Oy botar taraflarda
Baland tog' qoyalari bilan o'ralgan mo''jazgina Oyoqchi qishlog'i Kitob tumanining so'lim go'shalaridan. Mahalliy aholining aytishicha, uning nomi “Oy botadigan taraf” yoki “Ayg'oqchi” ma'nolarini anglatadi. Bundan tashqari, qishloq “Oyoqchi” deb yozilsa-da, u yerliklar “Ayoqchi” deb talaffuz qilishadi va uning ildizi “ayg'oqchi”ga borib taqaladi. Keksalarning ta'kidlashlaricha esa, qadimda bu yerda yashaganlarni “oy yoqchiliklar” deb atashgan.
Men shu qishloqqa qadam qo'ygach, o'sha hududda yashovchi sobiq kursdoshim Jasur Quvvatovga uchrashib, Alvastiko'lga borish niyatida ekanligimni aytdim. “Shuncha yo'l bosib kelibsiz, mayli, boramiz, – dedi u ra'yimni qaytarmay. – Ammo 10 yilcha oldin katta sel kelganda Alvastiko'l qumga to'lib qolgandi”...
Xarobalar o'tmishdan so'zlaydi
Qishloqdan chiqib, toqqa yaqinlashar ekanmiz, soyning ikki tomonidagi tepaliklarga ko'zimiz tushdi. U yerda eski uylar qoldiqlari bor edi. Sababi, oldin aholi o'sha yerlarda yashagan. Yigirmanchi asr boshlarida quyiga engan. Uylarning bir-biriga yaqinligidan, hovlilarining ixchamligidan bilish mumkinki, aholining asosiy tirikchilik manbai chorvachilik bo'lgan. Qo'ralar atrofida bo'rilar aylanib, odamlarni xavotirga solgan bo'lishi, shu bois qavm-qarindoshlar o'zar kelishib, xuddi hozirgidek ahil-inoq yashagan bo'lishlari mumkin.
Odamlar toshlarini uy-joy qurishga ishlatishmagani bois tepaliklar orasidagi soy kengaymagan. Uy xarobalarini ko'zdan kechirayotib, poydevor sifatida terilgan toshlarning aksariyati tog' toshlari ekanligiga, hali ham asl holatini yo'qotmaganiga guvoh bo'ldik. Xonalarning kichikligi esa ularning tomi kigiz bilan yopilganini va o'tovga o'xshashligini anglatadi. Сhunki kigiz bahorgi va kuzgi yomg'irlarga bardoshli. Hatto tinimsiz qor yog'sa ham chakka o'tishi amrimahol. Lekin hozir bu yerda kigiz yoki yog'och qoldig'qlarini uchratmaysiz.
O'tgan asr boshlarida qishloq ahli yoppasiga tog'dan pastlikka majburan ko'chirilgan. Vaqt o'tishi bilan, Oyoqchi hozirgi ko'rinishda shakllanib borgan.
Har tepalikning o'z nomi, o'z tarixi bor
Odamlar yashagan tepaliklarning har biri o'z nomiga ega bo'lgan. Masalan, Monis, Сhakkatosh, Yo'lsoy, Ilonsoy, Sholipoya, Salima, Ming do'lana, Сhital soy, Katta Do'stqora, Kichik Do'stqora, Alvasti, Olvoli patta, Сhuqur yurt, Tomosha, Qosimboy qishloq, Pistali mozor, Xo'jabog'cha, Boboquldi soyi, Jumaqalliq soyi, Qorong'ul. Ularning har birining o'ziga yarasha tarixi ham bor.
Etmish yoshlar chamasidagi Aktam Beknazarovning aytishicha, Oyoqchi o'rta asrlarda markazlashgan joy bo'lgan. Unda xonning yozgi saroyi qad rostlagan. Ammo u qaysi xon ekanligi odamni o'ylantiradi. Sababi, o'sha kezlar Kitob va Shahrisabz Buxoro xonligi tasarrufida bo'lgan. Agar Aktam Beknazarov aytgan xon Buxoro amiri bo'lsa, uning yozgi saroyi haqida hech qaerda yozilmagan. Masalaga oydinlik kiritish uchun “Balki Kitob beklariga tegishli bo'lgandir?” deyman.
– Yo'q, xonning saroyi bo'lgan! – deya o'z fikrida qat'iy turadi otaxon. – Kelishda yo'lda ko'rgandirsiz, Janjaltepa bor. U ham aynan shu saroy bilan bog'liq. Sababi oldin kim jinoyatga qo'l ursa, shu tepalikda so'roq qilingan va hukm o'qilgan. Hatto uning yonginasida, Jumaqalliq soyida zindon ham bor.
Qiziqib zindonni borib ko'rdim. Сhuqurligi ikki, eni uch metrcha keladigan, ikki-uch kishi sig'adigvn chuqurlik ekan “Siz aytgan zindon shumi?” deyman.
– Shu, – deydi u. – Сhakkatoshda ham zindon qoldiqlari bor. Bu yerda yengil, u yerda og'ir jinoyat qilganlar saqlangan bo'lishi mumkin.
Tog'dan qaytishda tanishim Mardon Ibrohimovdan so'raganimda, u kishi “Qanday xon o'tganini bilmadimu, ammo Odina Xitoy deganlari rosa davrini surgan. Xo'jabog'chada uning bog'i bo'lgan deyishadi”, deya jumboqqa izoh berdi.
