Ozarbayjon Bulbuli haqida Muxtor Ashrafiy xotiralari
Bulbul (1897-1961) ijodi Ozarbayjon musiqa san'ati taraqqiyoti tarixida butun bir davrdir. U vokalda inqilob qildi, o'z ona xalqi san'atida yangi yo'l ochdi. Ozarbayjon vokal san'atini o'zining sof milliy doirasidan chiqarib, yangi dunyoga olib chiqdi.
U xalq qo'shiqchisidan vokal san'atining yetuk ustasigacha bo'lgan uzoq ijodiy yo'lni bosib o'tdi. Bulbulning rafiqasi Adelaida Mamedova shunday deydi: "Men Bulbulning sobiq SSSRning barcha respublikalaridagi gastrollari, spektakl va kontsertlarida hamrohlik qilganman. Qaerga bormasin, tomoshabinlar uni cheksiz mehr-muhabbat bilan iliq kutib olishardi. Men uning birorta kontsertini eslay olmaymanki, zal to'lmay qolgan bo'lsa. Kontsert yoki spektakl' bo'lishidan oldin afishalar osib qo'yilgach, chiptalar yashin tezligida sotilib ketardi”.
Bulbul gastrollarga ko'p chiqqan. U vatani Ozarbayjondan tashqari, ayniqsa, Moskva, Kiev, Toshkent va Tbilisida kuylashni yaxshi ko'rardi. A. Mamedovaning eslashicha, Bulbulning oilasi har yili Toshkent va Tbilisiga sayohat qilgan va u yerdagi dasturlar uzoq davomli bo'lgan. O'zbekiston misolida aytadigan bo'lsak, Ozarbayjon musiqasi o'zbek tinglovchisiga ma'naviy jihatdan yaqin bo'lgani uchun O'zbekiston madaniyatida hamisha muhim o'rin tutib kelgan.
Atoqli o'zbek bastakori, SSSR xalq artisti, o'zbek musiqa san'atining asoschilaridan biri Muxtor Ashrafiy (1912-1975) Bulbul ovozining benazir go'zalligini, vokal mahorati, qo'shiqchilik ta'sirchanligini alohida ta'kidlagan. Ashrafiyning yozishicha, atoqli xonanda Bulbul butun san'atini xalqqa bergan va shu tariqa umumjahon e'tirofiga sazovor bo'lgan.
– «Oliy martabali Bulbulning Toshkentga qilgan har bir tashrifi shahar madaniy hayotida katta voqea bo'ldi. Bulbulning bizning ijodimiz bilan yaqin hamkorlik qilishi o'zbek musiqa madaniyati rivojiga ham turtki bo'ldi”. Navoiy nomidagi opera teatri jamoasi Bulbul bu yerga tez-tez kelib turishi uchun "Ko'ro'g'li" operasini sahnalashtirdi. Uning Ko'ro'g'li rolini ijro etgan har bir spektakl' katta bayramga aylanib ketdi. Uning kontsertlari hamisha tomoshabinlar bilan to'lib, katta muvaffaqiyatga erishdi", – deb eslaydi Muxtor Ashrafiy Bulbul haqida.
Bulbulning O'zbekiston kolxozlarida o'tkazgan unutilmas chiqishlari ham ko'pchilikning yodida. Xonanda sahnaga chiqqanidanoq ijrodagi soddaligi, har qanday asar mazmuniga chuqur kirib borishi bilan tinglovchilarni o'ziga rom etgan.
– Bulbulning Toshkent konservatoriyasi talabalari bilan naqadar samimiy uchrashuv o'tkazgani, o'zining boy ijodiy tajribasini yoshlar bilan otalarcha baham ko'rgani, atrofdagilarni o'z bilimi bilan boyitganini eslayman. Biz, O'zbekiston madaniyat arboblari Bulbulda o'z kuch-qudrati namunasini ko'rsatayotgan, fidoyi, san'atga chinakam bog'langan san'atkor insonni ko'ramiz, – deb yozadi Ashrafiy. Ashrafiy Bulbulning nafaqat Ozarbayjon, balki butun Markaziy Osiyo respublikalari musiqa va teatr madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shganini e'tirof etadi.
– “Ozarbayjon opera va balet teatri mavjud bo'lgan yillar davomida undan ajoyib ijrochilar yetishib chiqdi. “Qo'shiqchi Bulbul Mamedov ajoyib mahorati bilan butun mamlakat bo'ylab shuhrat qozondi”, — deydi Ashrafiy Ozarbayjon musiqali teatri SSSRdagi eng yaxshi teatrlardan biriga aylanganini ta'kidlar ekan.
Zebo Namozova,
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0