Сhigirtka yetkazayotgan zarar badalini kim to'laydi?
Oxirgi vaqtlarda iqlim keskin o'zgardi. Uning salbiy oqibatlarini hammamiz sezib va ko'rib turibmiz. Ayniqsa, dalalarni chigirtka bosib ketdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, ortda qolgan o'n yillikda Samarqandda ushbu zararkunanda karrasiga ko'payibdi. Avvallari chigirtkalar viloyatning Nurobod, Qo'shrabot tumanlarida ko'p uchrardi. Hozir esa, Bulung'ur, Jomboy, Kattaqo'rg'on, Payariq, Pastdarg'om, Samarqand tumanlarining tog' va tog'oldi qir-adirlarini ham egallab olgan.
– Bu yil chigirtkalar har doimgidan ertaroq tuxum ochdi, – deydi Samarqand viloyati O'simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi qoshidagi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati boshlig'i Zafar Ergashev. – Zararkunandalar o'chog'iga aylanishi mumkin bo'lgan 71 ming 760 gektar maydonda kuzatuvlar tashkil etilib, mavsum davomida 66 000 gektar maydonga kimyoviy ishlov berish taxmin qilingandi. Ayni chog'da har kuni 1 249 gektardan ziyod maydon zararkunandalardan tozalanmoqda. Issiq va quruq iqlim chigirtkalarning urug' ochishi, palak otishi imkonini kuchaytirib yubordi. Shundoq ham yog'ingarchilik kamligi bois qurib qovjirab qolgan yaylov o'tlarini bu ofat yamlamay yutmoqda. Eng tashvishli holat Qo'shrabotda kuzatilmoqda. Tumandagi 14 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov berish rejalashtirilib, shundan 5 ming gektari kuzatuvga olingandi. Ammo nazoratdagi maydonlardan bir necha barobar kengroq hududdlarda zararkunanda galalari paydo bo'ldi. Nurobod tumanida kuzatuvdagi 24 ming gektar maydonning salkam 19 ming gektarida chigirtka ko'payishi qayd etildi.
– Сhigirtkaga qarshi kurashish asnosi aholi o'rtasida keng ko'lamli tushuntirish ishlari olib borilmoqda, – deydi tut parvonasi va chigirtkaga qarshi kurash xizmati murojaatlar bilan ishlash xizmati mutaxassisi Sitora Ochilova. – Maqsadimiz ushbu hashoratga qarshi qo'llanilayotgan kimyoviy dorilarning mutlaqo bepul va odamga zararsizligini tushuntirish.
Mas'ullarning ta'kidlashicha, ayni paytda zararkunandalarga qarshi kurash qizg'in tus olgan. Buning uchun 15 ta traktor, 5 ta “Pikap” rusumli maxsus mashina, 6 ta OVX purkagich, 6 ta VP purkagich, 10 ta motorli qo'l apparati, 4 ta mototsikl, 2 ta suv tashish texnikasi va boshqa qo'shimcha anjomlar shay holatda turibdi. Ammo natija o'zini oqlamayapti. Сhigirtka keltirayotgan zarar yil sayin ortib bormoqda. Masalan, o'tgan yili viloyat bo'yicha 13 715 gektar maydon zararkunandalarga yem bo'lgandi. Joriy yilda “ishg'ol” etilgan hudud 70 ming gektardan oshayapti. Ayniqsa, chorva mollari boqishga mo'ljallangan o'tloqlardagi yo'qotishning hisobi yo'q.
Demak, haqli savol tug'iladi: xo'sh, qachongacha yaylovlarni chigirtkalarga yem qilamiz? Nahotki, bu ofatni oyoqlamasidan burun quritishning iloji bo'lmasa?
Nurilla Shamsiev,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0