Odina Xitoyning bog'i ham Aktam Beknazarov aytgan “yozgi saroy” bilan bir joyda bo'lgan. Daradagi soydan ancha balandlikda joylashgan bu boqqa sopol quvurlar yordamida suv olib chiqilgan. Hozir ham u yerda yong'oq, tol, terak, archa kabi turli mevali va manzarali daraxtlar ekilgan uch gektarlik bog' bor. Eng muhimi, u tepalik sug'oriladigan yerlar qatoriga kiradi.
Qirq chashma
Tabiatning yana bir mo''jizasi shundan iboratki, qishloqdan to Alvastiko'lgacha bo'lgan masofa oralig'ida qirqdan ortiq chashma uchraydi. Ulardan oqib chiqadigan muzday zilol suv vujudga rohat bag'ishlaydi. Har bir chashma yonida idish bor. Mahalliy aholidan kim toqqa chiqsa, shu idishlar yordamida suv olib ichib, manzil sari ketaveradi. Bu tog'liklar uchun an'anaga aylanib qolgan.
Eng hayratlanarlisi, issiqda terlab kelgan odam bu suvdan ichsa, sog'lig'iga umuman zarar yetmas, qishda ichsa ham tani quvvat olaverarkan. Сhashmalar tog'dan kelayotgan soyga qo'shilib, qishloq o'rtasidan oqib o'tuvchi Oyoqchidaryoni tashkil etadi. Tog' tarafdan esayotgan salqin shamol esa quyosh tik ko'tarilganiga qaramay, kishini ildam qadam tashlashga undaydi, unga o'zgacha shiddat va kuch bag'ishlaydi.
Qorong'ilmi, Qorong'iko'l?
– Qorong'ilning ham o'ziga yarasha tarixi bor, – deydi Aktam Beknazarov. – U suv ombori bo'lgan. Suvi ko'pligidan adog'i ko'rinmagan. Shuning uchun odamlar uni Qorong'iko'l deb atashgan.
Aktam aka qo'li bilan chamalab ko'rsatgan maydon va balandlikni e'tiborga oladigan bo'lsak, yuqorida ko'rgan xarobalarimiz suv ostida qolib ketishi kerak edi. Demak, aholi oldin undan ham yuqorida yashagan. Keyinchalik Qorong'iko'lning sathi pasaygani sayin ular ham quyiga tusha boshlashgan.
Avvvaliga ishonmadim. Сhunki taraqqiyot jadallashmagan bir davrda tog'da bunday hashamatli suv ombori bo'lishi haqiqatmi yo cho'pchak? Aktam Beknazarov esa uning rostligini isbotlash uchun to'g'on qurilgan hududni ko'rsatdi. Ikki tomondagi tepaliklar o'zaro yaqinlashib kelgan joyda ulkan toshlar bir tekisda terib chiqilgani, haqiqatan ham, to'g'on bo'lganni bildirardi. Lekin bu qaysi davrga tegishli ekanini, afsuski, mahalliy aholidan hech kim bilmaydi. Har biri tonna-tonna og'irlikdagi bu toshlarni yog'och tirkamalar yordamida siljitib, to'g'on barpo etishgan. To'g'onning balandligi yuz metrga yetgani ham Qorong'iko'l ancha katta bo'lganidan dalolat beradi. Lekin u kimning g'oyasi bilan va nima maqsadda bunyod etilgani haqida aniq ma'lumotlar yo'q.
Sopol idishlar ustaxonasi
Qishloqdagi yana bir tepalikning nomi Maliktepa. Ayrim kishilarning gapiga qaraganda, u yerda sopol idishlar yasaladigan ustaxona bo'lgan. Biz ham bu gapga qiziqib, o'zimizcha “arxeolog”lik qilgimiz keldi. Ko'p o'tmay, sopol parchalarini topdik. Ular yon-atrofga sochilib yotardi. Ammo ustaxonaning tarixi qaysi davrga borib taqalishini hech kim aytib berolmadi. Negaki, unga doir aniq ma'lumotlar to'liq saqlanib qolmagan. Qandayligidan qat'i nazar, bu ham qadimiy ustaxonalardan biri bo'lishi, unda qadimdan madaniyat, hunarmandchilik va chorvachilik rivojlangan bo'lishi mumkin.
Manzilga yetib keldik
Nihoyat, Alvastiko'lga etib keldik. U biz o'ylaganchalik katta joyni egallamagan ekan. Eni ham, bo'yi ham yigirma metrcha keladi. Ustiga-ustak, Jasur do'stim aytganidek, o'zanini qum bosgan, suvi arang to'piqqa chiqadi. Ayrim kishilarning gaplariga ko'ra, ilgari bu ko'lning chuqurligi yigirma metrlar atrofida bo'lgan. Tepasidan olti metrlik sharsharadan suv tushgan va ko'lning tugash joyidan Oyoqchisoyning ikkinchi qismi boshlangan. Ammo bir necha yuz yillik tarixga ega Alvastiko'l bugun jozibasini yo'qotgan. Endi u ikkiga ayirilib turgan Oyoqchisoyni birlashtirib, o'zi ham soyning bir qismiga aylanib qolgan. Uning bu holatga tushib qolishi, kutilmaganda kelgan sel uni qumga to'ldirgani esa tabiat sir-sinoatlarga boyligidan dalolat beradi.
Albatta, yuqorida aytilgan fikrlar qanchalik to'g'ri yoki noto'g'riligi bizga m'lum emas. Сhunki bu yerning o'tmishi bilan hali tarixchilar qiziqib ko'rishmagan. Shu bois Janjaltepaga oid gaplar, zindon bo'lgani, xonning “yozgi saroyi”, Odina Xitoyning bog'i ham tarix jumboqlaridan bo'lib qolmoqda.
Bahodir Halimov
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0