Endi to'ylar qanday o'tadi?
Keyingi vaqtlarda yurtimizda dabdabaga aylanib ketayotgan to'ylarni kamxarj qilib o'tkazish masalasi tez-tez o'rtaga tashlanib, qizg'in muhokama qilinmoqda. To'ylardagi isrofgarchilik, keraksiz hashamatlar, xatto kredit olib bo'lsa-da, baland dorga osilishlar haqida ko'p gapirildi. Hatto bu masala davlat darajasigacha ko'tarilib, tegishli qarorlar qabul qilindi. Belgilangan choralar to'ylarni biroz tartibga solayotgandek tuyulsa-da, baribir samarasi kutilganidek emas.
Bu illatlarga barham berish, to'y-ma'rakalarni ixcham qilib, ortiqcha xarajatlarsiz o'tkazish o'rniga, kundan-kunga yangi odatlar paydo bo'lmoqda. To'g'ri, to'ylar mavzusi eskirgan. Lekin aynan to'ylar sabab jamiyatda turli voqea-hodisalarning yangilanib borayotgani kishini mulohazaga chorlaydi.
To'y bo'lsin-a, zo'r bo'lsin (mi)?
Inson tug'ilibdiki, to'y orzusi bilan yashaydi. Eng yaxshi ne'matlarni to'y dasturxoniga qo'yamiz, eng chiroyli liboslarimizni ham shu kuni – to'yda kiyamiz. Xalqimizning tabiati qiziq-da, to'y qilaman, yemay, ichmay yig'inadi, terinadi. O'zini o'tga, suvga urib, misqollab topgan pulini bir kunlik to'yga sarf qiladi, yetmaganini qarz-havola qilib bo'yniga oladi. Shu tariqa biz yillar davomida yaxshi niyatlar bilan kutgan, beg'ubor orzu-niyatlarimiz ro'yobini ko'rishdek katta xursandchilikni o'zimiz uchun jiddiy tashvishga aylantiramiz.
Keling, boshidan boshlaymiz. Birgina nikoh to'yi bilan bog'liq “non sindirish”dan tortib “quda chaqiriq”qacha odamlarimiz o'ylab topgan “odatlar” bor. Nikoh to'yida non sindirilib, unashtiruv bo'lishi bilan “xarajat” taraddudlari boshlanadi. Ayollar to'yga keluvchilarning deyarli hammasiga sarpo-suruq tayyorlaydi, ayniqsa, quda tomonga 3-4 qimmatbaho mato, ro'mol va boshqa ustki kiyimlar, yana 20-30 ayolga ham matolar sovg'a qilinadi.
Bu to'yning boshlanish nuqtasi. Hali oldinda to'yga qo'shimcha marosimlar, yana xar xil sarpolar, o'nlab tog'oralar ham bor. To'ylardagi kortej-mashinalar “o'yini”, turnaqator bo'lib, shaharni aylanib chiqishini aytmaysizmi? Qiz uzatishning dahmazasi ham ko'p. Kelinning ota-onasi uy bezatish, qizining sarposi bilan bog'liq xarajatlari ortidan bir tomonda qudalar, bir tomonda kuyov-navkarlar uchun igna qo'yishga joy topolmaydigan darajada dasturxon yozishadi. Kuyov tomonni gapirmasa ham bo'ladi.
Nihoyat to'yga yetib keldik. “Qasir-qusur”, “bang-bung”, “gup-gup”larga to'la to'yxonaga kirishingiz bilan orzusi tushmagur chegara bilmasligiga yana bir bora amin bo'lasiz. Mahallada duv-duv gap bo'ladigan to'yda tumonat odam, nomdor san'atkorlar, el sevgan o'rtakashlar xizmatda. Davra to'rida qavatma-qavat tort, dasturxondagi noz-ne'matlar odamni shoshiradi, ichimliklarni aytmasa ham bo'ladi. Pufaklar uchishi, tutunlar tarqalishi, kim nima qilayotganini, qanday raqsga tushayotganini monitordan ko'rsatib turiladi. Bir payt katta ekranda kelin-kuyovlarning “love story”si hammaga qo'yib beriladi.
«Qilmasak bo'lmaydi, odamlar nima deydi?» degan qarash bilan to'y ham o'tdi, deylik. Shu bilan qaniydi xurmacha qiliqlar tugasa...
