"Sen kuchlisan" loyihasi doirasida bolajonlarning sunnat to'yi nishonlandi
14 avgust kuni Toshkent shahrida oqqon xastaligiga chalingan va imkoniyati cheklangan bolalarning sunnat to'ylari va bolalar uchun kimoshdi savdosi bo'lib o'tdi. Bu tadbir "Sen kuchlisan" loyihasi tashabbuskorlari va homiylar, ko'ngillilar ko'magida uyushtirildi.
Fayzli to'yda 10 nafar bolajonlarning sunnat to'yi, 10 nafar qizaloqlarning motivatsion tadbiri o'tkazildi. Ularga homiylar tomonidan taqdim etilgan sovg'alar ulashildi. Tadbirda mashhur san'atkorlar, jurnalistlar va boshqa taniqli shaxslar ishtirok etdi.
Jurnalist Aziza Qurbonova yozadi:
"Sen kuchlisan" jamoasining xayrli tashabbuslari bilan bugun to'yda qatnashdik. Bu to'y —oqqon, saratonga chalingan bolalarniki. Bu bolalarning palatalar, kapel'nitsalarga bog'langan kunlariga, ko'ngillariga bayram olib kirishgani uchun ehson sohiblari, ko'ngillilar jamoasiga katta rahmat.
Bolalarga davolanish imkoniyati, ota-onasiga ko'mak berish uchun auktsionda qatnashganlarning ko'pchiligi bolalar chizgan suratni sotib olishdi. Bu yerdagi ko'p bolalarning ota-onalari bor-budini davolashga sarflashgan, farzandlariga to'y, orzu-havas qilisholmagan, ko'ngilga sig'magan. Lekin bola-bola-da. Bayram yarashadi, ularga".
"Bu xayriya tadbiri nafaqat bolajonlar, balki butun jamiyat uchun ahamiyatli loyiha bo'ldi. To'yda o'ziga xos auktsion ham o'tkazilib, bolajonlar chizgan ajoyib suratlar sotildi", deya fikrini izhor etadi bloger Shahnoza Soatova.
Tadbirda dardni yengib o'tayotgan iqtidorli bolajonlar suratlari taqdim etildi, ko'rgazma qilindi, auktsion o'tkazildi. Auktsionda jami 20 million so'mdan oshiqqa baholangan suratlar sotildi, shuningdek, homiylar tomonidan 50 million so'm pul to'plandi. Ushbu mablag' xasta bolalar uchun zarur dori-darmonlar va zarur xarajatlar uchun sarflandi.
O'ylaymizki, bunday xayrli tadbirlar kasallik bilan kurashayotgan jajji bolajonlarga kuch-quvvat bag'ishlaydi, ularning ko'nglini tog'day ko'tarib, sog'ayishlariga hissa qo'shadi.
ishonch.uz
Maqolaga baho bering
0/50
0
0
0
0