Dehli va Islomobodda nima gaplar?
Gazetamizning avvalgi sonlaridan birida Kashmir muammosi haqida maqola e'lon qilingan, unda «Yaqin haftalarda qabul qilinadigan qarorlar nafaqat butun mintaqa, balki global xavfsizlik arxitekturasi barqarorligiga ham ta'sir qiladi. Сhunki bu ikki yadroviy davlat o'rtasidagi ziddiyatdir», deya qayd etilgandi.
Afsuski, bu qarorlar tinchlik sari yetaklamaydigan ko'rinadi. 7 mayga o'tar kechasi Hindiston Pokiston hududlarini bombardimon qildi. Pokiston javob qaytardi.
Hindiston o'zining «Sindur» deb nomlangan harbiy amaliyotini boshladi. Dehlining bayonotiga ko'ra, bu operatsiya Pokiston hududidagi terrorizm infratuzilmasi bilan bog'liq to'qqizta ob'ektga qaratildi.
Javob uzoq kuttirmadi: Islomobod Hindiston harbiy bazalariga zarba berganini va bir nechta Rafale qiruvchi uchoqlarini urib tushirganini ma'lum qildi. Bu holat ikki yadroviy davlat o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri harbiy to'qnashuv boshlanganini anglatadi.
Rasmiy sabab – 22 aprel' kuni Hindistonning Pahalgam shahrida sodir etilgan terrorchilik akti. Unda 26 nafar inson halok bo'lgan edi. Mazkur hujum uchun mas'uliyatni Kashmir separatistlari bilan bog'liq bir guruh o'z zimmasiga olgan.
Hindiston Pokistonni terrorizmni qo'llab-quvvatlayotganlikda aybladi. Pokiston esa bu ayblovlarni rad etib, xalqaro tergov o'tkazishni taklif qildi. Biroq ushbu taklif javobsiz qoldi.
Muzokaralar o'rnini raketalar, diplomatiya o'rnini ul'timatumlar egalladi.
«Sindur» amaliyoti – ramz va strategiya
Hind madaniyatida sindur – turmushga chiqqan ayollar sochi va peshonasiga surtiladigan qirmizi bo'yoq. Harbiy amaliyotning bunday nomlanishida qon ma'nosini anglash qiyin bo'lmasa kerak.
Hindiston zarbalar faqat terrorchilar lagerlariga qaratildi degan bayonot bilan chiqdi. Pokiston esa hujumlar tinch aholi yashayotgan hududlarga berilganini ta'kidlamoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, Muzaffarobod shahridagi masjidlar vayron qilingan, kamida sakkiz kishi halok bo'lgan, o'nlab odamlar jarohatlangan.
Hindiston tomoni amaliyot «o'lchovli va eskalatsiyaga olib bormaydigan» tusda o'tkazilganini aytgan bo'lsa, Islomobodda bu iddao keskin inkor qilindi.
«Javob vaqti, joyi va usuli – faqat bizning tanlovimiz bo'ladi», dedi general Ahmad Sharif Сhaudri.
Oradan bir necha soat o'tar-o'tmas, Pokiston javob zarbalarini berdi: bir qator hind harbiy ob'ektlari yo'q qilindi, bir necha uchoqlar urib tushirildi.
Himolay ustidagi yadroviy soya
Eng katta tahdid – raketalar emas, balki har ikki tomon yadroviy qurolga ega ekanida. Gap shundaki, Pokiston qurolli kuchlari hozir jiddiy o'q-dori yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Harbiy manbalarning ta'kidlashicha, mavjud zaxiralar faqat to'rt kunlik harbiy harakatlarga yetadi, xolos. Hindistonning ANI axborot agentligi xabariga ko'ra, vaziyatning bunday keskinlashuviga asosiy sabab so'nggi yillarda Pokistonning Ukrainaga yirik hajmda qurol-aslaha sotishidir.
«Pokiston armiyasida artilleriya o'q-dorilari borasida jiddiy tanqislik kuzatilmoqda. Bu esa ularning jangovar imkoniyatlarini keskin cheklamoqda. Sababi – mamlakat Ukraina bilan amalga oshirgan so'nggi qurolyarog' kelishuvlari. Ular Pokistonning harbiy omborlarini deyarli bo'shatib qo'ydi», deydi ANI nashri.
