigina gapirishni o‘rganayotgan paytda, Tao besh yoshli bolaga raqamlarni qanday yozish va qo‘shishni o‘rgatgan. Bundan ham ajablanarlisi shundaki, Tao dastlab hech kimdan dars olmagan. U butunlay hamma narsani o‘zi o‘rgangan, televizor ko‘rib maʼlumot olgan.
Taoning ota-onasi uning daholigini bilishgan bo‘lsa-da, bolani yoshligidan qattiq o‘qishga majburlamadilar. Buning o‘rniga, uni tengdoshlari bilan birga maktabga borishga va tabiiy ravishda rivojlanishiga imkon berishdi. 9 yoshida Tao universitet darajasidagi kurslarda qatnasha boshladi va tezda o‘z isteʼdodini namoyish etdi. O‘sha paytda Tao ajoyib o‘quvchi edi va SAT matematika imtihonida yuqori ball oldi. Aqli va mehnatsevarligi tufayli Tao ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi. 10 yoshida u Xalqaro matematika olimpiadasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bir yil o‘tgach, Tao kumush medalni qo‘lga kiritdi. 13 yoshida kelib chiqishi xitoylik bo‘lgan bola tarixda oltin medalni qo‘lga kiritgan eng yosh ishtirokchiga aylandi.
Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgandan so‘ng, Tao 14 yoshida Flinders universitetiga o‘qishga kirdi va uni atigi ikki yil ichida imtiyozli diplom bilan bitirdi. Bu davrda Terrens Tao o‘zining birinchi kitobini yozdi, unda Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) matematik muammolarni echish usullari va tajribalari haqida gap boradi.
1992 yilda Tao magistrlik darajasini va aspiranturada o‘qish uchun Fulbrayt stipendiyasini oldi. 21 yoshida u Prinston universitetida (AQSh) doktorlik darajasini oldi va Kaliforniya universitetida dars berishni boshladi. U erda Tao 24 yoshida professor unvonini qo‘lga kiritdi. U universitetdagi ushbu akademik lavozimga tayinlangan eng yosh odam edi. Terrens Tao dunyodagi eng aqlli uchta odamdan biri bo‘lib, IQ darajasi 230 ga teng, bu hatto Eynshteyn, Isaak Nyuton va Stiven Xokingdan ham oshib ketadi. U davrimizning eng ko‘zga ko‘ringan matematiki hisoblanadi.
Ko‘p yillar davomida Terrens Tao o‘z vaqtining ko‘p qismini matematika rivojiga bag‘ishladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, u bu sohada ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Isteʼdodli matematik 2000 yilda Salem mukofotiga va 2002 yilda Bocher xotira mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning yutuqlari shunchalik ajoyibki, ommaviy axborot vositalari uni “Matematika dunyosining Motsarti” deb atashdi. 2006 yilda, 31 yoshida Tao nufuzli mukofot bo‘lgan Fields medalini oldi, u ko‘pincha “Matematika bo‘yicha Nobel mukofoti” deb ataladi.
Ko‘p o‘tmay, yosh professor raqamli tasvirlarni siqish usullari nazariyasini muvaffaqiyatli ishlab chiqdi, bu Amerikaning Technology Review jurnali tomonidan 2007 yilda kashfiyot texnologiyasi sifatida tan olindi. Tadqiqot faoliyati davomida Tao matematik hamjamiyat tomonidan matematik tadqiqotlarning qariyb 10 ta muhim sohasiga, jumladan, garmonik tahlil, qisman differentsial tenglamalar, kombinatorika, analitik sonlar nazariyasiga qo‘shgan hissasi uchun eʼtirofga sazovor bo‘ldi.
Taoning eng mashhur yutuqlaridan biri matematik Ben Grin bilan birgalikda isbotlagan teoremasidir. Ular tub sonlar ketma-ketligida istalgan uzunlikdagi arifmetik progressiyalarni topish mumkinligini isbotladilar. Bu sonlar nazariyasidagi asrlik jumboqlardan birini hal qildi va tub sonlarning tartibsiz tabiatida ham muayyan qonuniyatlar borligini ko‘rsatdi. Tao matematik fizika va suyuqliklar harakatini tavsiflovchi qiyin tenglamalar ustida ishlaydi. U million dollarlik mukofot qo‘yilgan Nave-Stoks tenglamalarining silliq echimlari mavjudligi yoki yo‘qligi muammosi ustida katta ilgarilash qildi. U ayrim sharoitlarda bu tenglamalar “portlab” ketishi (cheksizlikka qarab ketishi) mumkinligini ko‘rsatuvchi modellarni yaratdi.
2016 yil holatiga ko‘ra, matematik akademik hamjamiyat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 300 dan ortiq maqola va 17 ta kitob nashr etdi. Terrens Tao nafaqat o‘z faoliyatida muvaffaqiyat qozongan, balki ko‘pchilikning hasadiga sabab bo‘lgan. U har doim juda yuqori hissiy aqlga ega do‘stona, ochiqko‘ngil inson sifatida taʼriflanadi, shuning uchun bu xitoylik matematik ko‘pchilik tomonidan hurmat qilinadi.

Tao shaxsiy hayotda ham aqlli tanlovni amalga oshirgan. Osiyolik matematika dahosi NASA`ning Reaktiv harakat laboratoriyasi muhandisiga uylandi. Ularning bir o‘g‘li va bir qizi bor. Tig‘iz ish jadvaliga qaramay, Terrenc Tao oilasi bilan vaqt o‘tkazishni hech qachon unutmaydi. Bu matematikning mustahkam va baxtli nikohini saqlab qolishga yordam beradi.
Hozirda Kaliforniya universitetida dars berishdan tashqari, Terrenc Tao o‘zini matematika rivojiga bag‘ishlashda davom etmoqda. U shuningdek, AQSh Fan va Texnologiyalar maslahat kengashining sunʼiy intellekt (SI) tadqiqot guruhida ham ishlaydi. 51 yoshida bu osiyolik daho o‘zining boy va mazmunli hayoti bilan ko‘pchilik tomonidan hayratga soladi, bunda u ham martaba, ham oilani ustuvor vazifa qilib qo‘yadi.
Mashhur matematik o‘zining kamtarligi bilan ajralib turadi. Taoning o‘z blogi bor (What's new), u erda u o‘zi ishlayotgan matematik muammolarni, maqolalarni ommaga ochiq joylashtirib boradi. U erda istalgan talaba yoki havaskor matematik unga savol berishi va muhokamada qatnashishi mumkin.
Tao sunʼiy intellekt terxnologiyalari bilan ham faol ishlaydi. Ko‘plab olimlar sunʼiy intellektning rivojlanishiga shubha bilan qaragan bir paytda, Tao undan birinchilardan bo‘lib faol foydalanishni boshladi. U ChatGPT va boshqa SI vositalarini o‘z ishiga faol tatbiq etmoqda.
Abror Zohidov



Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0