Hayot har doim ham bol tutmaydi
Ba'zi kunlar og'riqli, ba'zi kechalar uyqusiz kechadi. Surayyo ham yorug' kunlarga yetib kelguncha, boshini necha bor toshga urishiga to'g'ri keldi. Ko'p yiqilib, qayta oyoqqa turdi. Oilali inson bilan sha'riy nikoh asosida turmush qurib, qator muammolarga duch keldi. Turmush o'rtog'i oltmish yoshdan oshgach, u bilan aloqalarini uzib, avvalgi oilasi, farzandlari yoniga qaytdi. Qizini turmushga uzatdi. Shundan so'ng Surayyo yolg'iz qoldi. Ishsizlik, moddiy ehtiyoj, ruhiy bosimlar uni asta-sekin sindira boshlagandi.
“Ertaga qanday qilib pensiyaga chiqaman, keksayganimda kimdan mehr topaman?” degan savollar uni qiynab kelayotgan bir paytda dugonalari “Ayollar daftari” haqida aytib qolishdi. Bu unga hayoti og'ir kechayotgan, yordamga muhtoj ayollar uchun davlat tomonidan yaratilgan umid eshigi bo'lib tuyuldi. Mahalla fuqarolar yig'iniga bordi. U yerda ro'yxat shakllantirilayotgani, biroz muddat kutishi kerakligini aytishdi.
Javobdan qanoatlanmagan Surayyo boshqa najot eshigi izlay boshladi. Shunda 1211 raqamli “Ishonch telefoni” borligidan xabar topdi. Tezda qo'ng'iroq qildi. Ishsizligi, moddiy qiyinchiligi, mahallada rad javobi olganini aytib, “Ayollar daftari”ga kiritilishida yordam so'radi.
Murojaat mutasaddilarga yo'naltirildi. Gurlan tumani hokimligi masalani batafsil o'rganib chiqdi. Natijada u ishsiz ayol sifatida “Ayollar daftari” 6-bosqichi ro'yxatiga kiritildi. Moddiy ko'mak ham berildi. Hozir bandligini ta'minlash choralari ko'rilmoqda.
Turmushdagi qiyinchiliklar, ijtimoiy himoyasizlik, yolg'izlik sababli Surayyo Alimova kabi ruhiy tushkunlikda ezilayotgan ayollar oz emas. “Ayollar daftari” ularning hayotiga nur olib kirayotgani esa sir emas. 1211 raqamli “Ishonch telefoni” esa bunday imkoniyatlarni yanada kengaytirmoqda.
Biz ko'makka muhtoj boshqa ayollar ham shunday najot eshigi borligini bilishlarini istardik.
Muhabbat To'raboeva
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0