Demak, agar an'anaviy qurol-yarog' bilan urushish imkoni pasaysa va milliy suverenitetga jiddiy tahdid yuzaga kelsa, yadro urushi boshlanishi hech gap emas. AQSh, Rossiya, Xitoy va boshqa qudratli yadroviy davlatlar «o'zaro kafolatlangan yo'q qilish» (Mutually Assured Destruction – MAD) strategiyasiga tayanadi. Ushbu kontseptsiya yadroviy qurolga ega davlatlar o'rtasidagi muvozanat va so'nggi chegara sifatida shakllangan. Ammo Hindiston va Pokiston bu kontseptsiyadan uzoqroq. Ularda, ayniqsa, Pokistonda «chegaralangan, ammo hal qiluvchi» yadroviy zarba kontseptsiyasiga yaqin yondashuv mavjud. Agar an'anaviy urushda mag'lubiyat xavfi sezilsa, Pokiston birinchi bo'lib yadroviy zarba berishga qaror qilishi mumkin. Сhunki Hindiston rasman «birinchi bo'lib ishlatmaslik» (No First Use – NFU) doktrinasini qabul qilgan. Pokiston bu hujjatga qo'shilmagan.
Bu Islomobod o'zini tahdid ostida deb hisoblasa, birinchi bo'lib yadroviy zarba berish huquqini saqlab qolganini anglatadi.
Avval ham ta'kidlanganidek, yadroviy qurol zaxiralari bo'yicha ikki davlatning imkoniyatlari deyarli teng: ochiq manbalarga ko'ra, Hindistonda 180 ta, Pokistonda esa 170 ta yadroviy kallak mavjud.
Geosiyosat va proksi to'qnashuvlar
To'g'ridan-to'g'ri qarama-qarshilik ortida geosiyosiy gigantlar turibdi. Hind-Tinch okeani mintaqasida strategik hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilgan AQSh Hindistonni qo'llab-quvvatlamoqda. Xitoy esa Pokistonning an'anaviy ittifoqchisi. U «Xitoy – Pokiston iqtisodiy koridori»ga milliardlab dollar investitsiya kiritgan va Hindiston ekspansiyasining cheklanishidan manfaatdor. Urush esa resurslarni chalg'itishi, investitsiyalar yo'lini to'sishi va Vashingtonning Hindistonni «dunyoning yangi ishlab chiqarish markazi»ga aylantirish rejasini chippakka chiqarishi mumkin.
Eron hozircha strategik sukut saqlayapti. Turkiya esa Pokistonni qo'llab-quvvatlab, Hindiston harakatlarini qoralab chiqdi. Rossiya ehtiyotkor bayonotlari bilan Dehli va Islomobod o'rtasida muvozanat saqlashga intilmoqda.
Markaziy Osiyo:bilvosita tahdidlar
Markaziy Osiyo davlatlari to'qnashuv oqibatlaridan jabr ko'rishi mumkin bo'lgan hududlar sirasiga kiradi. O'zbekiston, Qozog'iston va Turkmaniston energiya mahsulotlarini yetkazib berishdagi uzilishlar, Eron, Pokiston va Afg'oniston orqali o'tuvchi marshrutlarning buzilishi, qochqinlar oqimining ortishi, urushayotgan qaysidir tomonning yonini olish uchun bosimlar kuchayishi kabi xavflar bilan yuzma-yuz qolishi mumkin. Bunday xatarlar barqarorlik, logistika va tranzit koridorlariga katta sarmoya kiritayotgan mintaqaning strategik rivojlanishiga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Bunday sharoitda Transkaspiy yo'li yoki Xitoyning «Bir kamar – bir yo'l» tashabbusi kabi yirik loyihalar tahdid ostida qolishi shubhasiz.
Aql qochganda...
«Dunyo Hindiston va Pokiston o'rtasidagi harbiy to'qnashuvga yo'l qo'ya olmaydi», dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Donal'd Tramp esa vaziyatni «har qanday millat uchun sharmandalik» deb atadi va tomonlarni «eskalatsiyani tezda to'xtatish»ga chaqirdi.