Endi oldinda “kelin salom”, “ota ko'rdi”, “kuyov oshi”, “kelin chaqirdi” singari marosimlar bor. To'y kuni kelolmaganlar uchun “qulluq bo'lsin” ham bor. Xullas, shunday. Bugun to'ylarimizda har birimiz ko'z ko'rib, quloq eshitmagan antiqa ishlarga guvoh bo'layapmiz. Mana shu mayda-chuydalar esa uncha-buncha oilaning qaddini bukib qo'yadi. Axir, bu kabi to'ylar orqasidan qarzga botib yurganlar qancha? Ko'z-ko'z qilish ortidan to'y qilish oqibatida yangi kelin-kuyovlar va ularning ota-onalari orasida gap chiqib buzilib ketayotganlar ham yo'q emas.
Shunisi ham borki, bunday dabdababozlik, manmanlik, to'qlikka sho'xlik qiluvchi odatlar qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydi. Ular xalqimizga xos bo'lgan ko'hna va boy madaniyatdan emas, aksincha, ayrim kimsalarga xos bo'lgan maqtanchoqlik, xo'jako'rsinlik, kibru havoda namoyon bo'lmoqda. Ular aksariyat hollarda pulning kuchini ko'rsatadigan marosimga aylanib ketyapti.
– Yaqinda bir tanishim to'yga taklif qildi, – deydi Uchtepa tumani “Qoryog'di” mahallasi faoli Alisher Gulyamov. – To'y boshida katta ekranda kelin-kuyov haqida lavha namoyish etildi. Nimamish, bu ularning tanishuv tarixi emish. Qo'l ushlashib bog'larda yurishibdi, tog'larda qo'ltiqlashib rasmlarga tushishgan. Rosti, hayratdan yoqa ushladim. Shuncha odam oldida bunday tasvirlarni namoyon etishdan amqsad nima ekan, deb o'ylab qoldim. Nikoh degan muqaddas rishta bog'lanmay turib, hammaning oldida qo'l ushlashib, qo'ltiqlashib, rasmlarga tushish qadriyatlarimizga to'g'ri keladimi? Aytishlaricha, shu bema'ni lavhani tayyorlash uchun ham 10-15 million pul ketarmish.
Buni orzu-havasga yoyish ham noto'g'ri, deb o'ylayman. Undan ko'ra, shu lavhaga ketadigan mablag'ni biror ehtiyojmandga bersa yaxshiku. Yoki isrof bo'layotgan noz-ne'matlar, bitta xonandaga berilgan pulga yetimlar boshini silashdek ezgu amal bormikin? Turnaqator bo'lib, shahar aylanayotgan hashamdor mashinalarga ketgan pulga ehtiyojmand oilalarga bozor-o'char qilib berishning savobi ulug' emasmi? Afsuski, bular haqida hech kim o'ylamaydi. Ishonasizmi, to'y davomida shu fikrlar xayolimda aylanaverdi.
Achinarlisi, bu vaziyatlar hammamizning ko'z oldimizda sodir bo'lmoqda. Shuni ko'ra-bila turib, nega bunchalik dabdadaga berilyapmiz? O'ylab qolasan kishi, nega to'ylarda xarajatlarni kamaytirish bo'yicha qabul qilinayotgan qarorlar kutilgan natijani bermayapti. Balki nazoratni, choralarni kuchaytirishimiz kerakdir.
Hujjat nega natija bermayapti?
Haqiqatan ham, to'ylarimizda isrofgarchilik, dabdababozlikka barham berish, ularni ixcham, zamonaviy ko'rinishda o'tkazish o'rniga, kundan-kunga yangi odatlar paydo bo'lmoqda. “Hammaning og'zi ochilib qolsin” qabilida ish tutishlari jamiyatimizni ma'naviy tanazzulga yetaklashini unutmaylik.
Oilaviy marosimlarni tartibga solish zarurligi haqida davlatimiz rahbari bir necha marotaba kuyunib gapirib, o'rni kelganda keskin fikrlar bildirgan edi. 2017 yil avgust' oyida ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda dabdabali to'ylarni “dard” deb atagan edi. Ko'p o'tmay, Olmaliq shahriga tashrifi vaqtida yana shu masalaga to'xtaldi. To'ylarni qonuniy yo'l bilan tartibga solish, unga rioya qilmaganlarni javobgarlikka tortish to'g'sidagi fikrlari aynan shu yerda yangradi. FHDYo bo'limlari binosida 150-200 kishilik to'y o'tkazish joylarini qurish va buni Olmaliq shahar tajribasi sifatida butun mamlakatda tatbiq etishni taklif etdi.