Ammo bugun so'zning o'zi yetarli emas. 2019 yilda ham bu ikki davlat MIG-21 uchog'i urib tushirilganda urush ostonasiga kelib qolgandi. O'shanda diplomatik yondashuvlar ustun kelgandi. Bugungi holat ham qariyb shunday, ammo tomonlar ancha dadil. Hindiston buyuk davlat maqomiga da'vogarlik qilyapti. Pokiston esa zaiflikni so'zsiz mag'lubiyat deb biladi. Ikki tomon ham o'z so'zlari asiriga aylangan: ichki bosim, tarixiy meros va populistik ritorika ularni burchakka taqab qo'ygan.
Kashmir o'zi qanday hudud?
Jammu va Kashmir mintaqasi O'zbekistonning deyarli yarmicha keladigan, taxminan 222 000 kvadrat kilometr maydonga ega makon bo'lib, Hindiston, Pokiston va Xitoy o'rtasida bo'linib ketgan. Hindiston hozir taxminan 55 foiz hududni nazorat qiladi. Bunga Kashmir vodiysi, Jammu va Ladakx mintaqalari kiradi. Pokiston esa 35 foiz atrofidagi yerlarni egallab turibdi. Bu Ozod Kashmir va Gilgit-Boltistonni o'z ichiga oladi. Qolgan 10 foiz hudud Xitoy nazoratida. Pokiston Aksaychin va transhimolay tumanlaridan iborat bu hududni 1963 yili Xitoyga bergan.
Kashmir strategik jihatdan Markaziy Osiyoga ochiladigan darvoza, gidrologik nuqtai nazardan Ind daryosi hamda butun mintaqadagi yirik suv manbalarining boshlanish nuqtasi, iqtisodiy jihatdan esa turizm, tog'-metall qazib chiqarish va logistika uchun ulkan salohiyatga ega hudud hisoblanadi. Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida 12-13 millionga yaqin aholi yashaydi, ularning aksariyati – musulmonlar. Pokiston nazoratidagi hududlarda esa 6 millionga yaqin aholi bor. Aynan shu demografik omil mintaqadagi keskinlik manbai hisoblanadi. Hindistondagi millatchi kuchlar musulmon Kashmirni «hali yechilmagan masala» sifatida qabul qiladi. Pokiston esa ushbu hududni «subkontinentdagi musulmon merosining ajralmas qismi» deb hisoblaydi.
Yadroviy urushning ehtimoliy oqibatlari
2019 yilda Kolorado va Rutgers universitetlari tomonidan tayyorlangan hamda Science Advances jurnalida chop etilgan tadqiqotlarga ko'ra, agar yadroviy zarbalar almashinuvida 100-150 ta kallak qo'llanilsa, mintaqada birinchi zarbadayoq 50 milliondan 125 milliongacha inson halok bo'ladi. Keyin esa global yadroviy qish boshlanadi. 16-36 million tonna atrofidagi kul atmosferaga ko'tariladi. Quyosh nuri 20-35 foizgacha to'sib qolinadi; dunyodagi o'rtacha harorat 3-5 gradusgacha pasayadi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish 10 yil ichida 10-40 foizga qisqaradi. Bu esa ocharchilik, migratsiya va ekologik halokat deganidir.
Afsuski, bugun – fashizm ustidan qozonilgan g'alabaning 80 yilligi arafasida ushbu oxirzamon manzarasi taxmin emas, tahdid sharpasiga aylanyapti. Uning ehtimoli shiddatli eskalatsiya, muloqotning yo'qligi va ichki siyosiy inqirozlar sharoitida yanada ortishi mumkin. Bu urush oqibatlari nafaqat Janubiy Osiyo, balki butun dunyoni qamrab oladi. Urushki, g'oliblarsiz, insoniyatning umumiy mag'lubiyatiga teng urush! Hindiston hamda Pokiston rasmiylari bunday stsenariyning yuz bermasligi uchun barcha diplomatik chora-tadbirlarni qo'llashi va urush alangasini so'ndirishga harakat qilishi ehtimoldan holi emas.
Jahongir NAHANOV
«ISHONCH»
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0