2020 yilda parlament to'ylar va boshqa oilaviy tantanalarga oid tartibni tasdiqladi. Biroq, ko'rsatilgan talablar amalda ko'pincha bajarilmadi va nazorat qilinmadi. To'ylarni ixchamlashtirish haqida mahallalarda, uchrashuvlarda, xonadonma-xonadon yurishlarda ko'p gap bo'lsa-da, sezilarli natija hali ko'ringanicha yo'q.
To'ylarni dabdabaga aylantirish, dasturxonga, sarpo va liboslarga hasham berish, kayf-safo, maishatga mukkasidan ketish kamayish o'rniga kuchaygandan kuchaymoqda.
Ochig'i, bunday to'ylar juda ko'pchilikning joniga tekkan bo'lsa-da, to'ylarni boshqacha tartibda o'tkazish uchun hech kimda iroda, qa'tiyat yetishmayapti.
Yana bir muhim qadam
Oyog'imizga kishandek yopishgan, bizni qo'yvorgisi kelmayotgan bu illatdan qutulish maqsadida ayni kunlarda yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Boisi, davlatimiz rahbari shu yil 21 aprelda korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha yangi farmonni imzoladi. Uning ilovasida keltirilishicha, joriy yilning avgust' oyigacha to'ylar, oilaviy tantanalar, ma'rakalar va marosimlar o'tkazilishini tartibga solish bo'yicha parlament palatalari kengashlarining qo'shma qarori qabul qilinishi ko'zda tutilgan.
Hujjatga ko'ra, isrofgarchilikka qarshi kurashish va yoshlarni tejamkorlikka o'rgatish choralari belgilanadi. Bundan tashqari, marosimlardagi bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan targ'ibot ishlari kuchaytiriladi. Shu maqsadda ijtimoiy roliklar tayyorlanadi. Qisqa metrajli fil'mlar, ijtimoiy reklamalar, ko'rsatuv va eshittirishlar, podkastlar, maqolalar vositasida bu kabi salbiy odatlarning zararini tushuntirish olib boriladi.
Amaldorlarning o'zlari namuna bo'lishlari kerak
To'y – bu xursandchilik, quvonchli onlar. Ammo uni qandaydir ko'z-ko'z qilinadigan shohona tadbirga aylantirishdan hech kimga hech qanday naf yo'q. Aslida bunday behuda udumlar qadriyatlarimiz, o'zbekchiligimiz, xatto dinimizga ham mutlaqo yot narsalardir. Har ishning mantig'i, har narsaning me'yori bo'lishi kerak.
Bugun oddiy odamlardan xafa bo'lamiz. Ammo ijtimoiy tarmoqlarni kuzatganimizda qaysidir amaldorning farzandlariga qiroldek marosim qilib berayotganiga ko'zimiz tushadi. Сhillaki chillakini ko'rib cho'mak oladi, deganlaridek, birini ko'rib, boshqasi “Men sendan kammanmi?”, deb undan-da hashamdor to'y qilishga urinadi. Shu orqali bu illat qon-qonimizga singib boraveradi.
Biz qachonki bir kunlik dabdabadan bir umrlik bilim olish muhimligini anglamas ekanmiz, bu ishlar davom etaveradi. Bugungi dunyoga boqsak, butunlay o'zgacha holatlarni ko'ramiz: qaysidir yurtda bolalar och, qaysidir mamlakatda odamlar to'yib ovqatlanmaydi. Suv tanqisligiyu, urushlar keltirayotgan iqtisodiy talofatlarni-ku aytmasa ham bo'ladi...
Aslida noz-ne'matlarni isrof qilish dinimizda qoralanadi. To'ylar ixchamlashsa, bunga chek qo'yiladi. Bunday qarorlar mana shu ishlar boshlanishiga, keyinchalik ko'payishi, albatta, yangicha to'ylar urfga kirishiga sabab bo'ladi. Bora-bora odamlarortiqcha dabdabalarsiz ixcham to'ylar qilishga odatlanadi.
Gulruxbegim Odashboeva
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0